KITOB O‘QISHNI SEVMAGANIMDA...
BU DARAJAGA YETMAGAN BO‘LARDIM
Sahifamiz mehmoni – yurtimizning ko‘zga ko‘ringan taniqli navoiyshunos va manbashunos olimi, Chingiz Aytmatov nomidagi xalqaro mukofot sohibi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, O‘zbekiston Respublikasining adabiyot sohasida I darajali Davlat mukofoti laureati, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti rektori, akademik Shuhrat Sirojiddinov.
– Har bir insonning hayot yo‘lida erishgan yutuqlari, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlari sari intilishida kimningdir tarbiyasi, ilhombaxsh so‘zlari, yo‘l-yo‘riqlari va qo‘llab-quvvatlashi muhim o‘rin tutadi. Inson ko‘pincha ana shunday ta’sirlar orqali o‘z yo‘lini topadi, orzu qiladi, izlanadi va maqsad sari intiladi. Mening hayotimda adabiyotni sevishimga, ilm yo‘liga kirishimga sababchi bo‘lgan inson, eng avvalo, otam Samariddin Sirojiddinovdir. Otam bir paytlar O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyati bo‘limiga raislik qilgan, jurnalistika sohasida ham ko‘p yillar faoliyat yuritgan inson edilar.
Otam dastlab maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. Keyinchalik matbuotga bo‘lgan qiziqishi va iste’dodi tufayli Samarqand viloyatining o‘sha paytdagi «Lenin yo‘li» gazetasiga ishga taklif qilishgan (Bugungi kunda bu nashr «Zarafshon» nomi bilan faoliyat yuritadi). Shundan keyin oilamiz bilan Samarqand shahriga ko‘chib borganmiz. Men o‘shanda endigina bir yoshda edim. Otam adabiyotni juda chuqur biladigan, unga mehr qo‘ygan inson edi. She’rlar, g‘azallar yozar, ijod bilan shug‘ullanardi. Bobolarimiz ham katta madrasa ko‘rgan, ilm-ma’rifatli insonlar bo‘lishgan. Otam yoshligidan ularning tarbiyasini olgan, eski o‘zbek yozuvini, qo‘lyozmalarni hamda mumtoz adabiyotimiz namoyandalarining asarlarini asl nusxasida o‘qish mahoratini egallagan edilar. Shunday muhitda ulg‘ayganim uchun adabiyotga mehrim ham, ilmga qiziqishim ham, avvalo, oilamizdagi shu ma’naviy muhitdan boshlangan, desam, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Samarqandga ko‘chib kelganimizdan keyin otam jurnalistik faoliyatlarini davom ettirdilar va shu gazetada mas’ul kotib bo‘lib ishladilar. Ishlari nihoyatda ko‘p bo‘lishiga qaramay, adabiyot va ilmga bo‘lgan qiziqishlari ularni doimo izlanishga undardi. Otam Samarqand davlat universitetining Adabiyot tarixi kafedrasida faoliyat yuritgan, o‘zbek adabiyotshunosligi rivojiga katta hissa qo‘shgan taniqli olimlar bilan doimo hamsuhbat bo‘lib kelganlar. Akademik Vohid Abdulla, Botirxon Valixo‘jayev, Rahmonqul Orzibekov kabi olimlar bilan kechgan suhbatlar, ilmiy bahslar va mutolaalar otamning ma’naviy dunyosini yanada boyitgan. Menimcha, insonning dunyoqarashi va hayotga munosabati shakllanishida ana shunday muhitning ta’siri beqiyos. Men ham bolaligimdan otamning kitobga, ilmga va adabiyotga bo‘lgan munosabatini ko‘rib ulg‘ayganman. Otamning atrofida doimo yoshlar o‘rmalashib yurardi. Men ham bo‘sh vaqtlarimda ularning suhbatlarida o‘tirardim. Keyinchalik Yozuvchilar uyushmasiga ishga o‘tdilar. Bu u kishining azaliy orzusi edi: jurnalistikadan ketib, bevosita ijodiy muhitga aralashish. Toshkentdan keladigan taniqli shoir va yozuvchilar bilan muloqot qilar, ular bilan hamkorlik olib borardilar. Kim Samarqandga kelsa, avval biznikiga «qo‘nib» o‘tadigan bo‘ldi.
Otamning Mahmud Sa’diy degan juda taniqli tarixchi, yetuk publitsist va muharrir do‘sti bor edi. O‘zi biz tomonlardan – Samarqanddan edi. Toshkentda yashardi. Samarqanga kelganda ko‘pincha biznikida yotib qolardi. Rosa adabiy jarayon ustida bahs qilishardi. Xudoyberdi To‘xtaboyevning biznikida bir necha kun yotib qolganlari ham esimda. U kishi otamning «Namoz kim edi?» maqolasi asosida «Qasoskorning oltin boshi» asarini yaratgan.
Ayniqsa, 1970-yillarda adabiyotning ustunlari hisoblangan Komil Yashin, Uyg‘un kabi ijodkorlar Samarqandga kelishsa, albatta, dadam bilan birga turli tadbirlarda ishtirok etishardi.
O‘ylaymanki, dadam yoshligimdan menda adabiyotga qandaydir qiziqish borligini sezganlar, negaki, tadbirlarda meni ham o‘zlari bilan birga olib yurardilar.
Uyimizda mo‘jazgina kutubxona bor edi. Jahon adabiyoti namunalaridan tortib, boshqa kitoblar deysizmi, hammasi topilardi. Uyimizdagi kitoblarning deyarli hammasini o‘qib chiqqanman. Ana shu xonaga ba’zan yozuvchi va shoirlar yig‘ilib, tonggacha suhbatlashib chiqishardi. Men esa tinmay choy tashir, bir chekkada o‘tirib, ularning suhbatlarini tinglardim.
Uyimizda Abdulla Oripov (u paytlarda hali yosh yigit, do‘ppi kiyib yurardi), bolalar shoiri Quddus Muhammadiy kabi juda ko‘p taniqli ijodkorlar mehmon bo‘lishgan. Ular bilan o‘zim bevosita suhbatlashganman. O‘sha davrdagi yosh iqtidorli shoirlardan Ma’ruf Jalil, Otayor, Azim Suyun kabilar dadamni o‘zlariga ustoz sanashardi. Abduvali Qutbiddin esa dadamning eng yaxshi ko‘rgan shogirdlaridan biri bo‘lgan. Men ana shunday muhitda o‘sganman.
Kitob o‘qishni juda sevardim. Hatto dasturxonga ham kitobimni olib kelib, ovqatlanayotib o‘qib o‘tirardim. Ayam urishardilar:
– Ko‘zingni asramaysanmi? Kamroq o‘qib, bolalar bilan futbol ham o‘ynab tur-da!
Men esa futbolga qiziqmasdim, ko‘chaga chiqmasdim. Biz besh o‘g‘il edik. Qolganlarining hammasi futbol o‘ynardi.
Men uchun kitobdan ko‘ra sevimli mashg‘ulot yo‘q edi.
5–6-sinflarda shuncha kitob o‘qib, ulardan juda ko‘p narsalarni yodlab olganimdan keyin menda ham yozishga ehtiyoj paydo bo‘la boshladi. Jurnalist bo‘lish orzusi tug‘ildi. Maqolalar yozishni mashq qilib ko‘rdim. So‘ng, shoir bo‘lgim keldi. O‘zimcha she’rlar yozdim. Qizig‘i shundaki, kitob olami meni qiziquvchan qilib qo‘ygandi. Ba’zan kosmonavt bo‘lgim kelardi, artistlar haqida o‘qib qolsam, artist bo‘lgim kelardi. Hatto militsiya xodimi bo‘laman, deb ham yurganman. O‘sha paytlarda militsiya kiyimlari tushlarimga ham kirib chiqardi. Mana shunday rang-barang, juda qiziq bir olamda yashaganman. Bunday qiziqishlarimni, albatta, uydagilar ham bilishardi.
7–8-sinfga borganimda esa dadam men bilan jiddiyroq gaplasha boshladilar. Ayniqsa, 8–9-sinflarda, keyinroq 9–10-sinflarda kelajak orzularim haqida men bilan katta odamlarday suhbatlashardilar.
Bir kuni dadam:
– Sen kim bo‘lmoqchisan? – deb so‘rab qoldilar.
«Shoir bo‘laman», desam, birorta ham she’rim chiqmagan. Jurnalist bo‘laman, desam, shuncha narsa yozaman-u, birortasi ham chop etilmagan. Nima deyishni bilmadim. Dadam olimlik fazilatlari haqida gapirdilar. Otamning fikricha, odam olim bo‘lsa, shoirlik yoki jurnalistlikni ham birga olib borishi mumkin, ammo jurnalist yoki shoir bo‘lgan odamning, albatta, olim bo‘lishi shart emas. Shuning uchun mening asosiy yo‘lim ilm bo‘lishi kerakligini uqtirdilar.
Dadamning 1980-yillar boshlarida aytgan yana bir gapi hamon esimda. U kishi o‘zbek adabiyoti tarixining hali yuzdan bir qismi ham o‘rganilmaganini aytardilar. Keyinchalik bu fikrning naqadar to‘g‘ri ekanini angladim. O‘sha paytda biz bilgan narsalarning ko‘pi yuzaki edi. Hali qancha-qancha qo‘lyozmalar o‘rganilmay yotardi.
Dadam o‘sha davr sharoitini ham yaxshi bilardilar. Sovet davrining senzura va boshqa cheklovlari bor edi. Shu sababli ko‘p narsalar ochiq aytilmasdi. Lekin masalaning yana bir muhim tomoni – qo‘lyozmalarni o‘qiydigan, eski o‘zbek yozuvini biladigan mutaxassislar juda kam edi. Uyimizda ham bir sandiq qo‘lyozma turardi. Dadam meni aynan shu qo‘lyozmalarni o‘rganishga undardilar. Haqiqiy olim bo‘laman, desam, avvalo, qo‘lyozmalar bilan ishlashim kerakligini uqtirdilar. Shundan keyin men olim bo‘lishga qat’iy qaror qildim. Dadam menga eski o‘zbek yozuvini o‘rgata boshladilar. 9-sinfda o‘qib yurgan paytlarim yoniga o‘tirg‘izib arabcha harflarni o‘rgatardilar. Shu tariqa men asta-sekin eski yozuvni o‘zlashtira boshladim.
1978-yilda, hali 10-sinfda o‘qib yurgan paytlarimdayoq qayerga o‘qishga kirishim haqida o‘ylay boshlagan edim. Eng yaxshi joyga kirishim kerak, deb o‘ylardim. O‘sha paytlarda O‘zbekistonda, ayniqsa, sharqshunoslik yo‘nalishiga o‘qishga kirish juda qiyin edi. Men esa bundan ham kattaroq maqsadni ko‘zlagandim. Sankt-Peterburg davlat universitetining sharqshunoslik fakultetiga kirishni niyat qilgandim. Chunki u yerda dunyoga mashhur, yirik sharqshunos olimlar faoliyat yuritardi, katta ilmiy maktab bor edi. Maktabni Oltin medal bilan bitirganman, rus tilini ham yaxshi bilardim. Shaharda yashaganimiz uchun rus tilida bemalol gaplashardim. Bundan tashqari, kutubxonada ko‘p ruscha kitoblar o‘qirdim. O‘sha davrda ilmiy adabiyotlarning aksariyati rus tilida edi. Shuning uchun Sankt-Peterburgga borib, imtihon topshirishga qat’iy bel bog‘ladim.
Dadam ham niyatimni bilib, o‘zlari ham ta’til olib, men bilan birga ketdilar. Iyul oyining boshlarida yo‘lga chiqdik. O‘sha paytlarda hujjat qabul qilish 20-iyulda tugardi, imtihonlar esa 1-avgustdan boshlanardi. Qabulning oxirgi kuni Sankt-Peterburgga yetib keldik. To‘g‘ri sharqshunoslik fakultetiga bordik. Bino esa yopiq, hech kim yo‘q. Qabul komissiyasi ishlayotgan bo‘lishi kerak, deb o‘ylagandik. Ichkariga kirib, qabul tugaganini bildik. O‘sha yili Moskvada Olimpiada o‘tkazilayotgani uchun qabul jarayoni bir oy oldin yakunlangan ekan.
Dadam vaziyatni tushuntirishga, biror rahbar yoki dekan bilan uchrashishga harakat qildilar. Bizning shuncha uzoq joydan kelganimizni, maktabni Oltin medal bilan bitirganimni aytib, hech bo‘lmasa, bitta imtihonni o‘sha yerning o‘zida topshirish imkonini berishlarini so‘radilar. Ammo dekan ham ta’tilga chiqib ketgan ekan. Shunday qilib, masalani hal qila olmadik. Hafsalamiz pir bo‘lib, ortga qaytdik. Keyin Toshkent davlat universitetining sharqshunoslik fakultetiga hujjat topshirdim va o‘qishni shu yerda boshladim. Shu bilan hayotimdagi birinchi bosqich tugadi.
Sharqshunoslik fakultetining eron-fors tili bo‘limiga kirdim. O‘sha davrda bu fakultetda juda katta olimlar faoliyat yuritardi. Jumladan, Shoislom Shomuhammedov ham shu yerda ishlardi. U kishi bir paytlar fakultet dekani bo‘lgan, keyinchalik ilmiy ishlar bo‘yicha prorektor lavozimida faoliyat yuritgan. Dars ham berardi. Ustozni 3-kursda kurs ishimga rahbar qilib o‘zim tanladim. U kishi ham bunga rozi bo‘ldilar. Men o‘sha paytdanoq nima ustida ishlashimni tasavvur qilardim. Rejamni aytib berganimda, ustoz ma’qulladilar. O‘sha paytda u kishi aruz masalalariga ham alohida e’tibor berardi. Keyinchalik prorektor bo‘lganlaridan so‘ng ishlari ko‘payib ketdi. Shuning uchun har doim ham o‘zlari dars yoki maslahat uchun kira olmas, ba’zan assistentlari orqali ish olib borardi. Kurs ishimni yozib, u kishiga olib bordim. Ishni ko‘rib, ma’qullab, imzo qo‘yib berdilar. Ammo keyinchalik tushundimki, o‘sha paytning o‘zidayoq meni ko‘z ostilariga olib qo‘ygan ekanlar. Beshinchi kursni bitirayotganimda rahbarlar taqsimoti bo‘ldi. Ro‘yxatga qarasam, mening familiyam qarshisida ilmiy rahbar sifatida Shoislom Shomuhammedovning nomi turibdi. Demak, u kishining o‘zlari meni shogird sifatida tanlagan ekanlar.
Shundan keyin borib, u kishi bilan uchrashdim. Kurs ishim yoqqanini, endi shu mavzuni kengaytirib, jiddiyroq ilmiy ish qilish mumkinligini aytdilar. Men uchun bunday ustozning rahnamoligida ishlash katta imkoniyat edi. O‘zimning ham o‘sha paytdanoq tayyor rejam bor edi. Qo‘lyozmalar, o‘rganilmagan manbalar va qilinishi kerak bo‘lgan ishlar haqida o‘z fikrlarimni aytdim. U kishi ma’qullab, ishni boshlashga rozilik berdilar. Shu tariqa men uchun ilmiy faoliyatning yangi bosqichi boshlandi. Albatta, bunda dadamning xizmati juda katta edi. U kishining bolaligimdan singdirgan kitobga, qo‘lyozmaga va ilmga bo‘lgan muhabbati meni oxir-oqibat shu yo‘lga boshlagan edi.
Mening olim bo‘lish yo‘lidagi tayyorgarlik davrim shunday o‘tgan. Kitob bo‘lmaganda, kitob o‘qishni sevmaganimda, bu darajaga yetmagan bo‘lardim...
Aziz ABDUMALIK suhbatlashdi.
«Tong yulduzi» gazetasining 2026-yil 40-sonidan



