Kasb-u korim adolat bo‘ldi

Sohibqiron Amir Temur o‘z tuzugida «Qayerda qonun bo‘lsa, o‘sha yerda ado­lat bo‘ladi», deya ta’kidlagan. Qonun ustuvor bo‘lgan joyda, albatta, adolat bo‘ladi.

Mustaqil O‘zbekiston Oliy Sudining birin­chi raisi, hozirda O‘zbekiston Sudyalari Assotsiatsiyasi raisi lavozimida faoliyat olib borayotgan atoqli huquqshunos va davlat arbobi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yurist va yoshlar murabbiysi Ubaydulla MINGBOYEV sahifamiz mehmoni. Ustoz-huquqshunos 1935-yilning 28-yanvar kuni Surxon­daryo viloyatining Sariosiyo tumanida tug‘ilgan. Ubaydulla bobo o‘z bolalik xotiralarini sizlar bilan bo‘lishdi.

Tagitoba – Sariosiyo tumanining tog‘ va adirlar bilan qoplangan so‘lim va go‘zal qishloqlaridan biri. Uning ikki tomonida ikkita chashma – buloq bor. Bu ikki buloq qishloq ahli uchun obiha­yot manbai. Qishloqdan ikki-uch chaqirim pastroqda esa daryo oqib turadi.

Qish bo‘yi baland va osmon­o‘par tog‘lar bag‘rini oppoq libosga burkab sa­xiylik bilan yog‘gan qorlar bahor kelishi bilan qu­yosh taftidan erib, suvga aylanadi. Ana shunda bu daryo hayqirib, to‘lqinlari mavjlanib oqadi.Toshdan toshga urilib oqqan suv daryo qirg‘oqlarigacha limmo-lim to‘ladi. Niho­yatda to‘lqinlanib, ko‘pirib oqadi. Shu sababli, bu daryo To‘palang daryosi, deb ata­ladi. Bunday paytlarda daryodan ot bilan kechib o‘tish ham amrimahol bo‘lib qoladi.

O‘tgan asrning 30-yillari boshida odamlar orasida kolxoz tuzilishi, mol-mulkni kolxozga topshirish, topshirmaganlarni esa Sibirga surgun qilish mumkinligi haqida turli mish-mishlar tarqala boshladi.

Men ana shunday tazyiqlar va qiyinchiliklar avj olgan paytda, ya’ni 1935-yilda dunyoga kelganman. 7-sinfdaligimda maktabimizga tegishli mutaxassislar kelib, bo‘y-bastimga qarab, qo‘limga 1939-yilda tug‘ilgan, degan guvohnoma yozib berdilar. Shu sabab, hujjatlarda tavallud topgan yilim shunday ko‘rsatila boshladi.

Mening bolaligim ham aynan Tagitoba qishlog‘ida o‘tdi. Aytishlaricha, bobom Mingboy ota juda mehnatkash, ishning ko‘zini biladigan, halol-poklik bilan ish yuritadigan, polvonkelbatli tadbirkor kishi bo‘lgan ekan. Qo‘ra-qo‘ra mol-qo‘ylarga, yilqilarga ega bo‘lgan. Qo‘li ochiqligi, xushmuomalaligi bilan el-yurt e’tiborini qozongan edi.

Sho‘ro hukumatining qatag‘on siyosati tufayli mulkdorlarning yeri tor­tib olinib, qarshilik qilgan odamlarning boshida qata­g‘on qilichi o‘ynagan davrlar ham bo‘lgan. Bu musibat bizning oilani ham chetlab o‘tmadi. Chorva mollari­ni kolxozga topshirmadi, degan ayblov bilan bobomning ustidan ham chaquv tu­shib, «yumaloq» xat keladi. Shunda otam Imomnazar Mingboyev ham chaquvga uchrab, bedarak yo‘qoldi.

Otamdan darak bo‘lmagach, onam tog‘alarimning qistovi bilan Tagitoba qishlog‘iga o‘qituvchi bo‘lib kelgan Salim Qurbonov bilan oila qurdi. Rahmatilla akamni Mingboy bobom o‘zi bilan olib ketgan bo‘lsa, Salim otam bizning tarbiyamiz bilan shug‘ullanib, kelajagimiz haqida qayg‘urgan.

O‘quvchilik yillarim

Bir kuni u menga:

– Ubaydulla, sen aqlli, esli-hushli bolasan. Maktabda a’lo baholarga o‘qishing, keyinchalik katta shahar­lardagi oliy o‘quv yurtlarida tahsil olishing kerak. Bizning yurtimizda dunyo tan olgan Mirzo Ulug‘bek, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino kabi ko‘plab ulug‘ allomalar yetishib chiqqan. Sen ham tirishqoq­lik bilan o‘qisang, avvalo, hayotda o‘z o‘rningni topasan, katta-katta ishlarda ishlaydigan olim bo‘lasan. Tushundingmi, bolam? – dedilar boshimni silab.

Shunda mening qalbimda misli ko‘rilmagan sirli va go‘zal maqsadlar uyg‘ongan edi.

– Tushundim, ota. Men, albatta, maktabda a’lo baholarga o‘qish uchun qattiq harakat qilaman. Keyin siz aytgan katta o‘qishlarda ham o‘qiyman!

– Barakalla, o‘g‘lim! Men senga ishonaman! – deb Salim ota meni bag‘riga mahkam bosdi.

1944-yilda Tagitoba qishlog‘ida terlama kasali keng tarqaldi. Ota-­onam va Atovulla tog‘am ham ancha muddat dard bilan olishib yotdilar. Onamning dardi og‘ir keldi. 32 yoshida bu dunyoni tark etdi.

1948-yili kuz oylarining birida Salim ota meni Denov bozoriga olib bordi. Bozor aylanib yurgani­mizda, qarama-qarshi tomondan bir yigit meni ko‘rib, qichqirib yubordi:

– Ubaydulla!

O‘zimdan yoshi katta yi­gitga ajablanib qaradim. «Kim bu? Meni qayerdan taniyapti?», degan fikr xayolimdan o‘tdi.

– Ubaydulla! Meni taniyapsanmi? Men sening akang Rahmatilla bo‘laman.

Shunda akamni esladim. Bobom akamni olib ketganda, onamdan bir necha marta akam qayerga ketganini so‘raganim yodimga tushdi.

– Men sizni rosa kutdim. Onam sizni, yaqinda kelib qoladi, deb aytardi. Kelmadingiz.

– Men bobom bilan yashadim. Mana bizning otamiz, – deb Rahmatilla akam yonidagi, yoshi katta, ko‘zlaridan oqayotgan yoshni to‘xtovsiz arta­yotgan odamni ko‘rsatdi.

U kishi bedarak yo‘qolib ketgan otam Imomnazar Mingboyev edi. Otam meni bag‘riga bosib yig‘ladi, Salim ota­ning ijozati bilan meni Denovga olib ketdi. Keyinchalik xolamnikida yashadim.

Hozir eslasam, o‘shanday qiyinchiliklarga qanday dosh bergan ekanman, deb o‘ylayman. Murg‘ak bolaligimdanoq qoramollarni yaylovda boqib keladigan podachiga yordamchilik qilardim. Ertalab podani haydab chiqib ketib, kechki payt esa qishloqqa qaytarib olib kelar edik. Kechqurunlari cho‘ponlar bilan birga 3-4 kishi bo‘lib, har birimiz alohida ko‘chadan yurib, xonadonlardan «oshhalol» olardik.

Xonadon eshigi yoniga kelib, «Oshhalol, oshhalol», degan so‘z bir necha bor tovush chiqarib aytilsa, xonadon egasi molboqarlar kelganini payqardi. Ayrimlari bitta-yarimta non bersa, boshqalari:

– Ukajonim, bugun nonimiz yo‘q edi, bolalarim yeb qo‘yishibdi. Agar xohlasangiz, yarim kosa ovqatim bor, shuni kirib ichib keting, – deb qolishardi.

Mayli, deb rozi bo‘lib, ichkariga kirishga iymanib, eshik oldida o‘tirgancha ovqatni ichib olardim. Ko‘pincha «oshhalol»dan tushgan nonlarni xolamnikiga olib borardim. Xolam esa menga o‘z bolalaridan ham ko‘ra ko‘proq mehribon edi.

Soha faxriylari bilan

1955-yil 7-sinfni a’lo baholarga tamomladim. Bir kuni gazetada Samarqand shahridagi Michurin nomli texnikumga 7-sinf bitiruv­chilarini o‘qishga qabul qilish to‘g‘risidagi xabarni o‘qib qoldim va texnikumga kirish niyatim tug‘ildi.

O‘sha yili iyul oyida Samar­qandga yo‘l oldim. Michurin texnikumiga hujjat topshirdim. Maktabni a’lo baholarga bitirganim uchun domlalar suhbat qilishdi. Suhbat yaxshi o‘tdi. Meni o‘qishga qabul qilishganini va yotoqxona bilan ta’minlashlarini ma’lum qildilar. O‘qishga bo‘lgan istagim ushalganida, quvonchim osmonda edi.

Shundan so‘ng, Denovga qay­tib borsam, dadam kasal ekan. O‘qishga kirganimni eshitgan otam xursandligidan yig‘lab yubordi. Sentyabr oyi yaqinlashar, men esa o‘qishga borishim kerak edi. Ammo otam meni qo‘yib yuborgisi kelmasdi.

– Sen ketsang, men seni ko‘rolmay qolaman, bolam, – deb yig‘lar edi.

– Ota, men o‘qishdan qolib ketmasligim kerak, Samarqandga ketmasam bo‘lmaydi, – dedim.

Shunda otam Rahmatilla akamni chaqirdi-da:

– Bozorga borib, jomadon va boshqa barcha kerakli narsalar­ni olib berib, ukangni o‘qishga jo‘natib qo‘ygin, – dedi.

– Sen o‘qishing kerak, bizning nomimizni sen olib yurishing ke­rak, – deb menga oq fotiha berdi.

Ertasi kuni Samarqandga ketaman, degan kunim tongda akam ko‘zida yosh bilan uyg‘otdi. Otamning ahvoli og‘ir ekan. Oldiga bordim. Ko‘zidan yosh tinmayapti. Bemajol menga engash, deya imladi. Peshanamdan arang o‘pib qo‘ydi va uzoq termuldi.

Shunda Rahmatilla akam tezgina tog‘amni olib kelishni buyurdi. Atovulla tog‘amni olib kelgunimcha, otam omonatini topshiribdi...

Dafn marosimidan keyin vaziyat o‘zgarib ketdi. Samarqandga ketay desam, akam:

Otamiz olamdan o‘tdi, sen ketsang, qanday bo‘ladi, deb o‘qishga borishimga rozilik bermadi. Men noiloj o‘qishga ketmay, kolxozda ishlashga rozi bo‘ldim.

Bir kuni kolxozda Husan aka rais chaqirayotganini aytib, meni qoramol fermasiga olib bordi. Rais o‘sha yerda ekan.

– Ishlash niyating bormi?

– O‘qishga kirgandim. Lekin otam vafot etgach, bora olmadim.

– Fermada hisobchi bo‘lib ishlaysanmi?

– Ishlayman! Faqat men o‘qishim kerak.

– Yaxshi ishlasang, kelgusi yili biror-bir mutaxassislik uchun o‘qishga yuboramiz, – deb va’da berdi rais.

O‘qishga yuborishlarini eshitib, fermaga hisobchi bo‘lib ishlay boshladim.

Hech yodimdan chiqmaydi. Kunlarning birida oldimga oq sallali, oq libos kiyib olgan, oppoq soqoli o‘ziga yarashib, yuzidan nur yog‘ilib turgan bir odam paydo bo‘ldi. Bu holatni ko‘rdimmi yoki menga shunday tuyuldimi, haligacha o‘ylab yuraman. Ammo o‘sha oq sallali inson bilan gaplashganim aniq. U odam:

– Ubaydulla, yaxshi yuribsanmi? – deb so‘radi. Men bo‘lsa:

– Ha, yaxshi yuribman, ota, meni qayerdan taniysiz? – dedim.

– Men seni juda yaxshi taniy­man, Ubaydulla. Sening oldingga bir gapni yetkazib qo‘yish uchun keldim. Sen bu gapni miyangga quyib olishing va hech qachon unutmasliging kerak, tushun­dingmi? – dedi.

– Tushundim, ota, bu qanday gap? – deb so‘radim men.

– Ubaydulla, sen o‘qishing ke­rak, o‘qib, bilim ol, keyin katta-katta o‘qishlarda o‘qishing kerak, – deb Salim otam aytgan gaplardan aytdi.

– Ota, men, albatta, o‘qiyman! – deyishim bilanoq, u kishi qo‘lini duoga ochdi:

– Ilohim, niyatingga yetish senga nasib etsin, bo‘tam, omin...

U shunday dedi-yu, birdan g‘oyib bo‘ldi.

Shunda cho‘chib ko‘zimni ochdim. Bu tushmi yo ro‘yomi? Men uxlayotganmidim yo uyg‘oqmidim?

«Men o‘qishim kerak, albatta, o‘qishim kerak», derdim o‘zimga o‘zim.

1956-yil avgust oyi­ning boshlarida avtobusga o‘tirib, Termizga yo‘l oldim. Viloyat matlubot jami­yatining idorasini qidirib-qidirib, topib borgan edim o‘shanda. U yerda:

– Bu yilgi qabul tamom bo‘ldi, kelgusi yili kelasiz. Borib, Yurchi selposi (qishloq iste’molchilar jamiyati)da ish o‘rganuvchi bo‘lib ishlab turing, – deb qo‘limga ishga kirish uchun hujjat berishdi.

Oldimda ikki yo‘l turar edi: biri – selpoga borib ishlash, ikkinchisi – 8-sinfdan o‘qishni davom ettirish. Maktabni davom ettirishga qaror qildim va kerakli kitoblarni sotib oldim. Rahmatilla akam bu qarorimni eshitib, norozi bo‘ldi.

– Ubaydulla, fermada tabelchi bo‘lib yurishingning o‘zi ham bir obro‘ emasmidi? Ishlab yuraversang bo‘lardi, – dedi u bosh chayqab.

– Aka, men o‘qimoqchiman. Samarqandga bora olmadim, Termizdagi o‘qishga qabul tamom bo‘libdi. Endi 8-sinfga kirib o‘qiyman, o‘qimasam bo‘lmaydi, – dedim qat’iyat bilan.

– Uka, bir tovuqqa ham don, ham suv kerak, deyishadi. Sen o‘qiydigan bo‘lsang, sendan kim xabar olib turadi? Yeb-ichishing bor, kiyim-kechak bor. Kolxozda bir o‘zim ishlasam, bu yoqda yangi ro‘zg‘or. Qiynalib qolasanmi, deyman-da...

– Hechqisi yo‘q. Barcha qiyinchiliklarga chidayman, men ota-onasi yo‘q bolalar internatida yotib, internat hisobidan o‘qishim mumkin, – dedim.

Shundan keyingina akam indamadi.

Hujjatlarimni to‘plab, 1-sen­t­yabrdan Sariosiyo markazidagi maktabda o‘qiy boshladim.

Maktabni bitirgach, harbiy xizmatni o‘tash uchun O‘sh shahriga yuborishdi. 3 oygacha tayyorgarlikni o‘tab, keyin Qozog‘istondagi «Toshkent–90» deb ataladigan maxfiy joyda xizmatni boshladik. 1961-yil 12-aprel kuni dunyoda birinchi bo‘lib fazoga parvoz qilgan Yuriy Gagarinning ayni shu hududdan kosmosga ko‘tarilganiga ham guvoh bo‘lganman.

Harbiy xizmatning oxirgi yili harbiy qismdagi o‘qishga kirish istagidagi askarlar uchun kechki tayyorlov kurslariga yozildim va o‘qish uchun tayyorgarlik ko‘ra boshladim. Kurslar yakuniga yetgach, o‘qishga imtihon topshirish uchun qisqa muddatli ta’til berishdi.

1962-yilning iyul oyida harbiy qismda bir kichik yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilish qaroriga binoan 11 nafar askar, shu jumladan, meni ham o‘qishga kirish imtihonla­rini topshirish uchun Toshkentga yuboradigan bo‘lishdi.

Imtihonlarni a’lo baholarga topshirib, Toshkent davlat universitetining huquqshunoslik fakultetiga o‘qishga qabul qilindim. U yerda Otaboy Eshonov, Anvar A’zamxo‘jayev, Berdiyor Ahmedov, Xolida Samatova kabi olim va pedagoglardan ta’lim olish, Xadicha Sulaymonova kabi yetuk fan darg‘alarining asarlarini mutolaa qilish, seminarlarda so‘zga chiqib, u yoki bu masalalar bo‘yicha o‘z nuqtayi nazarlarini bayon qilish imkoniyatiga ega bo‘ldim. Bular­ning barchasi meni huquqshunos sifatida shakllantirdi.

Yillar ortidan yillar quvib, talaba­lik davrimiz ham nihoyasiga yetib qoldi. Biz universitetni bitirayotgan edik. O‘sha paytda huquqshunoslik fakulteti bitiruvchilari taqsimot komissiyasining yo‘llanmasi bilan prokuratura, sud va ichki ishlar organlariga ishga yuborilar edi. 1967-yilda hali diplomimni olmasdan Shayxontohur tumanida tergovchi bo‘lib ishlay boshladim. Yillar davomida turli viloyatlarda prokuratura va sud sohalarida ishlab, 1987-yilda Respublika Oliy sudining sudyaligiga, keyin Toshkent shahar sudining rais­ligiga saylandim. 1990-yilda esa Respublika Oliy sudining raisi lavozimiga saylandim.

Vatanimiz mustaqillikka erishgach, Sho‘ro davrining xalqimizning boshiga solgan ulkan musibati tufayli «Paxta ishi»da nohaq qamalganlarni, 1938–1953-yillarda qatag‘on qilingan vatandoshlari­mizni oqlash jarayonlari boshlandi. Mazkur ishni qaytadan ko‘rib chiqish uchun hukumat komissiyasi tuzildi. Minglab nohaq qatag‘on qilingan yurtdoshlarimizning nomi oqlandi.

Men hayotimning salkam oltmish yilini sud-huquq sohasiga bag‘ishladim. Bu yillar davomida turli lavozimlarda, turli davrlarda xizmat qilish nasib etdi. Ayniqsa, mustaqil O‘zbekiston Respublikasi Oliy Sudining raisi sifatida faoliyat yuritgan yillarimni doimo alohida mas’uliyat bilan eslayman. O‘sha davr mamlakatimiz tarixida, sud hokimiyati tarixida yangi sahifa ochilayotgan murakkab va sharafli palla edi.

Farzandlar ardog‘ida

Oliy sudga rahbarlik qilgan yillarimda har bir qaror, har bir ish, har bir inson taqdiri ortida katta mas’uliyat turganini his qilib yasha­dim. Sudya uchun eng muhim mezon mansab yoki obro‘ emas, balki qonunga sadoqat, xolislik va adolat bo‘lishi kerak, deb bildim. Ba’zan adolat qaror topishi uchun qat’iyat bilan kura­shishga, turli qiyinchiliklarni yengib o‘tishga to‘g‘ri keldi.

Bugun esa mamlakatimizda sud-huquq sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni ko‘rib, qalbimda katta mamnuniyat uyg‘onadi. Sud hokimiyatining mustaqilligini mustahkamlash, inson huquq va erkinliklarini ishonch­li himoya qilish, sudlarni xalqqa yanada yaqinlashtirish, odil sudlov sifatini oshirish yo‘lida salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayonlarning markazida inson qadri, uning huquq va manfaatlarini ta’minlashdek ulug‘ maqsad turgani, ayniqsa, quvonarli.

Men doimo bir haqiqatga isho­nib kelganman. Odil sudlovning maqsadi – adolat va insonparvarlik. Shu bois, bugungi sudyalarimiz va yosh huquqshunoslarimizdan ham, avvalo, kasbiga sadoqat, qonunga hurmat, halollik, xolislik va inson taqdiriga befarq bo‘lmaslikni kutib qolaman.

Aziz bolajonlar!

«Tong yulduzi» gazetasining har bir mushtariysiga, avvalo, mustahkam sog‘lik, baxtli bolalik va porloq kelajak tilayman.

Doimo yaxshi niyatli, bilimga chanqoq, odobli va vatanparvar farzandlar bo‘lib ulg‘aying. Kitob o‘qishni, ustozlaringiz o‘gitini ting­lashni, ota-onangizni qadrlashni hech qachon unutmang. Bugungi kichik orzularingiz ertangi katta maqsadlarga aylansin.

Sizlar yurtimizning ertangi kuni, xalqimizning umidisiz. Ilm olib, o‘z iste’dodingizni namoyon etib, Vatanimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan insonlar bo‘lib kamol topishingizga tilakdoshman.

«Tong yulduzi»ning har bir soni sizlarga yangi bilim, quvonch va ezgu orzular olib kelsin. Ko‘zlaringizdagi quvonch va qalbingizdagi ishonch hech qachon so‘nmasin!

Barchangizga baxtli bolalik, a’lo baholar va ulkan orzular tilayman!

Ziyodulla HAMIDULLAYEV yozib oldi.

«Tong yulduzi» gazetasining 2026-yil 39-sonidan