VATAN SOG‘INCHI

Kunlarning birida katta chamanzorda bulbul bola ochibdi. Gulzorda katta bayram bo‘libdi. Hamma bulbullar mehmonga kelishibdi. Palapon shunaqa yoqimtoy ekanki, ko‘rib ko‘z to‘ymasmish. Bulbulcha ota-ona qaramog‘ida ulg‘ayib, kuylashni o‘rganibdi. Ona bulbul bolasini yer-u ko‘kka ishonmas, nazoratdan chetda qoldirmas ekan.

Kunlarning birida bulbulcha ulkan daraxtning shoxiga chiqib sayray boshlabdi. Atrofidagi jonzotlar uning ovoziga sarmast bo‘lganini ko‘rgan qushcha qo‘shni daraxt shoxiga uchib o‘tib, sayrashni davom ettiribdi. So‘ng, boshqa daraxt shoxiga uchib o‘tibdi. Oftob tushdan og‘ganda, bulbulcha uyidan ancha uzoqlashib ketganini sezibdi va yo‘ldan adashib qolibdi. Shu payt ovga chiqqan shohning qizi bulbulning mungli nola­sini eshitibdi va sarkardalarga kuylayotgan bulbulni keltirishlarini buyuribdi. Ular birpasda qushchani topib keltirishibdi. Uni saroyga olib ketishibdi. Bulbulchaga oltindan qafas, oltin idishlarda suv ham don qo‘yishibdi. Lekin bulbulcha suvga ham, donga ham qaramabdi. Shunda malikaning onasi qirolicha qiziga taklif kiritibdi.

– Ona qizim, qo‘shni yurtda mening qalin dugonam bor. Balki shularnikida 3-4 kun meh­mon bo‘larsan. Bulbulchangni ham olib bor. Ularnikida katta bog‘lar, gulzorlar bor. O‘sha joylar sening qushchangga yoqib qolsa, ajab emas, – debdi.

Sahar payti malika bulbulchani olib, sarkardalar qurshovida qo‘shni yurtga mehmondorchilikka yo‘lga chiqishibdi. U joylarda ham qushcha kuylamabdi. Malika ikki-uch kun yangi joylar, yangi odamlar bilan tanishibdi, sayr qilibdi. Malikani hamma hurmat-izzat qilishibdi. Barcha istaklarini bajarib, ko‘ngliga qarashibdi. Shunday bo‘lsa-da, malika ota-onasini, o‘z tug‘ilib o‘sgan Vatanini qo‘msayveribdi. Ana o‘shanda onasining nega qo‘shni yurtga yuborganini tushunibdi.

– Bechora bulbulcha­ning og‘riqlarini tushuni­shim uchun yuborgan ekansiz-da, mening mehribon onajonim, sizni juda-juda sog‘indim. Bu qasrda hamma mening xizmatimda, kerak bo‘lsa, o‘z qasrimdan-da a’lo, lekin o‘z go‘sham men uchun aziz va qadrli ekanini boshqa yurtga kelib tushundim, onajon.

Ertasi kuni qo‘shni yurt saroy ahli malikani bir dunyo sovg‘a-salomlar bilan kuzatishibdi. Vataniga yetib olgach, to‘g‘ri ov qilgan joylariga boribdi va bulbulchani qo‘yib yuboribdi. Avvaliga qushcha malikaning oldidan hech qayoqqa uchmay tura­veribdi. Ozmi-ko‘pmi, unga o‘rganib ham qolgan ekan. Lekin baribir tug‘ilib o‘sgan ona Vatani o‘z bag‘riga chorlabdi. Shunda u qanotlarini keng yoygancha o‘z uyi tomon uchibdi.

Munisaxon MAMBETSOLIYEVA,

Qoraqalpog‘iston Respublikasi, To‘rtko‘l tumanidagi 45-umumta’lim maktabi o‘quvchisi

Tong yulduzi gazetasining 2026-yil 32-sonidan