«MUSTAQILLIK MADHI BOLALAR IJODIDA» TANLOVIGA

Internetda dunyo bolalaring orzularini o‘qib borar ekanman, gohida ko‘zimda yosh qalqiydi. Iroq, Suriya, Afg‘oniston kabi tinchi bo‘lmagan davlatlarning farzandlari nimalarni orzu qilishi bilan hech qiziqib ko‘rganmisiz?

«Men bir kun bo‘lsa ham onamning quchog‘ida uxlashni orzu qilaman. Ota-onam terrorchilar hujumida halok bo‘lishgan»...
«Men bir mahal bo‘lsa ham to‘yib ovqatlanishni istardim. Qoldiq ovqat­larni yeyish va ushoq terishga ham shukur qilaman»... 
«Men Allohdan dunyo bolalari ota-onasiz qolmasligini so‘rardim»...
«Men qachondir toza ichimlik suvidan to‘yib ichishni orzu qilaman»...
«Men kartonlar ustida o‘q tovushlarini eshitib uxlayman. Oilamizdan birgina opam va men qolganmiz. Yumshoq yostig‘im bo‘lishini xohlardim»...
«Men oppoq qog‘ozga ruchkada yozib harflarni o‘rganishni istardim. Bu mening eng katta orzum»...
Bu satrlar ana shunday ojiz bolajonlarning orzulari. Aziz o‘quvchilar, atrofimizga yaxshilab nazar solaylik-chi, biz nimalarni orzu qilmoqdamiz? Bor ne’matlarimizning qadriga yetmay, noshukurlik qilmayapmizmi? 
* * *
Noshukur olchoqlar nima desa der,
Nurafshon yo‘lingdan chekinma, bolam.
Ertaga dur bo‘lar peshonada ter,
Imkonni boy berma o‘qigin, bolam.

Boshda do‘ppi, yarashgan belda belbog‘ing,
Qara, milliyliging nomus-u oring.
Mahkam tut qo‘lingda davr-u davroning,
Bir zum ham o‘zliging unutma, bolam.

Mendan-da kuchlisan, mendan-da mag‘rur,
Ko‘kni ko‘zlaysan, orzu bir olam.
Tinchlik hukm surgan O‘zbekistonda 
Baxtliman deyishga haqlimiz, bolam!

Gulchehra JO‘RABOYEVA,
Toshkent viloyati, Nurafshon shahridagi 73-umumta’lim maktabining ijodiy-madaniy masalalar bo‘yicha targ‘ibotchisi