Tadqiqotchilarning yozishicha, kuniga atigi olti daqiqa kitob o‘qish insonning asabiylashishiga barham berarkan. Emori universiteti (AQSH) olimlari esa kitob o‘qigan insonning aqliy salohiyati bir necha kun davomida yuqori bo‘lishini ham isbotlashgan ekan. Biror asarni o‘qiy boshlaganimizda, undagi qahramonlarning quvonch-u tashvishlariga sherik bo‘lishimiz tabiiy, shu sababli, boshqa insonlarning his-tuyg‘ularini yaxshi tushunish hissi boshqalarga qaraganda oson kecharkan.

Darhaqiqat, biz ma’naviy ozuqani kitobdan olamiz. Ustozim Nafisa Mamasoliyeva buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiy hazratlarining «Kitob – beminnat ustoz, bilim va ma’naviy yuksalishning eng asosiy manbai» ekanligini qayta-qayta ta’kidlaydilar. Ustozim mutolaaga qiziqishimni ko‘rib, «Bolalar adabiyoti» deb nomlangan kitobni kutubxonadan olib berdilar-da, «O‘qiganlaringni mengayam so‘zlab berasan», dedilar. Kitobdagi Zafar Diyor, Quddus Muhammadiy, Ilyos Muslim, Po‘lat Mo‘min kabi bolalar shoirlarining she’rlari menga juda yoqdi. Tushunish juda oson, tezda yodlab olish mumkin ekan. Xudoyberdi To‘xtaboyev, Anvar Obidjon, Farhod Musajon, Sharl Perro, Jonatan Svift, aka-uka Grimmlar kabi o‘zbek va chet el yozuvchilarining bolalarga bag‘ishlangan asarlarini ham o‘qib chiqib, mazza qildim. Yaxshi asar insonga zavq bag‘ishlashini tobora ko‘proq anglab boryapman. Yaqinda Shukur Sa’dulloning she’rlarini ham o‘qidim. Uning «Egizaklar», «Sen menga do‘st, men senga do‘st», «Hovlimizning bolalari» kabi qator she’rlari do‘stlik haqida ekan. Atoqli adibimiz Oybek ta’rificha, kitob – tafakkurning tolmas qanoti ekan. Shu bois, atrofimdagi olam, insonlardagi turfa fazilatlar haqida bilimim ham tobora ortib boryapti. Kitobga oid «Kitob – ko‘zgu, undan olamni ko‘rasan», «Kitobsiz uy – quyoshsiz uy», «Kiyim ustingni bezaydi, kitob – aqlingni», «Oltin yer tagidan kavlab olinadi, bilim – kitobdan» kabi maqollarni yod olib, ularga amal qilaman. Bu yil maktabimizda o‘tkazilgan «Eng yaxshi kitobxon» tanlovi g‘olibi bo‘ldim. Bir so‘z bilan aytganda, kitob mutolaasi tafakkurimni kengaytirib, har bir o‘qigan asarim katta tarbiyaviy ahamiyatga ega ekanligiga ishonch hosil qilib boryapman. Kitobdan meni hayotni sevishga va anglashga o‘rgatayotgani uchun behad minnatdorman.

Nargiza HAMDAMALIYEVA, Beshariq tumanidagi 44-umumta’lim maktabining 4-«B» sinf o‘quvchisi