O‘yib yesang – o‘n kun yeysan, Qirib yesang – qirq kun.  

Bu xalq maqolini kim ham bilmaydi, deysiz? Lekin bunga rioya qiluvchilar oramizda qancha ekan-a?! Hozir bilmadim-u, avvallari bunday insonlar ko‘p edi. Har bir ne’matni asrab-avaylab, tejab, hatto ko‘zga surtib iste’mol qilishgan edi ota-bobolarimiz. Ajdodlardan ibrat olsak, ular daryo bo‘yida yashab ham do‘ppisida suv olib ichganini yoki moychiroqdan qutulganiga shukrona keltirib, faqat qorong‘uda chiroq yoqqanini ko‘rishimiz mumkin. Biz esa yoz kunlarida suv jo‘mragini ochib qo‘yib, tarvuzni «muzdekkina» yeyishni istab qolamiz. Yoki televizorni yoqib, uyquga ketamiz. Gazdan ham istagancha foydalanib, tekshiruvchilarga «Pulini to‘layapman-ku, xohlaganimni qilaman», deb do‘q uramiz. Asli to‘lanayotgan to‘lovlar tabiiy resurslarni bizga yetkazib berish uchun sarflanayotgan xarajatlar uchundir. Zero, bu ne’matlarning manbalarini Sulaymon xazinasi bilan ham tiklab bo‘lmaydi. Chunki yotib yeganga tog‘ ham chidamaydi. 
Ba’zan zamona va taraqqiyot bilan hamnafas bo‘lamiz-u, me’yorni unutib qo‘yamiz. Aslida qo‘l telefonini quvvatga to‘ldirish, kompyuterdan foydalanishda ham oqilonalikka rioya qilish mumkin. Shu o‘rinda ba’zi tengdoshlarimizni aziz ne’matlarni tejashga doir qilayotgan ixtirolarini quvonch bilan tilga olish mumkin. Biz ham savobli ishga hissa qo‘shib, xonadonimizdagi suv, gaz va elektrni behudaga sarflamaylik. Bu bilan ota-onamizning mehnatini ham qadrlagan bo‘lamiz. Qolaversa, O‘zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo yozganidek: Mevasini yeb, bog‘ini ham so‘rab qo‘ygin, Kerak bo‘lsa, bog‘ atrofin o‘rab qo‘ygin, Nihollarning kokillarin tarab qo‘ygin, Ozodlik ham, obodlik ham o‘zi kelmas, Oydan tushgan emas, ko‘kdan tushgan emas.

 

Otabek BAKIROV, Toshkent viloyati, Angren shahridagi 27-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi