Qatag‘on qurbonlari haqida so‘z ketganida, turfa taqdirlar-u bevaqt xazon bo‘lgan umrlar ko‘z oldingizga keladi. Sevimli adibimiz A.Qodiriy, otashqalb shoir Cho‘lpon, Abdurauf Fitrat singari asl o‘zbek o‘g‘lonlarining ayanchli qismatlari barchamizni chuqur o‘yga toldiradi. Bugun qatag‘onga uchragan buyuk ma’rifatparvar bobomiz Abdurauf Fitrat haqida to‘xtalmoqchimiz

Manbalarga ko‘ra, Abdurauf Fitrat 1884-yil Buxoro shahrida tavallud topgan. Fitrat uning taxallusi bo‘lib, «tug‘ma iste’dod» degan ma’noni anglatadi. Bobomizning otasi o‘qimishli, onasi Bibijon ham adabiyotdan boxabar ayol bo‘lgan. U oilasining to‘ng‘ich farzandi bo‘lib, ilk tarbiyani diniy maktabda, so‘ngra Mir Arab madrasasida tahsil oladi. Fors hamda o‘zbek tillarini mukammal bilgan shoir adabiyotning barcha janrida qalam tebratadi. O‘sha davrning taniqli o‘quv dargohlarida tahsil oladi. Fitrat Buxoro, Samarqand, Toshkent universitetlarida yoshlarga saboq beradi, O‘zbekiston davlat ilmiy-tadqiqot institutida, Til va adabiyot institutida, O‘zbekiston Fanlar qo‘mitasida ishlaydi. O‘sha davrlarda she’rlar, pyesalar, ilmiy asarlar yozadi. Uning millatparvarligi Sho‘ro hukumatiga yoqmaydi. U ham Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Botu, Usmon Nosir singari erkparvar insonlar qatorida qamoqqa olinadi. 1937-yilning aprel oyida hibsga olingan Fitrat 1938-yilning 4-oktabrida otib tashlangan. Ko‘pqirrali va sermahsul ijodkor Fitrat erkin, ozod va farovon hayot sari chorlaydigan she’rlari bilan xalqimiz orasida nom qozonadi. Uning «Biroz kul!», «Yana yondim», «Ishqimning tarixi», «Qor» singari she’rlari o‘zbek o‘quvchilari qalbidan mustahkam o‘rin egallaydi. Afsuski, uning talaygina badiiy asarlari, pyesalari bizgacha yetib kelmagan. Shunga qaramay, ijodkorning she’rlari hali-hanuz yoshlar tomonidan sevib mutolaa qilinmoqda. Poytaxtimizda yosh avlodni qatag‘on qurbonlarining hayot yo‘li bilan yaqindan tanishtirish, ularni ona Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash maqsadida «Qatag‘on qurbonlari xotirasi» muzeyi barpo etilgan. Ushbu majmuaga tashrif buyursangiz, xalqimizning qora kunlari deya e’tirof etiladigan «Qatag‘on yillari»ga oid ko‘plab ma’lumotlar bilan tanishasiz.

Ozoda TURSUNBOYEVA