CHUMOLINING INI..

Tikanli daraxt va olmaxon voqeasi bolaligimni yodimga solib yubordi. U paytlarda qishlog‘imizga gaz kelmagan, qishli, qirovli kunlarda samovar o‘tinga qiynalib qolardik. Ko‘pincha choyni poxol, g‘o‘zapoya yoqib, qumg‘onda qaynatardik. Choyga tutun isi urib qolardi. Ayniqsa, mehmon kelganda noqulay bo‘lardi. Bir kuni buvimlarning toblari qochib, ko‘ngillari samovarchoy tusab qoldi. Aksiga olib, uyda tirnoqdek ham tarasha yo‘q. Hamma yoqni qalin qor bosgan. Qo‘shnimiz sezib qolib, kattagina bir to‘nkani chiqarib berdi. Buni eshitib, buvimlar yotgan joylarida rosa duo qildilar. Men shoshib chopqi bilan to‘nkani kertishga tushdim. To‘nkaga chumoli in qurgan ekan. Ikki-uchtasi oppoq qor ustiga uchib tushdi. O‘liktirikligini bilib bo‘lmas, uyquda edi, shekilli. Qo‘lim ishga bormay qoldi. Kirib buvimga aytdim.
– Hay-hay, – dedilar buvim yotgan joylarida bir ahvolga tushib, samovarchoy ichmay men o‘lay, to‘nkani tek qo‘y, bahorgacha qimirlatmanglar, chumolining ini buzulmasin-a...
Bu gapdan sevinib ketdim. Bahor keldi. Chumolilar to‘nkani ichidan chiqib, asta-sekin har tarafga o‘rmalab ketishdi. Ammo bu paytda buvimlar olamdan o‘tgan edilar. Men ko‘zimda yosh bilan, chumolilarga shunday-shunday bo‘lgan edi, deb buvim haqlarida gapirib bergan edim. Ana shunaqa, bolajonim. Dunyoda hech bir narsaning uyi buzilmasin. Sizlar hamjihat bo‘lib, olmaxonlarning inini saqlab qoldinglarmi, barakalla! Tabiatni asrashda hamisha shunday hushyor bo‘ling. Chunki bu go‘zal olam sizlarniki.

(Davomi bor)

Erkin MALIK,
O‘zbekiston Respublikasida
xizmat ko‘rsatgan jurnalist