SOKTARIDA YASHAYMAN (Voqeiy hikoya)

Bu voqeaga 20 yildan oshdi. Onam hududimizdagi 49-maktabda adabiyot fanidan dars berardilar. Men shu maktabning ona tiliga yo‘naltirilgan maxsus 5­sinfida o‘qirdim. Qattiqqo‘l, talabchan, bir so‘zli ustoz bo‘lganlari uchunmi, onamni hamma hurmat qilar edi. Onam juda gapga chechan, chiroyli hamsuhbat ham edilar. Har bir ishingizga mos maqol aytib, nishonga tegadigan so‘zlar bilan hammani lol qoldirardi. Kunlarning birida onam: «Bugun adabiyot darsida nima o‘qiding?» deb savol berib qoldilar. Men o‘tilgan mavzuni onam istagandek, to‘liq, lo‘nda va chiroyli tarzda aytib berolmadim. Shunda onam, chuqurlashtirilgan sinfda o‘qiyman, deb rosa chuqurga kirib ketibsiz-ku, deya piching qilib, jahli chiqdi. So‘ng, Sadriddin Ayniyning «Sudxo‘rning o‘limi» asarini o‘qib, mazmunini gapirib berish uchun menga bir hafta muhlat berdilar. Men onamdan juda qo‘rqardim. Chunki qizim-ku, deb ayab o‘tirmasdilar. Asarni so‘zma-so‘z yodlab olgan bo‘lsam-da, onamning qo‘lidagi kaltakni ko‘rib, hammasi yodimdan ko‘tarildi. Xullas, onamning menga bergan birinchi savoli shunday bo‘ldi: «Sadriddin Ayniy qayerda tug‘ilgan?» Soktari degan qishloqda tug‘ilganini bilardim, ammo... Yig‘lab turib, «Yangamning qishlog‘ida tug‘ilgan», deya javob qilgandim. Shunda onam miriqib kuldi. Sadriddin Ayniyning tug‘ilgan qishlog‘ini shu tarzda yodimda saqlaganimga o‘zimning ham haligacha kulgim keladi. Shundanmi, adabiyot fanidan o‘qigan har bir mavzum onamning qattiqqo‘lligi, jonkuyarligi tufayli hanuzgacha yodimda. Tasodifni qarangki, taqdir taqozosi bilan bugun onamning xandon kulgusiga sabab bo‘lgan yozuvchining qishlog‘i – Soktarida yashayman.

Marg‘uba HAYITOVA, Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanidagi 19-umumta’lim maktabining ingliz tili fani o‘qituvchisi

XIYONATNING JAZOSI

(Davomi. Boshi o‘tgan sonlarda)

Qadim-qadim zamonda kunchiqar tomonda baland cho‘qqilardagi oppoq qorlarni ko‘z-ko‘zlab turgan tog‘lar yonida xilvatgina bir qishloq bor ekan. Bu yerning odamlari mol-qo‘y boqar, mevalardan quritib, bozorga chiqarib sotar ekan. Ayollar ro‘zg‘or yumushlarini bajarar, erkaklar esa dala ishlari bilan mashg‘ul bo‘lar ekan. Mana shu mo‘jazgina qishloqchada ikkita tengqur o‘rtoq yashar ekan. Bir kuni ikkovlari o‘tirib: – Do‘stim, mana, yoshimiz ham bir joyga borib qoldi. O‘g‘il-qizlarimiz ham voyaga yetdi. Endi shu angishvonadek kichkina qishloqda yashamay dunyoni bir aylanaylik, armonimiz qolmasin, – deyishibdi. Bu fikr ikkovlariga ham ma’qul bo‘libdi. Xurjunga oziq-ovqatni g‘amlab, safarga otlanishibdi. Bir yurtga borib ko‘zalar, kosalar, laganlar qanday tayyorlanayotganini ko‘rib, zavqlanishibdi. Yana bir o‘lkaga borib, 50 metr balandda, ingichka arqon ustida bir yigitcha qo‘lidagi ikki quloch kaltakni ushlab yugurib borayotganini ko‘rishibdi. Yana bir mamlakatga borishsa, katta-katta do‘konlarda dunyoga sig‘mas matolar sotilayotganiga guvoh bo‘lishibdi. Lekin ortga qaytayotib, ularning yo‘llari nogahon sahroi biyobonga to‘g‘ri kelib qolibdi. Yo‘lni yaxshi bilmaganlari uchun ikki do‘st goh o‘ngga, goh chapga qarab yurishibdi. Axiyri holdan toyib, charchab, bir to‘p yulg‘in tagida dam olmoqchi bo‘lishibdi. Shunda ularning biri darmonsizlik tufayli hushidan ketib qolibdi. Sherigi hali hushyor, oyog‘ida kuchi, belida quvvati bor ekan. U «Bu yerda baribir ochlikdan, suvsizlikdan o‘ladiganga o‘xshaymiz. Ikki kishidan ko‘ra bir kishi o‘lgani yaxshi emasmi?!» deya o‘rtog‘ining xurjunidagi ozgina nonni, idishda ortib qolgan suvini olib, yo‘lga tushibdi. Shu payt behush yotgan odamning sal narisidan karvon o‘ta boshlabdi. Tuya minib ketayotgan bir yigitning ko‘zi nogahon yerdagi holsiz tanaga tushib, hamrohlarini chaqiribdi. Karvondagilar borsa, pahlavondek yigit behush yotgan emish. Unga suv bergach, yigit o‘ziga kelibdi va «Rosa ko‘p uxlaganga o‘xshayman», debdi. So‘ng, yonidagi bo‘shab qolgan xurjunini olib, karvonga qo‘shilibdi. Karvon boshlig‘i yigitni tuyaga mindirib qo‘yibdi. Ular yo‘l yuribdi, yo‘l yursa ham mo‘l yuribdi. Bir mahal karvonni boshlab borayotgan yigit: – Xojam, anavi yerda bir odam jonsiz yotibdi, – debdi. Karvonga qo‘shilgan yigit borib qarasa, yerdagi odam do‘sti ekan. Bu holatdan uning hushi boshidan uchibdi. – Axir bu do‘stim-ku! Mana bu xurjun, mana bu sanoch esa meniki, – deb dod-faryod chekibdi. So‘ng, cho‘kka tushib, do‘stini turg‘azishga harakat qilibdi. Ammo endi juda kech edi... Ko‘pni ko‘rgan karvonboshi: – «Yolg‘iz yurganni bo‘ri yeydi», degan gap bor, buni hech birimiz unutmaylik, – debdi. Shunday qilib, xiyonatchining qabri sahroi biyobonda qarovsiz qolib ketibdi.


Xudoyberdi TO‘XTABOYEV, O‘zbekiston xalq yozuvchisi

 

FAROSATLI BOLA
(Davomi. Boshi o‘tgan sonlarda)

Qadim zamonda yozi sermeva, qishi serqor bir mamlakatda qulchilik avj olgan ekan. Qullar o‘z xohish-ixtiyori bilan yashay olmas, butun borlig‘i egasining ixtiyorida ekan. Hatto ayrim zolim qul egalari qo‘l ostidagilarni qanday qilib o‘ziga bo‘ysundirishni boshqalarga namoyish qilish maqsadida ularni oftobga qo‘yib, yog‘i erib ketgunicha ushlab turarkan. Yoki qattiq sovuq havoda qul bechoralarni muzlab qolguniga qadar tashqarida qoldirarkan. O‘sha zamonlarda bozorda qullarning narxi yoshiga qarab belgilanar ekan. Ayniqsa, o‘smir-yoshlarning narxi juda baland bo‘larkan. Kunlarning birida ana shunday o‘smirlarning besh-oltitasini arqonga bog‘lab, qul bozoriga haydashibdi. Ular tor yo‘llar, changalzorlar, goh suvsiz sahro-yu biyobonlar, goh zaharli ilonlar yashaydigan vodiylardan o‘tibdi. O‘smir qullar orasida ko‘zlari chaqnab turgan bir bola ham bo‘lib, ismi Lochin ekan. Lochin hamqishloqlari bilan keta turib, ularga bir gapni aytibdi: – Bilasizlar, ilgari ham qul bo‘lib sotilganman. Bir amallab qochishni uddalaganman. Mana yana qo‘lga tushdim. Shu bois, qul bo‘lgandan ko‘ra yaxshisi ozodlik yo‘lida o‘lganimiz yaxshi. Tunda egalarimiz o‘tov ichida sham yoqib, oshiq o‘ynab, bir-birlariga bizni sotishadi. Xo‘p desanglar, ana shu o‘yin avjiga chiqqan mahal yonimda yashirib qo‘ygan pichog‘im bilan arqonlarni kesaman. Keyin birgalashib qochamiz! Rozi bo‘lsanglar, ishni reja qilaman, – debdi. Bunga barcha rozi bo‘libdi. Uchinchi kun kechasi oshiq o‘yini rosa qizibdi. Shu mahal Lochin qo‘lidagi kichkina xanjar bilan avval hamqishloqlari, so‘ng o‘zining qo‘li va oyog‘idagi arqonlarni kesibdi. Barcha qullar changalzor oralab noma’lum tomonga qarab qochibdi. Ular bir kecha-yu bir kunduz yo‘l yuribdi. Birovining oyog‘iga tikon kirib qonagan, yana biri suvsizlikdan holdan toyibdi. Shunda Lochinning bobosidan eshitgan gap yodiga tushibdi: «Ey o‘g‘lim, aqling bor, uni ishlatish uchun farosat ham kerak. Xudodan nimani so‘rasang, beradi. Faqat har doim aqlingni ishlatib, farosat bilan ish ko‘r», derkan. Axiyri qochayotganlar bir to‘p yantoq yonida to‘planibdi. Lochin «Shu yantoqning tubida suv bo‘lishi kerak, agar suv bo‘lmaganida edi, mana bu yerlar ham allaqachon qurigan bo‘lardi», debdi. So‘ng, qo‘lidagi xanjar bilan yantoqning tagini kovlabdi. Qarasa, ularga yetarli suv bor ekan. Yigitlar suv ichgach, anchayin tetik bo‘lishibdi. Yaratganga shukronalar aytib, yana yo‘lga tushibdi. Bu sahroning yomon tomoni bor ekan: kunduzi odamlar jazirama issiqdan, suvsizlikdan rosa aziyat chekar, tunda shunday qattiq sovuq bo‘lar ekanki, tirik jonning omon qolishi mo‘jiza ekan. Sovuqdan diydiragan yo‘lovchilar nima qilarini bilmay turganda yana Lochinning xayoliga bobosining «Ikki toshni bir-biriga ursang, uchqun chiqadi. Uchqunni yumshoq bir narsaga tutashtirsang, olovga aylanadi», degan gapi yodiga tushibdi. So‘ng u ikki toshni topibdi-da, bir-biriga urishtiribdi. Shunda qurib qolgan o‘t-giyohlarga uchqun tushib, alangalabdi. Oltov qochqin quruq shoxlar topib kelib isinibdi. Shu tariqa ular jonlarini omon saqlab qolibdi. Erta tongda bolalar yana yo‘lga tushishibdi. Bir necha kun och-nahor, suvsiz yo‘l bosishibdi. Ayrimlari holsizlanib, hushidan keta boshlabdi. Qolganlari ham bir-biriga suyanib, arang yurib borishardi. Shu tariqa ular shovullab oqayotgan daryo bo‘yiga borib qolishibdi. Bu paytda olti qochqindan ikkitasigina hushida ekan. Lochin daryodan hovuchlab suv keltirib, ularga ichiribdi. Hushidan ketganlar asta o‘ziga kela boshlabdi. Keyin atrofni kuzatishibdi. Qarashsa, bu yerda mevali bog‘lar juda ko‘p ekan. Qochqinlar shirindan shakar mevalardan olib yeyishibdi. Asta kuch-quvvatga kirgach, daryo bo‘yida yashay boshlashibdi. Taqdirni qarangki, ular uch o‘g‘il, uch qiz ekan. Yaratgan yoshlarning ko‘ngillariga mehr-muhabbat tuyg‘ularini solibdi va ular turmush qurishibdi. Vaqtlar o‘tib, navbati bilan har oilada farzandlar dunyoga kelibdi. Bora-bora daryo bo‘yidagi so‘lim maskanda Qulobod degan bir qishloq paydo bo‘libdi. Shunday qilib, bir yosh o‘smirning aqli va farosati tufayli qullikda yo‘q bo‘lib ketishi mumkin bo‘lgan yigit-qizlar omon qolishibdi. Qissadan hissa shuki, aqlli va farosatli inson bu hayotda juda ko‘p baxt va omadga erishadi.

Xudoyberdi TO‘XTABOYEV, O‘zbekiston xalq yozuvchisi

 

MEN SEVGAN ASAR

MEN SEVGAN ASAR

Yozuvchi Asqad Muxtorning serqirra ijodiga ana shunday ta’rif bersak arziydi, albatta. Ayniqsa, adibning biz kitobxonlar qo‘lidan hech tushmaydigan «Chinor» romani muallifga katta shuhrat keltirgan. Chunki bu asarda real hayot aks ettirilib, u jamiyatda katta burilishlar yasaydi. Zero, adib bu asarini yozayotganida, yurak to‘la dard, alam, qayg‘u va shodlik, iftixor ila qalam tebratgan. Ustoz O‘tkir Hoshimov ta’biri bilan aytganda, yozuvchining o‘quvchiga aytadigan dardi qancha kuchli bo‘lsa, asar tili shuncha biyron bo‘ladi. Asar mazmuniga qaytsak, barcha insoniy taqdirlar 93 yoshli Ochil bobo hayoti bilan bog‘lanadi. Romanda boboning nabirasi Akbarali chinor shajarasidagi bir mo‘rt barg, deya ta’riflanadi. Sababi, taqdir uni bir necha mashaqqatlar bilan sinaydi. Afsuski, qo‘rqoqlik, jur’atsizlik uning hayotini ag‘darto‘ntar qilib yuboradi. Mana shunday mukammal asarlar hamma vaqt o‘z o‘quvchilarini topadi va yangi-yangi iste’dodlarni kashf etishga xizmat qiladi. Aziz yoshlar! Sizga ham ushbu romanni diqqat bilan o‘qib chiqishni tavsiya qilaman. O‘ylaymanki, bundan sira afsuslanmaysiz.

Asalbonu RAJABALIYEVA,
Toshkent viloyati, Bekobod tumanidagi
31-umumta’lim maktabining
11-«A» sinf o‘quvchisi

 

 

DARAXTLAR NEGA QURIYDI?

Qadim-qadim zamonda, goh u tomonda, goh bu tomonda ajib-ajib voqealar sodir bo‘lib turar ekan. O‘sha zamonlarda hali giyohlar ham, daraxtlar ham, hayvon-u hasharotlar ham xuddi odamlarga o‘xshab bir-biri bilan suhbatlashar, bir-biridan ko‘ngil so‘rab turishar ekan. Tartibni, intizomni yaxshi ko‘rganlari uchun oralaridan goh u daraxtni, goh bu hayvonni o‘zlariga rahbar etib saylashar ekan. Qiziq, yong‘oqlarga Yong‘oq bobo, o‘riklarga O‘rik xola, giloslarga Yaxshi ko‘rgan ammam, deb nom berishar ekan. Ular bir-birlari bilan juda ahil, inoq ekanlar. Bir kuni Yong‘oq bobo oldiga lorsillab O‘rik xola kelibdi va yig‘lab arzi hol qilibdi: – Jon bobo, yordam bering, nihollarim, endigina ko‘karayotgan bolalarim birin-ketin nobud bo‘lmoqda. Bir-ikki oy ichida 300 farzandimdan ayrildim. Jon bobo, qutqaring. Yong‘oq bobo uning bolalari suvsizlikdan o‘layotgan bo‘lsa kerak, degan xayolga borib, ariqda oqayotgan suvning bir qismini boqqa yo‘naltiribdi. Yo‘q, nihollarning nobud bo‘lishi davom etaveribdi. O‘rik xola yana yig‘lab kelibdi. «Bolalarimdan ayrilib qolyapman!» deya zorlanibdi. – Nihollaring quvvatsizlikdan, darmonsizlikdan nobud bo‘lyapti. Ularga quvvat bo‘ladigan narsalardan solgin, – debdi Yong‘oq bobo. Yo‘q, bu ham samara bermabdi. Nega bunday bo‘layotgani jumboqligicha qolaveribdi. O‘sha zamonlarda xuddi bugungiga o‘xshab bir-birlarining ovozini anjir yoki yong‘oqning bargiga yozib oladigan ajoyib mitti hayvonchalar bor ekan. Ularning ba’zilarini sichqon, boshqalarini ko‘rsichqon, kalamush deb atashar ekan. Bir kuni O‘rik xolaning oldiga kalamush kelibdi: – O‘rik xola, nabiralaringizning nega nobud bo‘layotganini manavi anjirning bargiga yozib olganman. Mening ajdodlarim rassom o‘tgan, suratini ham chizib qo‘yganman, – debdi-da, lip etib ko‘zdan g‘oyib bo‘libdi. O‘rik xola anjir bargiga yozilgan sehrli ovozni asta-sekin tinglay boshlabdi. Eshitsa, daraxtning eng tagida turgan tomir baland ovozda baqirayotgan emish. – Hoy tana-shoxlar, barglar! Maqtanmang, hammang men tufayli yashayapsizlar, pastdan o‘g‘itni, suvni, quvvatni men olib jo‘natayapman. Agar men bo‘lmasam, hammangiz allaqachon nobud bo‘lardingiz, – deb bir silkingan ekan, tomirlar qattiq qo‘zg‘alib qo‘yibdi. – Yo‘q, – debdi daraxtning tanasi, – sen o‘g‘itni, suvni yiqqaning bilan mening tanam orqali o‘tayapti. Agar men bo‘lmaganimda, o‘g‘iting ham, suving ham bir pul. Bu yerda mana men xo‘jayinman! – debdi. Shunda tepadagi shoxlarning mayda shinchalari – barglar birdan chuvillab qolishibdi: – Ey tanavoy, hoy tomirvoylar. Hadeb maqtanavermanglar. Agar biz quyoshdan nur, oydan yorug‘lik, havodan shirin-shirin nafaslar olib, sizlarga jo‘natib turmasak, allaqachon nobud bo‘lardilaring. Bu yerda xo‘jayin biz bo‘lamiz, – debdi-da, ular ham bir silkinibdi. Endi kalamushning anjir bargiga yozilgan xulosasini qarang: «Qayerdaki manmanlik boshlansa, o‘sha joyda bir-biriga dushmanlik boshlanadi. O‘sha yerda daraxtlar ham, kalamushlar ham, sichqonlar ham, boringki, hamma narsa nobud bo‘ladi. Bilib qo‘yingki, bu gaplarni yozgan katta kalamush xolangiz bo‘laman!». Qissadan hissa shuki, manmanlik boshlangan joyda, ahillik yo‘qolgan joyda hamma narsa nobud bo‘lar ekan.

Xudoyberdi TO‘XTABOYEV,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi

 

«TEMURBEKLAR MAKTABI» TURKUMIDAN

(Davomi. Boshi o‘tgan sonlarda)

OTANG BOZOR, ONANG BOZOR

– Gulchehra, o‘g‘lingning maktabidan ota-onalar majlisiga chaqirtirishyapti. Sinf rahbari alohida tayinladi. Ikkimizdan birimiz borishimiz shart ekan, – dedi peshonasini tirishtirib Sobit aka. – Yana pul-mul yig‘ishayotgandir-da. Shunaqa dardi bo‘lsa, Sardordan aytib yuboraversa bo‘lardi-ku, – dedi ensasi qotib Gulchehra opa. – Yo‘q, «O‘g‘lingizning xulqi haqida jiddiy gaplashib olishimiz kerak», dedi. Yana bir baloni boshlamagan bo‘lsin-da, bu erkatoying, – dedi «uf» tortib Sobit aka. – Nega mening erkatoyim bo‘larkan? Nima, sizning o‘g‘lingiz emasmi? – Senga birov mening o‘g‘lim emas, deyaptimi? Bitta-yu bitta o‘g‘il deb juda erkalatvording deyapman. Og‘zidan chiqqanini zumda muhayyo qilding. Koyisam, «O‘zi bittagina bolam bor!» deb oraga tushding. – E, elburutdan vahima qilavermang. O‘zi o‘qituvchi xalqi sal vahimachiroq bo‘ladi. Boring, gaplashib ko‘ring. Balki xavotir oladigan hech gap yo‘qdir. – Gulchehra, sen onasan. O‘qituvchisi ham ayol. Bir-birlaringning tillaringni yaxshiroq tushunasizlar. O‘zing borib kela qol. – Men ona bo‘lsam, siz otasiz. O‘g‘il bolalarning tarbiyasiga birinchi navbatda ota mas’ul. O‘zingiz boring. – Mening ishimni bilasan-ku. Ular sal qo‘pollik, bee’tiborlik qilsa, mijozlar boshqa oshxonaga ketib qoladi. Hozir nima ko‘p – oshxona ko‘p. – Voy-voy, bu kishining gaplarini qarang. Sizda bor ish bizdayam bor. Sizda bor mijoz bizdayam bor. O‘zingiz ko‘rgansiz, do‘konimning qavatida yana bir nechta do‘kon qatorlashib turibdi. – Mijozlaringga sheriging qarab turar. – Voy, nimalar deyapsiz?! Uning nomi sherik. Aslida konkurent – raqobatchi. Savdoda sherik bo‘larkanmi? Birinchi navbatda o‘zimning molimni o‘tkazay deydi-da. – Xullas, bormaysanmi? – Bormayman, dadasi. Jon deb borardim-u, ilojim yo‘q, vaqtim yo‘q. – Qo‘y-e, topgan bahonangni qara-yu! Ularning tortishuvini eshitib, qo‘shni xonadan oliftalarday kiyingan Sardor chiqib kelib, zarda bilan: – Oyi, dada, qo‘yinglar, urishmanglar. Har galgidek ularning vaqtlari yo‘q ekan, gapingizni menga aytib qo‘ya qolarkansiz deyman, – dedi. Sobit aka o‘g‘lining gapidan xijolat chekib, o‘zini oqlagan bo‘ldi: – Bolam, nega unday deysan? Biz shunchaki qay birimiz borishimizni maslahat qilayotgan edik. Mayli, oyingning vaqti bo‘lmasa, o‘zim boraman. Har doimgiday seni maktabingga tashlab o‘taymi? Sardorning chiroyi ochilib: – Mayli, dadajon! – dedi. Onasi o‘zini noqulay sezib: – Xohlasang, bu safar men oborib qo‘yaman, o‘g‘lim, – dedi. Sardor biroz o‘ylanib: – Yo‘g‘-e, sizning yo‘lingizga teskari-ku, – dedi.

(Davomi bor)
Murod TILLAYEV

 

 

 

ONA MUSICHANING DUOSI

O‘rik daraxtiga musicha in qurib bola ochganidan Halimjon xabardor edi. U bir kuni daraxt tagida yotgan nimjon musicha bolasiga ko‘zi tushdi. Mitti jonivorni beozorgina qo‘liga olib tepaga qaradi-yu, kechagi qattiq shamoldan uyaning buzilganini angladi. Uchirma bo‘lmagan palapon kaftida tipirchilar, daraxt shoxidan musicha jonsarak bolasiga qarardi. Unga: «Bolangdan xavotir olma, u xavfsiz joyda», deya palaponni uyiga olib kirdi-da, buvisiga in yasamoqchi ekanligini aytdi. – Savob ish bo‘ladi, – quvvatladi Hamro xola. Halimjonning kichkinaligidan ustachilikka zavqi baland edi. Rahmatli otasidan qolgan arra va tesha qo‘lidan tushmaydi... Ko‘p o‘tmay tayyor bo‘lgan inni u daraxtning shamolpana joyiga o‘rnatdi, buvisining yordami bilan palaponni uyaga olib chiqdi, suv, don qo‘yishni ham unutmadi. Daraxt tepasida gir aylangan ona musicha mustahkam qurilgan «yangi uyi»ga – bolasining yoniga qo‘ndi-yu, Halimjon bilan buvisi xotirjam bo‘lishdi. Halimjonning otasi yo‘q, uzoq shaharga turmushga chiqib ketgan onasi esa o‘zi bilan o‘zi ovora. Buvisi kasalmand – havo aynisa, o‘zini noxush sezib, tomirlarida og‘riq his qiladi. Yomg‘ir yog‘ishi, tomlaridan chakka o‘tishini o‘ylab, yotib qoladi. – Katta bo‘lsam, mohir usta bo‘laman, biz ham tomi tunukali uyda yashaymiz, mana ko‘rasiz, – deydi Halimjon. ...Quyosh charaqlab nur sochar, qushlar sayrashi quloqqa chalinar, buvi-nabira havoza tagidagi so‘rida choy ichib o‘tirishardi. Sal nariga ikki musicha kelib qo‘ndi-yu, Halimjon: – Buvi, qarang, – dedi ko‘zlari chaqnab. – Musichalargami? – kulimsiradi Hamro xola. Halimjon parvarishlagan palapon allaqachon uchirma bo‘lgan. Endi balandlarga uchishga qodir, lekin uzoqqa ketgisi yo‘q edi. Hamro xola nabirasiga bir rivoyat aytdi: «Luqmoni Hakim ikki bolasini olib, bemorlarni davolagani o‘zga yurtga yo‘l olibdi. So‘qmoq. Havo issiq. Yo‘lda jiyda daraxtini ko‘rib, to‘xtabdi. Daraxt yonida buloqcha bor ekan. Suvga non botirib, tushlik qilibdi. Bir payt kichik o‘g‘ilning ko‘zi jarlikdagi bir teshikka tushibdi. Bilishsa, u endigina bola ochgan musichaning uyasi ekan. O‘g‘il palaponlarni olib berishini dadasidan so‘rabdi. «Mumkin emas. Jo‘jalar nobud bo‘ladi, onasi qarg‘aydi», deb tushuntirmoqchi bo‘libdi Luqmoni Hakim. Lekin bola tushunmay, xarxasha qilaveribdi. Qaytishda olib beraman, va’da beribdi ota. Bolalar ishonishibdi. BOSHIMDAGI SOYABONIM Duogo‘yim onam bo‘lsa, Meni suyib, quchib yursa. U doim yonimda tursa, Meni suysa, meni suysa. Mehribonim onajonim, Siz quvonchim, siz armonim. Sizga atab she’rlar bitay, Boshimdagi soyabonim. Qani endi birga bo‘lsam, Duolarin olib yursam. Yutuqlarim ko‘rsa onam, Nurga to‘lib ketar xonam. Salohiddin SAYFIYEV, Samarqand viloyati, Urgut tumanidagi 118-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi SHU JAJJI QIZALOQ – VATAN UMIDI Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 246-umumta’lim maktabining 2-«G» sinf o‘quvchisi Ominaxon TURSUNOVAga Quyoshmas, asli nur sochgan olamga, Shu beg‘ubor kulgu, beg‘ubor chiroy. Jamalak sochlarin shamol har tongda, O‘rmoqni kunduzi orzu qilar Oy. Shu jajji qizaloq – Vatan umidi, Yo‘llarida kutsin g‘oyibona baxt. Uning qalbi bilan yuksalar, illo, Kelajak atalgan billur, tillo taxt. Farog‘at XUDOYQULOVA Luqmoni Hakim soyada dam olayotgan payt bolalar yashirincha borib, palaponlar chiqib ketmasligi uchun teshikni xas-xashak bilan to‘sib qo‘yibdilar. Luqmoni Hakim begona yurtda ko‘p kasallarni muolaja qilibdi. Qaytayotganlarida katta o‘g‘li musicha uyasiga qilgan ishlarini aytib beribdi. Voh, deya bir qalqibdi Luqmoni Hakim, yugurib borib, xas-xashakni olib tashlabdi. Afsus, palaponlar qurib qolgan, ona musicha esa nima qilarini bilmay, teshik atrofda sarson aylanardi. Uning qarg‘ish va nolasini eshitganday bo‘libdi Luqmoni Hakim. Ko‘z oldi qorong‘ilashib: «Nima qilib qo‘ydilaring?!» debdi jig‘ibiyron bo‘lib. U ho‘ngrab yig‘lab yuboribdi. Bolalar hayron: «O‘sha qushchalarni debmi, ota?» Luqmoni Hakim dedi: «Biz begunoh qushchalarga zulm qildik, endi jabrini ko‘ramiz». Ular o‘z uylariga yetib kelganda, qorong‘i tushgan edi. Bemahalda ikki navkar bostirib kiribdi: «Qayerlarda yuribsiz, Hakim? Shahar hukmdori betob, tabiblarning qo‘lidan hech nima kelmadi, tezda borishingiz kerak!» Hakim bod kasaliga chalingan hukmdorni tekshirib, boshini sarak-sarak qilibdi. – Achchiq bo‘lsa-da, haqiqatni aytsam: muolaja qilish vaqti o‘tibdi... – Muolajani sen qilishing kerak edi, qayerlarda yuribsan?! Hukmdor Luqmoni Hakimni bolalari bilan qo‘shib zindonga tashlashni buyuribdi. Uch kundan keyin hukmdor vafot etibdi. O‘rnini o‘g‘li egallabdi. Oradan ancha vaqt o‘tgach, ziyofat paytida qo‘qqisdan uning tomog‘iga suyak tiqilibdi. U o‘zini har yonga urib najot so‘rardi. Biroq, unga hech kim yordam berolmabdi. Nafas olishi ham mushkullashib qolgan. «Luqmoni Hakimgina bir nima qilishi mumkin», deyishibdi vazirlar. «Lekin otangiz u va bolalarini zindonga tashlagan, o‘lib qolmagan bo‘lsa, hoziroq olib kelamiz». Luqmoni Hakimning ikki bolasi qiyinchilikka dosh berolmay zindonda vafot etgan edi. O‘zi bir ahvolda. Uni olib kelishibdi. Hukmdor ovozi xirillab debdi: – Darddan qutulsam, tilagingni bajaraman. – Agarda aytganimni bajarsangiz, darddan xalos bo‘lasiz. Bu dardning davosi faqat... o‘g‘lingizning issiq qoni, – debdi to‘satdan Hakim. – Nima? – angrayib qolibdi hukmdor. – O‘lsam o‘lamanki, bitta-yu bitta o‘g‘limni... Yo‘q, bunga yo‘l qo‘ymayman. Kundan kun hukmdorning ahvoli og‘irlashibdi. Yana Luqmoni Hakimni olib kelishga majbur bo‘libdilar. Bemor tildan qolgan edi. – Nahotki, davo faqat – begunoh norasidaning qoni, xolos? – so‘radi vazir. – Muolajaning boshqa yo‘li yo‘qmi? Masalan, jarrohlik yo‘li. Tig‘... – Hojati yo‘q tig‘ning, – deya vazirning so‘zini bo‘libdi Luqmoni Hakim. – Yaxshi, bolani olib keling, jallodni ham. Shu payt kimdir pichirlabdi: – Hakim o‘ch olmoqchi. Sobiq hukmdorga bo‘lgan alamini o‘g‘lidan olib, bolasini ko‘z oldida o‘ldirmoqchi! – Unaqa emas, – dedi Hakim. – Meni va farzandlarimni Xudoning o‘zi jazoladi. Bizga qarg‘ish tegdi. Sobiq hukmdorning hukmi bir bahona... – Qarg‘ish? Kimning qarg‘ishi? – hamma hayron. – Qiziq, hamma duo qiladi-ku tabibni?! – Keyin aytib beraman. Bolani keltiring, vaqt g‘animat! Aytganini qildilar. – Bolaning ko‘zini bog‘lang, – buyurdi Hakim. Shamshir ko‘tarib jallod kirib keldi-yu, hukmdor bor ovozi bilan baqirib, shunday qattiq na’ra tortibdiki, tomog‘idagi suyak otilib ketganini sezmabdi». – Qoyil,– dedi Halimjon ibratli rivoyatdan zavqlanib. – Aqlingizga, topgan chorangizga balli, Luqmoni Hakim! – Musichangga qara, – dedi Hamro xola. – Bir nima deyapti senga qarab... Shu payt eshik taqilladi. Halimjon yugurib borib, darchani ochdi. – Uyingizni ta’mirlab beramiz. Mahallaga ajratilgan fond hisobidan. Halimjon xushxabarni buvisiga yetkazgan edi, uning ko‘zlari chaqnab ketdi. – Nahotki...

Muhammad SHODIY
 

RUSTAMJONNING XATOSI

Rustamjon degan bola juda tartibsiz ekan. Kiyimlari har qayerda sochilib yotar, darslarda to‘liq qatnashmas, doim ikki baho olarkan. Kechalari o‘yin o‘ynab, tongda juda kech uyg‘onar ekan. Bir kuni onasi Rustamjonga: – O‘g‘lim, ertaga ikki baho olmagin, ertaroq darslaringni tayyorlab ol. Shunda darsda uxlab qolmaysan. Agar yaxshi baho olib kelsang, seni mehmonga olib boraman, – debdi. Rustamjon shosha-pisha papkasini ko‘tarib, maktabga chopibdi. U darsga kelib, papkasidan kitob va daftarini qidira boshlabdi. Ammo izlaganlari uyida qolib ketgan edi. Rustamjonning ustozi buni bilib, unga yana «2» baho qo‘yibdi. Uyga kelgandan so‘ng, onasi buni ko‘rib, jahli chiqibdi va: – Kelgunimcha uyni yig‘ishtirasan, bu senga jazo, – deb mehmonga ketibdi. Rustamjon tartibsizligidan pushaymon bo‘libdi va boshqa bunday qilmaslikka so‘z beribdi.

Zuhra INOG‘OMOVA, poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 40-umumta’lim maktabining 6-«A» sinf o‘quvchisi

 

Sharh qoldirish
  1. Assalomu alaykum, nashr etilgan gazeta sonlarining elektron shakllari ham mavjudmi? Mavjud bo'lsa - qaysi ssilka bo'yicha o'tiladi? Javob uchun oldindan rahmat!