
Kuni kecha «Yosh kitobxon» ko‘rik-tanlovining Samarqand viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. 10-14 yoshlilar o‘rtasida o‘tkazilgan bellashuvda Paxtachi tumanidagi 24-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Mahliyo O‘roqova g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Endi kitobxon qiz tanlovning respublika bosqichida tengdoshlari bilan bellashadigan bo‘ldi. – Badiiy kitob mutolaa qilish juda yoqimli. Shu bois, har kuni 6-7 soat vaqtimni kitob o‘qish uchun ajrataman va bugungacha uch yuzdan ortiq badiiy asar o‘qidim. Oilamizda ham shunday muhit shakllangan. Gohida biron-bir asar ustida o‘zaro bahsga kirishib ketamiz. Albatta, mutolaaga mehr qo‘yishimda ustozim Nigora Husanovaning xizmati katta. U kishi menga kerakli kitoblarni topib berib, o‘qishga undagan, – deydi Mahliyo O‘roqova. Quvonarlisi, «Yosh kitobxon» tanlovining 15-19 yoshlilar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan viloyat bosqichida shu maktabning 9-sinf o‘quvchisi Mashhura Kamolova 1-o‘ringa munosib deb topildi va bellashuvning respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. Bir maktabdan ikki nafar o‘quvchi «Yosh kitobxon» tanlovining respublika bosqichida bellashadigan bo‘ldi. Biz kitobxon qizlarga omad tilaymiz.
O'z muxbirimiz