
Farzandlarimiz o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini oshirish, Navoiy ijodini chuqur o‘rganish, yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan adabiyotlarni keng targ‘ib etish hamda ustoz-shogird an’analarini rivojlantirish maqsadida, O‘zbekiston «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi Markaziy Kengashi tomonidan «Navoiy vorislari» ko‘rik-tanlovi e’lon qilindi.
Kuni kecha ushbu bellashuvning Sirdaryo viloyat bosqichi ko‘tarinki ruhda bo‘lib o‘tdi. She’riyat kechasida ko‘riktanlovning shahar va tuman bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 11 nafar o‘quvchi eng ko‘p g‘azal yod olish, g‘azalni bexato va ifodali o‘qish, matnning nasriy bayoni (yozma sharhi)ni yaratish, tushunish qiyin bo‘lgan so‘zlarni izohlab berish kabi shartlar orqali o‘z bilimlarini namoyish etdilar. Tanlovda Boyovut tumanidagi 29umumta’lim maktabining 9sinf o‘quvchisi Xurshida Akbarqulova g‘oliblikni qo‘lga kiritib, bellashuvning respublika bosqichiga yo‘llanma oldi. – Navoiy asarlari yoshlarimiz uchun ma’naviy quvvat va yuksalish manbaidir. Uning boy merosini o‘rganish orqali yoshlarda vatanparvarlik va milliy qadriyatlarimizga hurmat tuyg‘usini shakllantirish bosh maqsadimiz, – deydi O‘zMTDP Boyovut tuman Kengashi Ijroiya qo‘mitasi yetakchi mutaxassisi Marziya Muxtorova. – Tumanimiz faxriga aylangan Xurshida Akbarqulova kelajakda o‘zbek flologiyasi yo‘nalishida tahsil olib, Navoiy asarlari bo‘yicha tadqiqot ishini olib borishni niyat qilgan. Yakunda g‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Nurbek QIDIRALIYEV