
Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 316-umumta’lim maktabida «O‘z bolangni o‘zing asra» shiori ostida an’anaviy otalar majlisi o‘tkazildi.
Dastlab, maktabning ma’naviy-ma’rify ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Botir Yusupov so‘zga chiqib, yig‘ilish ishtirokchilariga o‘z farzandlariga mehribon bo‘lishi, ularni darslarni qanday o‘zlashtirayotganliklarini doimiy nazorat qilishi, shuningdek, yosh avlodni ona Vatanga sadoqat ruhida kamol topishi, halol va pok ulg‘ayishlarida ota-onalarning o‘rni beqiyos ekanligi haqida kuyunib gapirdi. Shundan so‘ng, maktab direktori Mavluda Umarova bugungi majlisning ahamiyati haqida o‘z mulohazalarini bildirdi. – Avvallari ota-onalar majlisiga ko‘proq onalar kelardi. Bugungi yig‘ilishga otalarning tashrif buyurishi maktabimizga o‘zgacha fayz bag‘ishladi, – deydi Mavluda opa. Shuningdek, xalqimizning suyukli aktyori Tolib Xojiyev o‘zbek farzandlari erishayotgan muvaffaqiyatlar haqida to‘lqinlanib so‘zladi. Qolaversa, ustoz san’atkor bugun ba’zi yoshlarning bilib-bilmay yovuz insonlar ta’sirida jinoyatga qo‘l urayotganliklarini, bunga esa, ayniqsa, oiladagi otalar aybdor ekanini alohida ta’kidladi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Axtamquli yig‘ilganlarga o‘zi faoliyat olib borayotgan bolalar nashri – «Tong yulduzi» gazetasi haqida so‘zlab berdi. Shoir gazeta sahifalarida farzandlarimizning ijod namunalarini muntazam berib borishni yo‘lga qo‘yish lozimligini ta’kidlab, bugun «Tong yulduzi» gazetasi respublikamizning 10 mingga yaqin maktabiga kirib borayotgani, agar farzandlaringiz bir dona she’r yoki maqola yozsa, bir zumda yuz minglab o‘quvchi va ustozlar mehrini qozonishini otalarga izohlab berdi. Yig‘ilish so‘nggida a’lo baholarga o‘qigan o‘quvchilarning otalari maktab ma’muriyati tomonidan tashakkurnoma bilan taqdirlandi.
Muzaffar AHMEDOV