
Respublika bolalar kutubxonasining Anjumanlar zalida Toshkent madaniyat kolleji o‘quvchilari chalayotgan doiraning «baka-bum»i avjiga chiqqan. Poytaxtimizning Yashnobod tumanidagi 231-umumta’lim maktabi kutubxonachisi Farida opa Begayeva boshchiligidagi o‘quvchilar raqs, she’r tayyorlab kelgan. Nurxonada bayram ekan-da, deysizmi? Xuddi shunday.
Dastlab kitobxon o‘quvchilar jondillari bilan eshitadigan she’rlardan o‘qib berish uchun shoir Ravshan Isoqovga navbat berildi. Ijodkorning ona Vatan haqidagi she’rlaridan bahramand bo‘lgan o‘quvchilar «Biz ham bo‘sh kelmaymiz», deya o‘zlari tayyorlagan badiiy chiqishlarni yig‘ilganlarga namoyish etishdi. Ayniqsa, Shahzoda Jo‘raqulovaning raqsi bayramga monand bo‘ldi. Navbat kutubxona tomonidan avgust oyida o‘tkazilgan «Kun kitobxoni» aksiyasining g‘oliblarini e’lon qilishga keldi. Tanlovda I darajali diplomni qo‘lga kiritgan Umarmirzo unga havas bilan boqayotgan tengdoshlarini kitobxonlikka chorladi. Shundan so‘ng, hamkasbimiz shoira Zahro Hasanova mustaqil diyorimizdagi tinchlik tufayli Siz aziz bolajonlarning ta’lim olishingiz uchun barcha imkoniyatlar yaratilayotganini ta’kidlab, «Notinch mamlakatlarda» nomli she’rini o‘qib berdi. Biz esa tadbirda faol ishtirok etgan o‘quvchilarga gazetamizning yangi sonlarini ulashdik.
Sayyora QODIROVA. Surat muallifi: J. ABDULLAYEV