
...Yuristlar malakasini oshirish markazidagi mashg‘ulotga shoshilayotgandim. Toshkent shahridagi chorrahalardan birida avtomobillar harakati to‘xtatildi. Bu holatni e’tiborsiz qoldira olmadim. Muharririmizga qo‘ng‘iroq qilib, ushbu manzilga zudlik bilan tasvirchilar guruhini yuborishini so‘radim. Tasvirga olish guruhimiz yetib kelguncha boshlovchiga ma’lumotlarni SMS orqali yuborib turdim. Lavha dasturga kiritildi. Men bu joyda suv to‘planib qolayotganining sababini, shuningdek, bu favqulodda vaziyat maxsus xizmat xodimlari tomonidan nazoratga olingani haqida lavha tayyorladim va tezkorlik bilan tomoshabinga yetkazdi.
«Sevimli TV»da faoliyat yuritayotgan jurnalist opangiz Mo‘tabar Nurmuhammedova sharafli, ayni damda o‘ta mashaqqatli kasbni ardoqlab kelayotgan jurnalistlardan. Samarqanddagi hamkasblari uni «Stand up»lar qirolichasi», deyishadi. – Inson biror muvaffaqiyatga erishishi uchun o‘zi tanlagan kasbini chin dildan yaxshi ko‘rishi kerak. Men jurnalistika olamida yashayman, – deydi lavhamiz qahramoni Mo‘tabar Nurmuhammedova. – Ayamning aytishicha, 1-sinfda o‘qib yurgan chog‘larimdanoq ustozlar-u maktabdoshlarimning tiliga tushgan ekanman. Alifbe bayramida sahnadagi ijroimni yig‘ilganlar davomli qarsaklar bilan olqishlashganini ayam faxrlanib eslaydilar. Maktabdagi bayram, turli tadbirlarning faoli edim. Sahnadagi boshlovchilik doim mening zimmamda edi. Bolalikdan insonda qaysidir kasbga nisbatan mehr uyg‘onadi, yoshi bilan barobar bu tuyg‘u ham ulg‘ayib boradi. O‘quvchilik yillarimda paxta dalalarida g‘o‘za ko‘sagidan mikrofon yasab, hammani «gapirtirib» yurardim. Bu mening kasbimga ilk qadamim bo‘lgan bo‘lsa, ajab emas. Kunlarning birida Samarqanddagi STV nodavlat telekanali muxbirlikka qiziquvchi yoshlar uchun tanlov e’lon qildi. SamDUning musiqa fakultetida o‘qiydigan ukam bilan o‘zimizcha ko‘rsatuv g‘oyasini o‘ylab, kastingda qatnashdik. Dastlab kamera qarshisida gapirdik, keyin insho yozdik. Oradan hech qancha vaqt o‘tmay, ukam ikkimizni yoshlar telestudiyasiga chaqirishdi. Bu biz uchun chin ma’noda bayram bo‘lgandi. Inobat Hasanova mening birinchi ustozim. Men o‘sha haqiqatgo‘y, qalami o‘tkir jurnalistning shogirdi ekanligimdan faxrlanaman. «Oltin qalam» milliy mukofoti sovrindori Baxtiyor To‘raxonov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Firdavs Abduxoliqovni ham o‘zimga ustoz deb bilaman va doim ularning mehnatini e’tirof etaman. Respublika miqyosidagi seminarlar, yosh ijodkorlar uchun yozgi media oromgohlarida taniqli jurnalistlar ishtirokida tashkil qilingan «Mahorat darslari»da qatnashdim. Sanasam, hozirgacha xalqaro va respublika darajasida qatnashgan seminarlarim soni 100 dan oshibdi. 2016-yilda Germaniyadagi davlat va nodavlat telekanallari, internet saytlarining faoliyatini kuzatib, malaka oshirish imkoniga ega bo‘ldim. Hozirgacha «Yilning eng faol jurnalisti» Respublika tanlovi, «Ozod yurt to‘lqinlari» media festivali, «Ijtimoiy roliklar media festivali», sud-huquq sohasini yoritgan «Yilning eng yaxshi jurnalisti» tanlovlarining Respublika bosqichi g‘olibligiga erishganman. «O‘zbekiston Mustaqilligiga 25 yil» esdalik nishoni bilan taqdirlanganman. Fursatdan foydalanib, barcha hamkasblarimni kasb bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman. Ularga mustahkam sog‘liq, xonadonlariga osoyishtalik va chin ijodkorlik saodatini tilayman. Hamisha chin so‘zni aytib, doim yuzlari yorug‘ bo‘lsin, – deydi Mo‘tabar opangiz mayin jilmayib. Biz esa bu samimiy tilaklari uning o‘ziga ham hamroh bo‘lishiga tilakdosh bo‘ldik.
Nodira NAZAROVA