Anvarning onasi holsizlanib bir-ikki kun yotib qoldi. Shifokorlar aniq tashxis qo‘ya olishmadi. Faqat parvarishlash kerakligini aytishdi. Anvarning onasidan boshqa yaqin insoni yo‘q edi. Bir kuni maktabda sinfdoshlari uni do‘pposlashdi, jamoadan chet­lashtirishmoq­chi bo‘lishdi. U esa indamay yerga qa­rab turaverdi. O‘rtoqlari uni mazax qila-qila yolg‘iz qoldirishdi. Shunda qan­daydir kuch uni kutubxonaga yetakladi. Yo‘l-yo‘lakay ko‘ylagi-yu shimini to‘g‘rilab, chan­gini qoqib oldi. Kutubxonachi Anvarni shirinsuxanlik bilan kutib oldi va unga bir kitobni berdi. Bu «Sehrli kitob», deya kulib qo‘ydi kutubxonachi mehribonlik bilan.
Anvar shosha-pisha uyiga yetib oldi va kitobni ochib, chin dildan onasi­ning sog‘ayib ketishini tiladi. Kitobda: «Hech qanday orzuga oson erishib bo‘lmaydi, maqsadingga erishmoqchimisan, unda harakat qil, onangni faqat bir narsa qutqarib qoladi, u sehrli so‘zlar bo‘lishi mumkin», deya yozuvlar ko‘ziga tashlandi-yu tezda g‘oyib bo‘ldi. Bundan quvonib, kitobni olib onasi yotgan xonaga kirdi.
– Ona, kutubxonadan sizga kitob olib keldim. Xohlaysizmi, undagi she’rlarni sizga o‘qib beraman?
Onaning yuziga shodlik yugurdi. Ko‘zlari quvonchdan porladi: 
– Yoshligimdan adabiyotga juda qiziqaman. Ko‘plab she’rlarni yod olganman. Asarlar o‘qiganman. Mayli, o‘qib bera qol. Zora undagi so‘zlar ko‘nglimga malham bo‘lsa.
Anvar berilib kitobni o‘qirkan, onasi uni o‘rnidan turib eshitishga intilardi. U ona­sini toliqtirib qo‘ymaslik uchun orada choy damlab, ovqatlantirib ham turdi. Bir kuni maktabdan kelsa, onasi hovlida yurgan ekan. Anvar yugurib borib, onasini quchoqlab oldi. Shunda kitobdagi so‘zlar onasining tuzalishiga umid bag‘ishlaganiga guvoh bo‘ldi.
Anvarning onasi tuzalib ketdi. Shifokorlar bu mo‘jiza oldida lol qolishdi...
Anvar «Sehrli kitob»­ga rahmat aytib, uni o‘pib bag‘riga bosdi va ko‘zidan quvonch yoshlari to‘kildi.

Abdulloh ABDUMO‘MINOV, 
Toshkent shahar, Shayxontohur tumanidagi 102-IDUM o‘quvchisi