Mana, ta’til tugashiga ham sanoqli kunlar qoldi. Maktabimizning ijodkor o‘quvchilari hamon targ‘ibotchi Gulmira opa Usmonova bilan turli tadbirlarda qatnashib kelmoqda. Ustozimiz bizga ona tili va adabiyot fanidan dars berish bilan birgalikda, she’riyatga qiziqadigan o‘quvchilarga doimo yordam beradi. Yaqinda qishlog‘imizdagi qo‘shni maktabning ijodkor o‘quvchilari bilan tadbir tashkil etildi. Bunda she’riyatga, adabiyotga, san’atga, kitobxonlikka qiziquvchi o‘quvchilar o‘zaro bellashdilar. Tadbir yakunida maktabimizning iste’dodli o‘quvchilari birinchilikni egallashdi. Targ‘ibotchi opamiz faxrli o‘rinni qo‘lga kiritganimiz uchun poytaxtga sayohatga olib borishni va’da qildi. Bizning quvonchimiz cheksiz edi.

Erta tongda ustozimizning shaxsiy avtomashinasida yo‘lga otlandik. Yo‘lda ketar ekanmiz, barchamiz yettinchi osmonda sayr qilar edik. Yo‘l-yo‘lakay sayohat rejalarini tuzdik. Va nihoyat, Toshkent shahriga kirib borar ekanmiz, televizorda ko‘rgan joylarimizni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rishga musharraf bo‘ldik. Shaharning ko‘chalari, binolari, yangi-yangi qurilgan inshootlar – barchasini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, chiroyiga mahliyo edik. 
Reja bo‘yicha dastlab, sevimli gazetamiz – «Tong yulduzi» tahririyatiga keldik. Bizni samimiy kutib olishdi. Bizlar gazetaning mas’ul kotibi, Bosh muharrir o‘rinbosari, bo‘lim muharrirlari, musahhihlar bilan yaqindan tanishdik. Shoir Axtamquli bilan yuzma-yuz uchrashdik. O‘quvchilar o‘z ijod namunalaridan o‘qib berishdi. Shoir bizga tavsiyalar berdi va yaqinda nashrdan chiqqan «Ismingni yurakka yashirdim» she’riy to‘pla­midan sovg‘a qildi. 
Biz bu dargohdan olam-olam quvonch, yangi rejalar bilan chiqdik. Keyingi safari­miz Adiblar xiyoboniga bo‘ldi. Sayohatni Ali­sher Navoiy bobo­miz haykaliga gul qo‘yish bilan boshladik. Alloma ruboiylaridan yod aytdik, Bobur, Muqimiy Furqat, Abdulla Avloniy kabi bobolarimizning hayoti va ijodi bo‘yicha suhbatlashdik. 
So‘ngra, vohamizning ajoyib farzandi, baxt va shodlik kuychisi Hamid Olimjon hamda uning turmush o‘rtog‘i Zulfiyaxonim haykallari poyiga gullar qo‘yib, she’rlaridan namunalar o‘qidik. Xullas, xiyobondagi o‘zbek adabiyoti rivojiga hissa qo‘shgan siymolar­ning ajib mushoirasini tinglagandek his qildik. 
Bog‘dan qaytarkanmiz, mana shunday sayohatlar tez-tez bo‘lib turishini niyat qildik. Sayohat taassurotlari ijodkor yoshlarning adabiyotga, she’riyatga bo‘lgan qiziqishining yanada oshishida muhim ahamiyat kasb etishi, shubhasiz. 

Dildora YIGITALIYEVA, 
Jizzax viloyati, Mirzacho‘l tumanidagi 16-umumta’lim maktabi o‘quvchisi