Arvoh shaharlar haqida hech eshitganmisiz? Bunday shaharlar haqida gap ketganda, ko‘z oldimizda Amerika kinolaridagi qo‘rqinchli shaharlar gavdalanadi.

Ustyurt platosining cheksiz poyonida Qibla-Ustyurt qishlog‘i yastanib yotibdi. 286 nafar aholisi bo‘lgan bu kichik qishloq ahli o‘zlarini «adashgan jannat» odamlari deb atashadi. Qadimda u Orol dengizi bo‘yidagi 500 mingdan ziyod aholisi bo‘lgan gullab-yashnagan shahar edi. Aholisi baliq tutish, chorvachilik bilan shug‘ullanar, bolalari dengiz qirg‘oqlarida o‘ynardi. Qibla-Ustyurt o‘ziga yara­sha zamonaviy shaharcha edi, u yerda ikki-uch qavatli uylar, maktab, istirohat bog‘i, feldsherlik punkti, hattoki, vertolyot uchish maydonchasi bor edi.

Mahalliy aholidan bir kishi bolaligini xo‘rsinib eslaydi: «Tumanimizda hamma sharo­itlar mavjud edi, zarur oziq-ovqat­lar vertolyotda yetkazib berilardi. Ammo 80-yillarga kelib Orol dengizi chekindi va fojia yuz berdi: Qishloqda hayot to‘xtab qolgandek edi. Hamma qishloqni tark etib, turli joylarga keta boshladi»...

Qibla – Ustyurtning yago­na markaziy ko‘chasi bo‘ylab borar ekansiz, qishloqning qanchalik obod bo‘lganiga guvoh bo‘lasiz. Qishloq ozoda, odamlar mevali daraxtlar ekishgan. Qaysi xonadonga kirmang, sizni tabassum bilan kutib olishadi. Hovlilar kichik va shinam. Qishloqda umuman chiqindilar yo‘qligini alohida ta’kidlash zarur.

Bugungi kunda odamlar asosan chorvachilik orqasidan kun ko‘rishadi.

– Tuya suti juda to‘yimli, foydali», – deydi qishloq ayollari.

Uzoqdan kichkinagina oq bino ko‘rindi. Bu atigi 30 nafar bola tahsil oladigan qishloq maktabi ekan. Bu yil 1-sinfni bor-yo‘g‘i uch nafar bola tugatibdi. Alifbe bayrami yoki bitiruv kechasi bo‘lsa, butun qishloq ahli nishonlashar ekan. Bolalarning maktabda biroz sho‘xlik qilishga imkonlari ham yo‘q ekan. Boisi, sinf rahbari ham, maktab direktori ham qo‘shnilar bo‘lib, bolalar biror ayb ish qilsalar, darhol uning uyiga kirib ota-onasiga, kattalarga aytishar ekan. Hamma bir-birini yaxshi biladi, to‘y-ma’rakalar hamqishloqlar bilan birga o‘tadi.

Uyali aloqa deyarli yo‘q, odamlar oflayn olamda – qurilmalar, telefonlar, planshetlarsiz yashaydi. Bolalar to‘p tepib, bekinmachoq o‘ynaydi. Kattalar uy-ro‘zg‘or ishlari, kundalik hayot tashvishlari, bolalar tarbiyasi bilan band.

Infratuzilma yo‘qligi va cho‘llanish muammosiga qaramay, aholining chidamliligi, bu joyni tark etishni istamasliklariga qoyil qolmay ilojimiz yo‘q. Ularning yuzlarida baxtiyorlik, samimiyat balqib turibdi...

Qishloqqa kiraverishda bir nuroniy otaxon qumtepalarga qarab, xayol surib o‘tiribdi. Qachonlardir baliq­chi bo‘lgan otaxon Orol dengizida baliq ovlagan kunlarini eslayotgan bo‘lsa, kuni kelib, dengizga yana suv qaytishini orzulayotgan bo‘lsa, ajab emas...

Janna RaHimova