Turkiy sheʼriyat chamanida kuylagan shoirlar qatorida hazrat Navoiyning nomi alohida eʼzoz va ehtirom bilan tilga olinadi.  Amir Temur davrida ilm-fan va adabiyotga boʻlgan eʼtibor tufayli turkiy tilda ijod qiluvchi shoirlar ham adabiyot maydoniga chiqa boshladi. Ammo, turkiy tilda sheʼr bitish asl kamolotga erishishi uchun qariyb bir asr kerak boʻldi va bu vazifani uddalash uchun maydonga Alisher Navoiy chiqib keldi.
   Alisher Navoiy tom maʼnoda boshqa tillar aro jonsarak turkiy tilga jon baxsh etdi. U boshqa soʻz zargarlari ilgʻay olmagan goʻzalliklarini kashf etdi va ushbu tilda dunyoning sanoqligina tillarida yaratilgan “Xamsa” yaratdi. Bu, albatta, turkiy til ravnaqi yoʻlida chinakam buyuk jasorat edi.

      Navoiyni anglash har kimga ham nasib etmaydigan baxtlardan biridir, desak, menimcha, mubolagʻa qilmagan boʻlamiz. Chunki, bu soʻz sanʼatkorining har bir satrini boricha anglamoq uchun inson tafakkuri kamida uning yarmicha tafakkurga ega boʻlmogʻi kerak. Oʻzbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov “Navoiy gʻazallarining bir misrasidagi obraz bizning butun bir sheʼriyatimizdagi xulosadan bir necha marotaba baland turadi” deb bejizga taʼkidlamagan edi.

Hazrat Navoiy ijodkor sifatida faqatgina gʻazallar va sheʼriyatning boshqa janrlarida ijod qilibgina qolmay ilm-fanning boshqa sohalarida ham gʻoyatda sermahsul ijod qilgan. Oʻz davri uchun nisbatan orqada qolgan deb hisoblagan sohalarini boyitishga, oʻzigacha bajarilmagan vazifalarini bajarishga harakat qilgan. Hazrat Navoiyning forsiy va turkiy tillar qiyosiga bagʻishlangan “Muhokamat ul-lugʻatayn” asari bu borada alohida diqqatga sazovor asar desak, yanglishmagan boʻlamiz. Bundan tashqari tarixga bagʻishlangan “Tarixi mulki Ajam”, “Tarixi anbiyo va hukamo” kabi asarlari ham ushbu fan uchun gʻoyatda ahamiyatli asarlar sifatida baholangan. Navoiyning madaniyatimiz rivojiga qoʻshgan hissasini sanayversak, adogʻiga yetish qiyin. Muhimi esa, biz ularni oʻqishimiz va uqishimiz va bizdan keyingi avlodga ham adabiyotga  ham tilga, shu barobarida  Hazrat Navoiy ijodiga muhabbat hissini qoldirishimiz kerak.

      Navoiyni anglash baxti shunday bir qoʻrgʻonki, bu qoʻrgʻonga tayyorgarliksiz, ruhiy tomondan shay holda kirmagan odamning unda adashib qolishi shubhasiz. Bobokalonimizni tushunish uchun bel bogʻlagan kishi uni anglashgacha boʻlgan yoʻlni bosiq oʻtmogʻi kerak. Shu sababli har bir davrda Hazrat Navoiyni yosh avlod tafakkuriga bolalikdan yaqinroq boʻlishiga, uni ertaroq tanitishga harakat qilingan. Bu azaliy anʼana yurtimizda bugungi kunda ham havas qilarli darajada davom  ettirilmoqda. Shayhontohur tumanidagi 20-umumtaʼlim maktabida ham bobomiz tavalludining 580 yilligi  arafasida navbatdagi bayram tadbiri tashkil etildi. Tadbir davomida Navoiy hayoti va ijodi, jamiyat va til rivoji uchun qoʻshgan hissalari  yana bir bor eslab oʻtildi. Shoirning goʻzal misralariga maktabga ilk qadam qoʻygan davrlardanoq muhabbat bilan qaragan oʻquvchi yoshlar esa bobokalonimiz qalamiga mansub gʻazallar va ruboiylarni yoddan aytib berdilar. Tadbirda yurtimizdagi xorijiy oliygohlar filiallaridan ham vakillar ishtirok etib, Navoiy bobomiz haqida atroflicha tasavvurga ega boʻldilar.

Gʻazal mulkining sultoni ijodi hamisha boshqa millatlar adabiyot ahlining diqqat-eʼtiborini oʻziga ohangrabodek jalb etib kelgan. Jumladan, Ozarbayjon shoiri Samad Vurgʻun Navoiy dahosini taʼriflab shunday degan edi:

“Men Navoiyni daryoga qiyosladim va dedimki, bizning ayrim olimlarimiz uning sohillarida taxta qayiqlarda suzishni xohlaydilar. Mening oʻylashimcha, bu muazzam daryoga zamonaviy ilm va madaniyat asosida yasalgan muhtasham bir kema bilan kirish lozimdir”. Bu, shubhasiz, Navoiyni anglash mashaqqatsiz vazifa emasligi butun turkiy adabiyot olamida tan olinishidir. Har bir kishi oʻzligini anglamogʻi, botinini tushunmogʻi uchun Navoiyni oʻqib uqmogʻi lozim. Men esa bunga harakat qilgan va qilayotgan adabiyot ixlosmandlariga chin ijod zavqini tilayman.

Barno Abdullayeva,

Gulchehra Xodjayeva,

Toshkent shahar, Shayxontohur tumanidagi

20-umumta'lim maktabining ona tili va adabiyot fani o'qituvchilari