Hurmatli jurnalist va muharrir, musahhih va matbaachi hamkasblar! Sizlarni 27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan samimiy tabriklayman. Bugun har qachongidan ham ko‘proq g‘ayrat va qat’iyat, shijoat va ijodiy izlanish bilan mehnat qiladigan vaqt. Mamlakatimizda ommaviy axborot vositalari xodimlarini har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, mashaqqatli va halol mehnatini e’zozlash masalasi Muhtaram Prezidentimizning doimiy e’tiborida turibdi.

Tahririyatingiz jamoasi ana shu yuksak ishonchga munosib bo‘lishga astoydil intilmoqda. Sizlar o‘z zimmangizdagi mas’uliyatni teran anglab, Vatanimiz, xalqimiz, navqiron avlodimiz manfaatlari yo‘lida sadoqat bilan xizmat qilayotganingiz tahsinga loyiq. O‘zbekistonimizning barcha bolalari va o‘smirlari qatori mening nabiralarim ham gazetangizni sevib o‘qiydilar. Shu ma’noda, muhim ma’naviy-ma’rify ahamiyatga ega ushbu davriy nashrni talabchan-u didli muxlisjonlaringizga qiziqarli va sermazmun, zamonaviy va rang-barang shaklda taqdim etib kelayotganingiz uchun sizlarga minnatdorlik izhor etaman. Gazetangizning ma’naviy-ma’rify ahamiyatini alohida ta’kidlaganim bejiz emas. E’tibor bering: 2020-yil 1-yanvar holati bo‘yicha yurtimizda 14 yoshgacha bo‘lgan jami bolalar soni 9 million 870 ming 276 nafarni tashkil etmoqda. Shundan 5 million 112 ming 470 nafari o‘g‘il bolalar bo‘lsa, 4 million 757 ming 806 nafari qiz bolalardir. Ana shu qariyb 10 million nafar bolaning aksariyati «Tong yulduzi»ni o‘qiydi. Bu o‘rinda gazetangizning adadi haqida so‘z ketmayapti, albatta. Binobarin, har bitta maktabga bir donadan gazeta kirib borgan taqdirda ham, o‘sha ta’lim maskanidagi qanchadan qancha o‘quvchilar, o‘qituvchilar, ota-onalar, hattoki bobo-buvilargacha uning ma’rifatidan bahra oladilar. Har qanday yomonlikning bir yaxshi jihati bo‘ladi, deydilar. Dunyoni larzaga solgan koronavirus pandemiyasi boshqa mamlakatlar qatori O‘zbekistonda ham tarqalgani va yurtdoshlarimizni anchayin tashvishga solib turgani rost. Shunday murakkab sharoitda qo‘lingiz va ko‘nglingiz ijoddan sovimaganiga shukurlar bo‘lsin. Sizlar o‘z jajji gazetxonlaringizga davriy nashrning elektron nusxalarini yetkazib berish borasida dadil qadam qo‘yganingiz uchun alohida tashakkurimni qabul qilgaysiz. Fursatdan foydalanib, «Tong yulduzi» gazetasi sahifalarida muntazam berib borilayotgan huquqiy mavzudagi, xususan, bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga doir axborotlar ko‘lami, mazmuni hamda sifatini yanada oshirishingizga tilakdoshman. O‘zaro ijodiy hamkorlikdan hamisha manfaatdormiz. Yana bir bor ayyomingiz muborak bo‘lsin!

Akmal SAIDOV,
akademik, yuridik fanlari
doktori