Yakkaxon:
Ko‘kda quyosh gulxan yoqdi,
Soylar yana to‘lib oqdi.
Chiqib xazon ko‘rpasidan,
Boychechaklar kulib boqdi.

Xor: Ko‘ngillarga yorug‘ tushdi,
Shudgorlarga urug‘ tushdi.
Urug‘larga jon bag‘ishlab,
Yomg‘irlar ham qutlug‘ tushdi.

Naqorat: Xor: Navro‘z, Navro‘z, Navro‘z!
Tabiatga zardo‘z.
Bahor dala-dashtda,
Tikar go‘zal kashta.

Yakkaxon:
Qushlar yayrar butoqlarda,
Qo‘y-qo‘zilar o‘tloqlarda.
Elning rizq-u nasibasi,
Tomir otar tuproqlarda.

Xor:
Nurga to‘lsin hayotimiz,
Guldek kulsin hayotimiz.
Qand-u asal sumalakdek,
Shirin bo‘lsin hayotimiz.

Naqorat:

Anvar OBIDJON she’ri,
Jumadulla NAZAROV musiqasi