«ONAJONIM TABIAT» tanloviga

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, ona tabiatning ne’matlarini qachon taniy boshlaganmiz? To esimizni tanigunga qadar, sevimli yozuvchimiz Oybek ta’riflaganidek, tuprog‘ida oltin gullaguvchi ona yerimizda yetishtiriladigan mevalarni yeganmiz, sharbatlarini ichganmiz, poliz ekinlari-yu sabzavotlarni sevib iste’mol qilganmiz. Ba’zan xorijiy mevalarni maqtab yeyishlarining guvohi bo‘laman. Ammo men Ona yurtimiz mevalarini hech qaysi davlat mevalariga alishmayman.

Esimizni taniy-tanimay atrofimizdagi ochilib turgan binafsha-yu chuchmoma, lolaqizg‘aldog‘-u lolalarning go‘zalligidan zavqlanamiz. Kattalar, uzma, deyishsa-da, quloq solmaganmiz. Ammo men daraxtlar-u gullarga, umuman, tabiatga ozor bermaslikni otaonamdan o‘rganganman. Hovlimizdagi mo‘jazgina bog‘imizga qarashni yaxshi ko‘ramiz. Unda anor, gilos, olma, nok, tut kabi mevali daraxtlar bor. Bahor kelishi bilan ularni oqlaymiz, gullar ekamiz. Shuningdek, tuvaklarda ham gullarni parvarishlaymiz. Onam daraxtlarni parvarishlash, gullar landshaftini yaratishga juda qiziqadilar, ular atrof-muhitni ozoda saqlashimizga doimo e’tibor beradilar. O‘z bog‘imizdan mevalarni uzib yeyishning gashti bo‘lakcha. Bobolarimiz «Mehnat qilib topganing qand-u asal totganing», deb bejizga aytishmaganiga guvoh bo‘lamiz. Uyimizga kelgan mehmonlar ham hosilga kirgan mevalarimizni ko‘rib, havas qilishadi. Dadam va oyimni qo‘ligul insonlar, deb maqtashadi. Biz ham ular bilan faxrlanamiz. Tabiatga qancha ko‘p mehr bersak, bu mehr yuz chandon bo‘lib qaytishiga o‘z bog‘imiz misolida amin bo‘lganimni tengdoshlarimga ham so‘zlagim keldi.

Kamola KARIMJONOVA, Toshkent viloyati, Qibray tumanidagi 14-umumta’lim maktabining 7-«B» sinf o‘quvchisi