Dadamning xizmati yuzasidan ikki yil Yaponiya davlatida yashaganmiz. Nagoya shahrida joylashgan Xiroji shogakko maktabiga borgan ilk kunlarimda ustozim menga har bir o‘quvchining portfelida sellofanga o‘ralgan kichkina supurgi va xokandoz bo‘lishi kerakligini aytganida, hayron qolgandim.

ATROF GULLARGA TO‘LSIN

Shunda ustozimiz uydan maktabga, maktabdan uyga ketayotganimizda yo‘limizda uchragan konfet qog‘ozlari, sigaret qoldiqlarini supurib, chiqindilarni yo‘l chetidagi axlat qutisiga tashlab ketishimiz lozimligini, chiqindilar uchun ham hammamiz birdek mas’ul bo‘lishimiz kerakligini tushuntirgan edilar. Maktabdagi barcha tozalash ishlarini ham o‘zimiz bajarar edik. Maktab oshxonasidan ovqatlarni sinfga olib kelish, ularni o‘quvchilarga tarqatish, bo‘shagan idishlarni yana oshxonaga olib borib berish kabi vazifalar n a v - batchilik asosida bajarilardi. Tushlik vaqti tugagach, barchamiz birgalikda s i n f i m i z n i , yo‘lakchamizni va o‘zimiz foydalanadigan hojatxonani tozalab, shundan keyingina yana darslarni boshlardik. Bir kuni ekologiya darsida ustozimiz bizni ichimlik suvi bizgacha qanday yetib kelishini ko‘rsatish maqsadida Nagoya shahri chekkasidagi korxonaga olib bordilar. Ichkariga kirayotganimizda, barchamizdan termoslarimizdagi suvni to‘kib tashlashni so‘rashdi. Daryo suvining ichimlik suvi darajasiga yetguniga qadar bo‘ladigan barcha jarayonlar bilan tanishganimizdan so‘nggina suv ichishga ruxsat berishlarini aytishdi. O‘quv mashg‘ulotimiz davomida suvni filtrlash bo‘yicha 18 ta stansiyaning ishi bilan tanishdik. Juda horib, chanqab, oxirgi jarayon tugagandan keyin toza ichimlik suvini ichganimizda, har birimiz bir qultum suvni ichimlik suvi bo‘lib kranlarimizdan kelishi uchun qancha mashaqqatli mehnat va resurslar sarflanishini tushunib yetdik. Asosiysi, ichimlik suvini qadrlashni o‘rgandik. Biz – O‘zbekistondagi barcha maktab o‘quvchilari ham o‘zimiz yashab turgan atrof-muhitning tozaligi, obodligi uchun faqat olovrang nimcha kiygan onaxonlarimiz emas, balki shu mahallada yashaydigan, shu ko‘chadan yuradigan barcha fuqaro mas’ul ekanligimizni anglashimiz lozim. Men o‘zimiz yashab turgan uyimiz yo‘lagi va zinalarida o‘ndan ortiq tuvaklarda gullar ekib parvarishlayapman. Avvaliga dugonalarim hayron bo‘lishdi: «Gullaringni nega yo‘lak va zinaga olib chiqding, o‘g‘irlab ketishadi-ku?!» deyishdi. «Mahallamizda qo‘shnilarimiz bilan ahil va inoqmiz, gullarimni hech kim olib ketmaydi, u l a r n i uzib ham ketishmaydi», d e d i m u l a r g a javoban. E n d i dugonalarim ham o‘z uylari yo‘lagida tuvaklarda gullar parvarish qilishayapti. Maqsadimiz, o‘zimiz yashab turgan joyda toza havo bo‘lsin, atrofdagilar gullarimiz chiroyidan va toza havodan bahramand bo‘lishsin. Agar barchamiz o‘z mahallamiz, ko‘chamiz, maktabimiz tozaligi uchun harakat qilsak, yurtimiz ekologiyasi sofligiga, o‘zimiz nafas olayotgan havoning tozaligiga hissa qo‘shgan bo‘lamiz. Asosiysi, tabiat in’omi hisoblangan toza havo, toza ichimlik suvi kabi ne’matlarni qadriga yetib, bizdan keyingi avlodlarga sofligicha yetkazishga hissa qo‘shgan bo‘lamiz.

Iymona ABULHASAN,
poytaxtimizning Shayxontohur
tumanidagi 102-umumta’lim
maktabining 7-sinf o‘quvchisi