Vatanimiz hududida bitilgan Zardo‘shtiylikning muqaddas kitobi bo‘lmish «Avesto»da suvning muqaddas ne’matligi ta’kidlangan.

O‘sha zamonlarda suvni ifloslantirgan, unga tuflagan kishini xoh u amaldor, xoh oddiy odam bo‘lsin, qattiq jazolashgan ekan. Qolaversa, biologiya fanidan suv haqidagi o‘qigan ma’lumotlarga e’tibor bersak, usiz hayot yo‘qligini tushunishimiz qiyin emas. Dunyoda shunday davlatlar borki, u yerda yashovchi xalq yerosti suvlarini ichimlik suvi o‘rnida iste’mol qilmoqda. Jumladan, Angliyada yerosti chuchuk suvlari hisobiga zarur bo‘lgan ehtiyojning 2\3 qismi, Yaponiyada 9\10 qismi darajasida qondiriladi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, hozirda sayyoramiz aholisining 1,5 mlrd.ga yaqini ichimlik suvi yetishmasligidan aziyat chekadi. Bizning yurtimizda boshqa mamlakatlarga nisbatan obihayot ancha mo‘l. Pomir va Tyan-Shan tog‘laridan boshlanuvchi o‘nga yaqin daryolar xalqimizning suvga bo‘lgan talabini qondirib kelgan. Afsuski, keyingi yillarda yurtimizning ba’zi hududlarida obihayot tanqisligi kuzatilmoqda. Ilgari aholi foydalanib kelgan ariq va kanallarning suvlari yaroqsiz holga kelmoqda. Eng achinarlisi, bunga biz insonlar sababchi bo‘lmoqdamiz. O‘zimiz iste’mol qiladigan zilol suvni ifloslantirmoqdamiz. Shunday ekan, keling, jonajon yurtimizda suv tanqisligi muammosining kuchayib borishiga yo‘l qo‘ymaylik. Undan asrab-avaylab foydalanaylik!

Xondamir MEHMONOV, Shahobiddin HAKIMOV, Namangan viloyati, Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 31-umumta’lim maktabi o‘quvchilari