Ma’naviyat darsida ustozimiz Surayyo opa Xudoyberdiyeva «Baxt o‘zi nima?» mavzusida tarbiyaviy soat o‘tdilar. Biz baxt haqidagi tushunchamiz bilan o‘rtoqlashdik. Birinchi bo‘lib doskaga Nizom Mestanov chiqdi va: – Men Olloh tomonidan bizga berilgan hayotni va har bir yangi kunimizni baxt deb bilaman, – deya javob berdi. Nasiba To‘laganova esa: – Ota-onamning salomatligi men uchun ulkan baxt, – dedi. Boshqa sinfdoshlarim ham baxt haqidagi fikrlarini bildirishdi. Men ham o‘ylanib qoldim, xo‘sh, men uchun baxt nima? Menimcha, bizning eng katta baxtimiz – yurtimizning tinchligi, bilim olishga bo‘lgan imkonimizning yetarli ekanligi. Ko‘zlarimiz yorug‘ olamni ko‘rib turgani, quloqlarimiz eshitishi, borliqni his qila olishimiz, bir so‘z bilan aytganda, bu bizning baxtimiz! Eng asosiysi, baxt tushunchasini his qila olayotganimiz to‘kis baxtimizdir. Aziz tengdoshim, siz baxtni qanday tasavvur etasiz, bir o‘ylab ko‘ring-a?!

Ortig‘oy SAYDULLAYEVA,
Toshkent viloyati, Chinoz
tumanidagi 45-umumta’lim
maktabining 9-sinf
o‘quvchisi