Dildora opa sinfga kirdi. Sinfdagi bolalarning qiy-chuvi asta tindi. U bolalarga qarab oldi-da, yo‘qlamani boshladi. Yo‘qlama qilib bo‘lgach, o‘quvchilarga shunday dedi: – Bolalar, bugun «R» harf ishtirok etadigan so‘z o‘yini o‘ynaymiz. Uning tartibi shunday: «R» harf ishtirok etgan biror so‘z aytasiz va o‘sha so‘zning oxirgi harf bilan boshlanadigan, «R» harf ishtirok etgan boshqa so‘z aytiladi. Masalan, «Arra», bu so‘z «A» harf bilan tugallanadi. Shu sababli «A» harf bilan boshlanadigan so‘z aytamiz: «Ari». Endi «I» harfga so‘z topamiz. Bu so‘zda ham «R» harf ishtirok etishi kerak. Gaplarim hammaga tushunarlimi? Bolalar baravariga «Ha» deb javob berishdi. – Yaxshi, – dedi Dildora opa. – Unday bo‘lsa, qani, «I» harfga kim so‘z aytadi? Birinchi partada o‘tirgan Kamola darhol qo‘l ko‘tardi. – Qani, Kamola, qanday so‘z topding? – dedi ustoz. – Irmoq, – dedi Kamola. – Juda yaxshi. Endi «Q» harfga kim so‘z aytadi? – Qo‘rg‘on, – dedi Komila. – Juda soz. «N» harfga-chi? – Narvon, – dedi shoshilib Komiljon. – Yaxshi, yana «N» harfga. Qani, kim aytadi? – Norin, – dedi Adham. Bolalar kulib yuborishdi. Chunki Adham ovqatni yaxshi ko‘rar edi-da. – To‘g‘ri, – dedi Dildora opa ham kulib, – «N» harfga, qani, kim so‘z aytadi... – Noto‘g‘ri, – dedi Isroil jon holatda. Hamma hayron bo‘lib qoldi. – Isroil to‘g‘ri aytadi, – dedi Dildora opa. «Noto‘g‘ri» so‘zida ham «R» harf bor. Endi «I» harfga kim misol aytadi? – Internet, – dedi bijirlab Komila. – Juda soz, – dedi xursand bo‘lib ustoz... Shu payt tanaffusga qo‘ng‘iroq chalindi. – Bolalar, so‘z o‘yini sizlarga yoqdimi? – dedi Dildora opa. – Ha, – deyishdi bolalar baravariga. – Unday bo‘lsa, uyingizda ikkita «R» harf qatnashgan so‘zlarga beshta misol yozib keling, – dedi ustoz. Bolalar, sizlarga ham so‘z o‘yini yoqdimi? Siz ham ikkita «R» harf qatnashgan so‘zlarga misol ayta olasizmi?

Bahrom AKBAROV