Yaqinda dadam meni va singlimni Toshkentdagi «G‘alaba bog‘i»ga olib bordilar. O‘sha kuni biz Ikkinchi jahon urushida qatnashgan insonlar haqida yanada ko‘proq bilib oldik.
Biz bog‘ darvozasidan kirib o‘ng tomonga yurgan edik, kinolarda ko‘rganimiz kabi haqiqiy handaq oldidan chiqdik. Uning tosh to‘kilgan ichida yurib, askarlar bu yerda qanday yashaganiga guvoh bo‘ldik. 
Dadam bizga front chiziqlarida bu kabi handaqlar askar¬larning asosiy uyi vazifasini o‘taganini, urushlardagi hujumlar ham, himoya ham ay¬nan handaqlar orqali bo‘lganini so‘zlab ber¬dilar. Unga yondosh joyda asirlar saqla-nadigan kichik lager aks etgan edi. Simli to‘siq tokka ulangan bo‘lib, uning ichida asirlar mungli turishardi. Ozroq yurgach, dala gospitali va harbiylar ko‘chma oshxonasidan chiqdik. 
Bog‘ markazida general Sobir Rahimovning maho¬batli haykali qad rostlagan ekan. Tepalik ostidan o‘rin olgan salqin muzeyga kirarkanmiz, urush muhitini his qildik, tanklar ovozi va olovli joyda qo‘rqib ketdik. Turli hujjatlar, ordenlar, jangchi askarlar kiyimlari, qurol-aslahalar, bayroqlar, bombalar... tarixga tushib qolganday bo‘ldik. Devorlarga chizilgan suratlarni berilib tomosha qildik. 
Bizga voqealar multimedia shaklida xuddi kino ko‘rganday tomosha qildik. Bir joyda o‘zbek ayollari dalada mehnat qilar, aravalarga mevalar to‘ldirilgan yashiklarni ortayotgani aks etgandi. Shu payt singlim: «Dada, urushda mevalar pishadimi?», deb so‘rab qoldi. 
– Yo‘q, bolam, askarlarimizga O‘zbekistondan oziq-ovqatlar va meva-sabzavotlar yetkazib berilgan. Ming afsuski, bu ishlarning barchasi ayollar zimmasiga qolgan. Qo‘liga qurol olishga qodir hamma erkaklar urushga ketgandi… 
Uyga qaytishimizda dadam bizga bobolari urushda qatnashib oyog‘idan yaralangani va umrlarining oxiriga qadar qattiq og‘riqni his etib yashaganliklarini aytib berdilar... 
Urushda juda ko‘p odamlar qurbon bo‘lgan va jabr chekkan ekan. Mard ota-bobolarimiz jasorati bizga ibrat bo‘ladi. Urush yomon va dahshatli ekan. Biz singlim bilan urushni yomon ko‘rib qoldik va dadamga singlim bilan hech qachon urushmaslikka va’da berdik. Agar biz o‘z so‘zimizda tursak, keyingi safar O‘zbekiston tarixi muzeyiga olib borishga va’da berdilar. 
Kamola HASANOVA, 
poytaxtimizning Bektemir tumanidagi 
290-umumta’lim maktabi o‘quvchisi