Qahraton qishning zimiston kechasi... Odatdagidek uyqum qochdi. Uxlay olmadim, negaligini o‘zim ham bilmayman. Balki tashvishlarim menga uyqu bermas, balki qarichilikning ta’siridir. Karavotim yonidagi tokchadan dorimni qidirdim. Tugabdi, bo‘sh dori qutisi qo‘limga ilindi. Ha, mayli, tonggacha chidayman. Ammo bosh og‘rig‘im o‘tib ketmayapti. Shu tobda ko‘zimga torgina, devorlari nuragan xonam, siniq kursi, uchi kemtik piyola, bari-barisi xunuk, juda jirkanch ko‘rinyapti. Boshimning og‘rig‘i ta’siridami, mudray boshladim. Xayolimda elas-elas xotiralar jonlanadi. Go‘yoki hayotim shiftga yozilgan kinofilmday ko‘z oldimda gavdalanyapti... Oilamiz boy-badavlatligi bilan shaharga dong‘i ketgan nufuzli xonadonlardan edi. Men dunyoga kelgan kun o‘n yildan buyon farzand kutayotgan xonadonda shodiyona ila qarshi olindi. Otam, Allohga shukur, deya ismimni Shukrona deb qo‘ygan ekanlar. Aynan shu kuni qo‘shnimiz Vali sartaroshning xonadoni ham bayramxonaga aylangan. Ya’ni, men bilan bir kunda to‘rt o‘g‘ildan keyin qo‘shnimiz Maqsuda yanga qiz farzandni dunyoga keltirganlar. Qizaloqqa Malika deya ism qo‘yishgan ekan. Shunday qilib, men va Malika birga ulg‘aya boshladik. Men qanchalik tantiq, dangasa, yolg‘onchi, manmansiragan qiz bo‘lib ulg‘ayayotgan bo‘lsam, Malika esa mening tamoman aksim, mehnatkash, samimiy bo‘lib voyaga yetdi. Ayniqsa, kitobga, ilm olishga o‘zgacha mehr qo‘ygandi. Yosh bo‘lishiga qaramasdan o‘z oldiga maqsad qo‘yib, o‘qib-o‘rganardi, shifokor bo‘lishni ozru qilardi. Maktabda a’lochilar safida edi. Hamma, hatto otam ham Malikani menga o‘rnak qilib ko‘rsatardi. Mening esa bundan jahlim chiqib, darslardan qochishga va imkon topildi deguncha, Malikaning ko‘nglini og‘ritishga harakat qilardim. Uning kiyimlariko‘rimsiz ekanini, uylari xunuk ko‘rinishini aytib, hammaning oldida dilini siyoh qilardim. Shu yo‘l bilan undan o‘ch olganday bo‘lardim. U onasiga qarashsa, «Cho‘ri qiz», kutubxonadan chiqmay soatlab dars qilsa, «Bo‘lajak olima», deya kesatib unga kun bermasdim. Vaholanki, o‘zim na onamga yordam berardim, na dars tayyorlardim, kunbo‘yi ko‘chada bekor yurardim. Malika esa mendan ranjimas, har doim samimiy gapirardi. Maktabni tamomlayotganda, u menga institutga hujjat topshirishi haqida aytib qoldi.

 

– Xo‘sh, qaysi o‘qishga kirarmishlar bo‘lajak olimamiz? – deya kesatdim.

– Shifokor bo‘lmoqchiman...

Xandon otib kulib yubordim.

– Voy, senmi hali o‘qishga kiradigan, non

olishga pulingiz yo‘q-ku, yana shifokor bo‘larmishlar bu kishim. Dadangni puli yetarmikan?

– Nimalar deyapsan, qanaqa pul, men o‘z bilimim bilan o‘qishga kirmoqchiman.

U shunday dedi-yu, boshqa bir og‘iz ham gapirmay uyiga kirib ketdi. Men kayfiyatim chog‘ bo‘lib raqs klubiga jo‘nadim. Imtihonlar tugagach, otam mendan qaysi kasbni egallash niyatida ekanligimni so‘radilar. Men

uzil-kesil o‘qimayman, deb qo‘ya qoldim.

Yoz o‘tgach, Malikaning o‘qishga kirganini eshitdim. Lekin parvo qilmadim. Bu orada meni badavlat bir xonadonga turmushga uzatishdi. Hayotimdagi qiyinchiliklar shundan keyin boshlandi. Ro‘zg‘or tutishni eplolmay, uydagilardan har kuni dakki eshitdim. O‘zim ham terslik qilib birinchi farzandim Bekzod tug‘ilgandan keyin oilam bilan ajrashib, ota uyimga qaytib keldim. Oradan besh yil o‘tgach, otam saraton kasalligiga chalinib, olamdan o‘tdi. Qo‘limdan hech ish kelmagach, otamning topgan-tutganini yeb yuraverdim. Orada onam ham vafot etdi. Shunday qilib, hayhotday hovlida o‘g‘lim bilan yolg‘iz qoldim. Odamlardan olgan qarzlarim ko‘payib, ota hovlimni sotishga majbur bo‘ldim. Shahar chekkasidan ijaraga uy olib yashay boshladik. O‘g‘lim ulg‘aygach, chet elga ketish payiga tushdi. Bilmadim, balki qaytar dunyo deganlari shudir?! Bekzod men yoshligimda qanday bo‘lsam, shunday bo‘lib ulg‘aydi. Maishatni hamma narsadan ustun qo‘yardi. Axiyri maqsadiga yetib, chet elga ketdi. Mana, o‘n ikki yildan beri o‘zga yurtlarda dom-daraksiz. Har kuni eshikka termulib o‘tiraman. Qaniydi kelib qolsa, deya kutaman. Bilmadim, bu dard menga qanday yo‘liqdi ekan, darmonimni qoldirmadi. Bir kun bozor yo‘laklarini supurayotganimda, to‘satdan boshim aylanib, yiqildim. So‘ng, kasalxonada hushimga keldim. Ko‘zimni ochsam, tepamda oq xalatli, tashvishli nigoh bilan menga qarab turgan ayolga ko‘zim tushdi. Yaxshilab qarasam, u ayol qo‘shnimiz Malika ekanligini bildim. U meni operatsiya qilib, tuni bilan yonimda o‘tirib chiqibdi. O‘sha kuni kasalxonada umuman uxlayolmadim. Yoshligimni behuda narsalarga sarf etib, ilm olmasdan katta xatoga yo‘l qo‘yganimni tushunib yetdim. Bundan keyin hayotimni isloh qilishga, xatolarimni to‘g‘rilashga qaror qildim. Vaqt qadrini anglab yetdim.

Mahliyo O‘ROQOVA,

Samarqand viloyati, Paxtachi tumanidagi

24-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi,

«Yosh kitobxon – 2018» tanlovi g‘olibasi