Hamal, parvona kezdi qirga dilso‘z,
Qiyosin izlasam-da, topmadim so‘z.
Bu kun gulzor aro ko‘nglimni olgay,
Hayot shaydosi bo‘lgan elchi Navro‘z.
Quchib gullarni kezdim lolazorda,
Zimistondan chiqib sarxush bahorga.
Dilim daryosida g‘arq bo‘ldi hijron,
Vatan ishqingda to‘ldim iftixorga.
Shivirlab barg yozar qotgan og‘ochlar,
Yo‘limga kaft ochib turgan ravochlar.
Vatan tuprog‘ida mastona turgay,
Sevingan qaddi larzon qayrag‘ochlar.
Sochib gulzorga nur hamsoya bo‘lgay,
Tizilgan baytlarimga g‘oya bo‘lgay.
Sevinchim sehridan gullaydi ko‘nglim,
Ishonchim oqlagan dil qoya bo‘lgay.

AXTAMQULI