Bolaligim qoldi ortimda,

O‘n yettida yoshginam hozir.

Katta hayot yo‘li oldinda,

Katta hayot peshvoz, muntazir.

Ustozlarim oq yo‘l tilaydi,

Kuzatarkan maktabdan bugun.

Hayajonga qalbim belaydi,

Uzatarkan maktabdan bugun.

Ko‘zimda o‘t, kiprikda shabnam,

Hayrat bilan boqaman har yon.

Chin do‘stlik yo muhabbat chaqnab,

Kuydiradi ko‘nglimni har on...

kabi she’rlar yozib, oq ko‘ylaklar tiktirib, tunlar turib, sochlarimni turlicha turmaklab, kun sanab kutganim – maktab bitiruv oqshomimga ham 46 yil bo‘libdi! Oltin medal olganlar oliygohga kirish uchun to‘rtta emas, bitta imtihon topshirishini bilib, biroz oqsaganim – kimyo fanidan uyga berilgan vazifalarni yod olib bo‘lsa-da, «5» baho olganlarim-chi! Ustoz Rixsi G‘iyosova mardlik qilgan.

– Umida, – degan edi u, – sening bahong kimyodan «4», lekin darsda odobli o‘quvchi bo‘lib o‘tirganing uchun senga «5» baho qo‘yaman! Shunday qilib, bitiruv oqshomiga yetib keldim-u, ammo... qatnasha olmadim. Chunki o‘sha kuni otamni qamab qo‘yishgandi. O‘sha kuniyoq Toshturmaga olib ketishibdi... Oddiy haydovchi bo‘lib ishlaydigan otajonim ikki xonali kichkinagina uy qura boshlagandi, pishgan g‘ishtdan...

– G‘ishtni qaysi pulingga olding? – deyishibdi. O‘rtoqlari kelib, ariqdan loy olib, g‘ishtni taroshlab solinayotgan uyni loysuvoq qila boshlashganida, mening urushlardan omon qaytgan otajonim kichrayib, qop-qorayib uyga kirib keldilar...  «G‘isht xumdondagilar kafillikka oldi, rais sotgan sigir-buzog‘imni hujjatlab berdi», derdi-da, ko‘zlarida yosh aylanardi...Ikki akasi urushda bedarak ketgan, kichigi yarimjon bo‘lib kelgan, o‘zi ham snaryad parchalaridan yaralanib hushidan ketgan, gospitalda hushiga kelganida, o‘ris do‘xtirdan, endi farzand ko‘rolmaysan, degan sovuq xabarni eshitgan otajonim loaqal pishiq g‘ishtli uyda yashashga haqqi yo‘qligidan juda cho‘kib qolgandi! Urushdan qaytgach, uylansam kimnidir baxtsiz qilamanmi, degan xavotirda yetti yil uylanmay yuribdilar. Nihoyat... onam bilan turmush quribdilar, oradan to‘qqiz oy o‘tib, men dunyoga kelibman... «Hali hayotdan umidim katta», deb ismimni Umida qo‘yibdilar. Keyin yana olti qiz, ikki o‘g‘il tug‘ilgan...  Xullas, chala uy o‘shanday qotdi!.. Yillar o‘tdi, otamning o‘sha chala uyini ukam Shavkat naqshinkor ustunlar bilan bezab, yashnatib yubordi. Hozir, kimdir uch qavatli uy solibdi, bitta oilada beshta yengil mashina bor, desa, hech kim hayratlanmaydi. Men «Otamning avtomashina olishiga men ham hissa qo‘shganman», deyish uchun gazeta va jurnallarda chiqqan maqola va she’rlarim uchun olgan qalam haqining hujjatlarini yig‘ib yurgan damlarimni ham kulib, ham alam bilan eslayman. Kambag‘alparvar mamlakat hamma birdek kambag‘al bo‘lsin, der ekan-da, a?..  Endi esa hamma tadbirkor, hamma ko‘proq daromad olish uchun harakatda! Oq kiyimda, oppoq kabutarlardek parvozga shaylanib turgan maktab bitiruvchilariga havasim kelib, yozdim bularni. Siz eng baxtiyor yoshlarsiz! Vatan tinch, yurt obod. Eng asosiysi, halol bo‘ling. Malol bilmay, yaxshilik qiling, kam bo‘lmaysiz! Yaxshilarning umri uzundir!

MUSICHA

Kukuladi musicha:

– Quyosh qizir,

Kunlar isir,

Keldi gulbahor.

Kukuladi musicha:

– Kuldi gullar,

Bo‘ldi dillar

Gulday baxtiyor.

Terib qurt-qumursqani,

Bog‘lar g‘amini yeydi.

Uyimizga in qo‘yib,

Shunda yashayman deydi.

Qish-qirovli tunda ham,

Jazirama kunda ham,

Tinch olamni tark etib,

Ketmas mo‘min, botartib.

Musichajon sadoqatli qush,

Musichajon saodatli qush.

XO‘ROZ

Qaddini kerib yurar,

Rizqini terib yurar,

Erta bilan qichqirar,

Kim ko‘p uxlar, u bilar.

Xo‘rozdan ko‘p nolima,

Ey uyquchi, Olima!

Xafa qilsang tepadi,

Yer kavlab, chang sepadi.

Seni erta uyg‘otsa,

Jahling chiqib tosh otsang.

Quvsang, «xo‘roz» «xo‘roz»lab,

Qoladi u arazlab.

Chaqirmay qo‘yar tongda,

Sen qolasan armonda.

Turma keyin bosh qashib,

Tunni tongga almashib.

Xo‘rozdan ko‘p nolima,

Ey uyquchi, Olima!