(Davomi. Boshi o‘tgan sonda)

Bularning hammasi bola yuragidagi vahimani yanada kuchaytirdi. Hoynahoy, Dev Kenjabotirni sezib qolib, talvasa qilayapti, aks holda, bunday to‘s-to‘polon, shamol-u shovqin bo‘lmasdi... Shu payt birdan hovli darvozasini kimdir qattiq tepa boshladi. – Eshikni och, Xosiyat! Och deyapman, senga! – bo‘g‘iq, qo‘rqinchli tovush eshitildi. Bolaning onasi «Hozir», deya darvoza tomonga yugurib ketdi. Bolaning ko‘zlari katta-katta bo‘lib, derazadan darvoza tomonga qaray boshladi. Darvoza zulfini shaqirladi. So‘ng onasining «Voy, o‘lmasam!» degan tovushi eshitildi. Bola qo‘rquvdan qaltiray boshladi, haqiqatdan Dev ularning hovlisiga kelganga o‘xshaydi. Ammo supada yaralangandek gandiraklab yurayotgan otasi va uni sudrab kelayotgan onasi ko‘rindi. Bolaning yuragi qo‘rquvdan titrab ketdi, otasini Dev quvlab kelganga o‘xshaydi! Endi nima qilishadi?! Otasi bilan onasi uyga kiradigan eshik tomon o‘tib, derazadan pana bo‘lishdi. Bir necha daqiqa tashqaridan ikkalasining g‘idir-bidiri eshitilib turdi. Otasi negadir ingragandek, pishillab ovoz chiqarib qo‘yardi. Balki u Dev bilan olishib, yarador bo‘lgandir... Bola hozir nimadir bo‘lishini sabrsizlik bilan kutib, qotib turardi. Bir payt onasi yolg‘iz o‘zi uyga kirib keldi. Bola onasiga jovdirab tikildi,u esa buvisiga bobillay ketdi. – Mana, sizning o‘g‘lingiz, erkalatganingiz. Yana ichib kelibdilar, – u hiqillab yig‘lab yubordi. – Shu zormandani ichmasalar o‘lib qoladilarmi? Bolaning xo‘rligi kelib, yig‘lab yubordi. Buvisi eshitilar-eshitilmas nolinqirab qo‘ydi: – E, umring uzoq bo‘lgur, qayoqdanam chiqardi bu qiliqni?! Bola ertak eshitishdan umidini uzdi, ko‘zida yosh bilan buvisining yoniga emaklab borib, sandal ko‘rpasiga o‘ranib, yotib oldi. Onasi birov eshitmaydigan ovozda pichirlab, g‘udranib, erini urishardi, hayotidan nolirdi. Ishdan ham qo‘li sovidi chog‘i, hafsalasi pir bo‘lib, ko‘rpaning chetiga ignani qadadi-da, yig‘ishtirib sandiq yoniga qo‘ydi. Keyin har kecha o‘zi uxlaydigan xonaga – erining yoniga ketdi. Buvisi ham ta’bi xira bo‘lib, qo‘lidagi ermagini sandal ustiga tashlab, yonboshladi. Uyda qorachiroq xiragina yonib turardi. Bolaning esa uyqusi kelmasdi... Dev bo‘kirib har tomondan Kenjabotirni izlardi! Topib olsa, uni yeb qo‘yishi turgan gap edi. Qanday bo‘lmasin yordam berish kerak yigitga!.. Tashqarida esa shamol quturgandan-quturar, daraxtlarning shoxlarini bir-biriga qarsillatib urardi. Bo‘ynoq Qizil devning hovliga kirib kelganini sezib, zanjirini shaqirlatib sakrar, vovillardi... Bola bir necha muddat shu tarzda ko‘zlarini yummay tashqarida bo‘layotgan hodisalarga quloq solib yotdi. So‘ng kutilmaganda, birdan o‘rnidan turib «hujum»ga o‘tdi. U sandal ustidagi kitobni qo‘liga oldi. Kitob yuzidagi Qizil dev uzun tirnoqli panjalari bilan hamla qilib, katta ko‘zini olaytirib, irillab turardi. Bola butun kuchini bir yerga to‘plab, ko‘rsatkich barmog‘i uchini tupugi bilan ho‘lladi, pastki labini tishladi-da, Qizil devning ko‘zini tirnoqchasi bilan qitirlatib o‘ya boshladi. Tashqarida esa Dev o‘lim talvasasida o‘kira boshladi, u go‘yo azob bilan jon taslim qilardi. Ko‘p o‘tmay, bola Devning ko‘zini butunlay o‘yib tashladi va kulimsirab yostiqqa ohista boshini qo‘ydi. – Endi dev ko‘r bo‘ldi, – deya o‘yladi u sevinib, – qanday qilib Kenjabotirni topa oladi? Bola sevina-sevina, onasini otga mindirib, uyga olib qaytayotgan Kenjabotir haqida anchagacha xayol surib yotdi. Ertakning davomini o‘zi to‘qidi, so‘ng uxlab qoldi. Tashqarida esa shamol hamon quturar, kurrai-zaminga, tunga tinchlik bermasdi...

(Tamom)