Bu voqeaga 20 yildan oshdi. Onam hududimizdagi 49-maktabda adabiyot fanidan dars berardilar. Men shu maktabning ona tiliga yo‘naltirilgan maxsus 5­sinfida o‘qirdim. Qattiqqo‘l, talabchan, bir so‘zli ustoz bo‘lganlari uchunmi, onamni hamma hurmat qilar edi. Onam juda gapga chechan, chiroyli hamsuhbat ham edilar. Har bir ishingizga mos maqol aytib, nishonga tegadigan so‘zlar bilan hammani lol qoldirardi. Kunlarning birida onam: «Bugun adabiyot darsida nima o‘qiding?» deb savol berib qoldilar. Men o‘tilgan mavzuni onam istagandek, to‘liq, lo‘nda va chiroyli tarzda aytib berolmadim. Shunda onam, chuqurlashtirilgan sinfda o‘qiyman, deb rosa chuqurga kirib ketibsiz-ku, deya piching qilib, jahli chiqdi. So‘ng, Sadriddin Ayniyning «Sudxo‘rning o‘limi» asarini o‘qib, mazmunini gapirib berish uchun menga bir hafta muhlat berdilar. Men onamdan juda qo‘rqardim. Chunki qizim-ku, deb ayab o‘tirmasdilar. Asarni so‘zma-so‘z yodlab olgan bo‘lsam-da, onamning qo‘lidagi kaltakni ko‘rib, hammasi yodimdan ko‘tarildi. Xullas, onamning menga bergan birinchi savoli shunday bo‘ldi: «Sadriddin Ayniy qayerda tug‘ilgan?» Soktari degan qishloqda tug‘ilganini bilardim, ammo... Yig‘lab turib, «Yangamning qishlog‘ida tug‘ilgan», deya javob qilgandim. Shunda onam miriqib kuldi. Sadriddin Ayniyning tug‘ilgan qishlog‘ini shu tarzda yodimda saqlaganimga o‘zimning ham haligacha kulgim keladi. Shundanmi, adabiyot fanidan o‘qigan har bir mavzum onamning qattiqqo‘lligi, jonkuyarligi tufayli hanuzgacha yodimda. Tasodifni qarangki, taqdir taqozosi bilan bugun onamning xandon kulgusiga sabab bo‘lgan yozuvchining qishlog‘i – Soktarida yashayman.

Marg‘uba HAYITOVA, Buxoro viloyati, G‘ijduvon tumanidagi 19-umumta’lim maktabining ingliz tili fani o‘qituvchisi