(Davomi. Boshi o‘tgan sonlarda)

Qadim zamonda yozi sermeva, qishi serqor bir mamlakatda qulchilik avj olgan ekan. Qullar o‘z xohish-ixtiyori bilan yashay olmas, butun borlig‘i egasining ixtiyorida ekan. Hatto ayrim zolim qul egalari qo‘l ostidagilarni qanday qilib o‘ziga bo‘ysundirishni boshqalarga namoyish qilish maqsadida ularni oftobga qo‘yib, yog‘i erib ketgunicha ushlab turarkan. Yoki qattiq sovuq havoda qul bechoralarni muzlab qolguniga qadar tashqarida qoldirarkan. O‘sha zamonlarda bozorda qullarning narxi yoshiga qarab belgilanar ekan. Ayniqsa, o‘smir-yoshlarning narxi juda baland bo‘larkan. Kunlarning birida ana shunday o‘smirlarning besh-oltitasini arqonga bog‘lab, qul bozoriga haydashibdi. Ular tor yo‘llar, changalzorlar, goh suvsiz sahro-yu biyobonlar, goh zaharli ilonlar yashaydigan vodiylardan o‘tibdi. O‘smir qullar orasida ko‘zlari chaqnab turgan bir bola ham bo‘lib, ismi Lochin ekan. Lochin hamqishloqlari bilan keta turib, ularga bir gapni aytibdi: – Bilasizlar, ilgari ham qul bo‘lib sotilganman. Bir amallab qochishni uddalaganman. Mana yana qo‘lga tushdim. Shu bois, qul bo‘lgandan ko‘ra yaxshisi ozodlik yo‘lida o‘lganimiz yaxshi. Tunda egalarimiz o‘tov ichida sham yoqib, oshiq o‘ynab, bir-birlariga bizni sotishadi. Xo‘p desanglar, ana shu o‘yin avjiga chiqqan mahal yonimda yashirib qo‘ygan pichog‘im bilan arqonlarni kesaman. Keyin birgalashib qochamiz! Rozi bo‘lsanglar, ishni reja qilaman, – debdi. Bunga barcha rozi bo‘libdi. Uchinchi kun kechasi oshiq o‘yini rosa qizibdi. Shu mahal Lochin qo‘lidagi kichkina xanjar bilan avval hamqishloqlari, so‘ng o‘zining qo‘li va oyog‘idagi arqonlarni kesibdi. Barcha qullar changalzor oralab noma’lum tomonga qarab qochibdi. Ular bir kecha-yu bir kunduz yo‘l yuribdi. Birovining oyog‘iga tikon kirib qonagan, yana biri suvsizlikdan holdan toyibdi. Shunda Lochinning bobosidan eshitgan gap yodiga tushibdi: «Ey o‘g‘lim, aqling bor, uni ishlatish uchun farosat ham kerak. Xudodan nimani so‘rasang, beradi. Faqat har doim aqlingni ishlatib, farosat bilan ish ko‘r», derkan. Axiyri qochayotganlar bir to‘p yantoq yonida to‘planibdi. Lochin «Shu yantoqning tubida suv bo‘lishi kerak, agar suv bo‘lmaganida edi, mana bu yerlar ham allaqachon qurigan bo‘lardi», debdi. So‘ng, qo‘lidagi xanjar bilan yantoqning tagini kovlabdi. Qarasa, ularga yetarli suv bor ekan. Yigitlar suv ichgach, anchayin tetik bo‘lishibdi. Yaratganga shukronalar aytib, yana yo‘lga tushibdi. Bu sahroning yomon tomoni bor ekan: kunduzi odamlar jazirama issiqdan, suvsizlikdan rosa aziyat chekar, tunda shunday qattiq sovuq bo‘lar ekanki, tirik jonning omon qolishi mo‘jiza ekan. Sovuqdan diydiragan yo‘lovchilar nima qilarini bilmay turganda yana Lochinning xayoliga bobosining «Ikki toshni bir-biriga ursang, uchqun chiqadi. Uchqunni yumshoq bir narsaga tutashtirsang, olovga aylanadi», degan gapi yodiga tushibdi. So‘ng u ikki toshni topibdi-da, bir-biriga urishtiribdi. Shunda qurib qolgan o‘t-giyohlarga uchqun tushib, alangalabdi. Oltov qochqin quruq shoxlar topib kelib isinibdi. Shu tariqa ular jonlarini omon saqlab qolibdi. Erta tongda bolalar yana yo‘lga tushishibdi. Bir necha kun och-nahor, suvsiz yo‘l bosishibdi. Ayrimlari holsizlanib, hushidan keta boshlabdi. Qolganlari ham bir-biriga suyanib, arang yurib borishardi. Shu tariqa ular shovullab oqayotgan daryo bo‘yiga borib qolishibdi. Bu paytda olti qochqindan ikkitasigina hushida ekan. Lochin daryodan hovuchlab suv keltirib, ularga ichiribdi. Hushidan ketganlar asta o‘ziga kela boshlabdi. Keyin atrofni kuzatishibdi. Qarashsa, bu yerda mevali bog‘lar juda ko‘p ekan. Qochqinlar shirindan shakar mevalardan olib yeyishibdi. Asta kuch-quvvatga kirgach, daryo bo‘yida yashay boshlashibdi. Taqdirni qarangki, ular uch o‘g‘il, uch qiz ekan. Yaratgan yoshlarning ko‘ngillariga mehr-muhabbat tuyg‘ularini solibdi va ular turmush qurishibdi. Vaqtlar o‘tib, navbati bilan har oilada farzandlar dunyoga kelibdi. Bora-bora daryo bo‘yidagi so‘lim maskanda Qulobod degan bir qishloq paydo bo‘libdi. Shunday qilib, bir yosh o‘smirning aqli va farosati tufayli qullikda yo‘q bo‘lib ketishi mumkin bo‘lgan yigit-qizlar omon qolishibdi. Qissadan hissa shuki, aqlli va farosatli inson bu hayotda juda ko‘p baxt va omadga erishadi.

Xudoyberdi TO‘XTABOYEV, O‘zbekiston xalq yozuvchisi