(Davomi. Boshi o‘tgan sonlarda)

OTANG BOZOR, ONANG BOZOR

– Gulchehra, o‘g‘lingning maktabidan ota-onalar majlisiga chaqirtirishyapti. Sinf rahbari alohida tayinladi. Ikkimizdan birimiz borishimiz shart ekan, – dedi peshonasini tirishtirib Sobit aka. – Yana pul-mul yig‘ishayotgandir-da. Shunaqa dardi bo‘lsa, Sardordan aytib yuboraversa bo‘lardi-ku, – dedi ensasi qotib Gulchehra opa. – Yo‘q, «O‘g‘lingizning xulqi haqida jiddiy gaplashib olishimiz kerak», dedi. Yana bir baloni boshlamagan bo‘lsin-da, bu erkatoying, – dedi «uf» tortib Sobit aka. – Nega mening erkatoyim bo‘larkan? Nima, sizning o‘g‘lingiz emasmi? – Senga birov mening o‘g‘lim emas, deyaptimi? Bitta-yu bitta o‘g‘il deb juda erkalatvording deyapman. Og‘zidan chiqqanini zumda muhayyo qilding. Koyisam, «O‘zi bittagina bolam bor!» deb oraga tushding. – E, elburutdan vahima qilavermang. O‘zi o‘qituvchi xalqi sal vahimachiroq bo‘ladi. Boring, gaplashib ko‘ring. Balki xavotir oladigan hech gap yo‘qdir. – Gulchehra, sen onasan. O‘qituvchisi ham ayol. Bir-birlaringning tillaringni yaxshiroq tushunasizlar. O‘zing borib kela qol. – Men ona bo‘lsam, siz otasiz. O‘g‘il bolalarning tarbiyasiga birinchi navbatda ota mas’ul. O‘zingiz boring. – Mening ishimni bilasan-ku. Ular sal qo‘pollik, bee’tiborlik qilsa, mijozlar boshqa oshxonaga ketib qoladi. Hozir nima ko‘p – oshxona ko‘p. – Voy-voy, bu kishining gaplarini qarang. Sizda bor ish bizdayam bor. Sizda bor mijoz bizdayam bor. O‘zingiz ko‘rgansiz, do‘konimning qavatida yana bir nechta do‘kon qatorlashib turibdi. – Mijozlaringga sheriging qarab turar. – Voy, nimalar deyapsiz?! Uning nomi sherik. Aslida konkurent – raqobatchi. Savdoda sherik bo‘larkanmi? Birinchi navbatda o‘zimning molimni o‘tkazay deydi-da. – Xullas, bormaysanmi? – Bormayman, dadasi. Jon deb borardim-u, ilojim yo‘q, vaqtim yo‘q. – Qo‘y-e, topgan bahonangni qara-yu! Ularning tortishuvini eshitib, qo‘shni xonadan oliftalarday kiyingan Sardor chiqib kelib, zarda bilan: – Oyi, dada, qo‘yinglar, urishmanglar. Har galgidek ularning vaqtlari yo‘q ekan, gapingizni menga aytib qo‘ya qolarkansiz deyman, – dedi. Sobit aka o‘g‘lining gapidan xijolat chekib, o‘zini oqlagan bo‘ldi: – Bolam, nega unday deysan? Biz shunchaki qay birimiz borishimizni maslahat qilayotgan edik. Mayli, oyingning vaqti bo‘lmasa, o‘zim boraman. Har doimgiday seni maktabingga tashlab o‘taymi? Sardorning chiroyi ochilib: – Mayli, dadajon! – dedi. Onasi o‘zini noqulay sezib: – Xohlasang, bu safar men oborib qo‘yaman, o‘g‘lim, – dedi. Sardor biroz o‘ylanib: – Yo‘g‘-e, sizning yo‘lingizga teskari-ku, – dedi.

(Davomi bor)
Murod TILLAYEV