O‘rik daraxtiga musicha in qurib bola ochganidan Halimjon xabardor edi. U bir kuni daraxt tagida yotgan nimjon musicha bolasiga ko‘zi tushdi. Mitti jonivorni beozorgina qo‘liga olib tepaga qaradi-yu, kechagi qattiq shamoldan uyaning buzilganini angladi. Uchirma bo‘lmagan palapon kaftida tipirchilar, daraxt shoxidan musicha jonsarak bolasiga qarardi. Unga: «Bolangdan xavotir olma, u xavfsiz joyda», deya palaponni uyiga olib kirdi-da, buvisiga in yasamoqchi ekanligini aytdi. – Savob ish bo‘ladi, – quvvatladi Hamro xola. Halimjonning kichkinaligidan ustachilikka zavqi baland edi. Rahmatli otasidan qolgan arra va tesha qo‘lidan tushmaydi... Ko‘p o‘tmay tayyor bo‘lgan inni u daraxtning shamolpana joyiga o‘rnatdi, buvisining yordami bilan palaponni uyaga olib chiqdi, suv, don qo‘yishni ham unutmadi. Daraxt tepasida gir aylangan ona musicha mustahkam qurilgan «yangi uyi»ga – bolasining yoniga qo‘ndi-yu, Halimjon bilan buvisi xotirjam bo‘lishdi. Halimjonning otasi yo‘q, uzoq shaharga turmushga chiqib ketgan onasi esa o‘zi bilan o‘zi ovora. Buvisi kasalmand – havo aynisa, o‘zini noxush sezib, tomirlarida og‘riq his qiladi. Yomg‘ir yog‘ishi, tomlaridan chakka o‘tishini o‘ylab, yotib qoladi. – Katta bo‘lsam, mohir usta bo‘laman, biz ham tomi tunukali uyda yashaymiz, mana ko‘rasiz, – deydi Halimjon. ...Quyosh charaqlab nur sochar, qushlar sayrashi quloqqa chalinar, buvi-nabira havoza tagidagi so‘rida choy ichib o‘tirishardi. Sal nariga ikki musicha kelib qo‘ndi-yu, Halimjon: – Buvi, qarang, – dedi ko‘zlari chaqnab. – Musichalargami? – kulimsiradi Hamro xola. Halimjon parvarishlagan palapon allaqachon uchirma bo‘lgan. Endi balandlarga uchishga qodir, lekin uzoqqa ketgisi yo‘q edi. Hamro xola nabirasiga bir rivoyat aytdi: «Luqmoni Hakim ikki bolasini olib, bemorlarni davolagani o‘zga yurtga yo‘l olibdi. So‘qmoq. Havo issiq. Yo‘lda jiyda daraxtini ko‘rib, to‘xtabdi. Daraxt yonida buloqcha bor ekan. Suvga non botirib, tushlik qilibdi. Bir payt kichik o‘g‘ilning ko‘zi jarlikdagi bir teshikka tushibdi. Bilishsa, u endigina bola ochgan musichaning uyasi ekan. O‘g‘il palaponlarni olib berishini dadasidan so‘rabdi. «Mumkin emas. Jo‘jalar nobud bo‘ladi, onasi qarg‘aydi», deb tushuntirmoqchi bo‘libdi Luqmoni Hakim. Lekin bola tushunmay, xarxasha qilaveribdi. Qaytishda olib beraman, va’da beribdi ota. Bolalar ishonishibdi. BOSHIMDAGI SOYABONIM Duogo‘yim onam bo‘lsa, Meni suyib, quchib yursa. U doim yonimda tursa, Meni suysa, meni suysa. Mehribonim onajonim, Siz quvonchim, siz armonim. Sizga atab she’rlar bitay, Boshimdagi soyabonim. Qani endi birga bo‘lsam, Duolarin olib yursam. Yutuqlarim ko‘rsa onam, Nurga to‘lib ketar xonam. Salohiddin SAYFIYEV, Samarqand viloyati, Urgut tumanidagi 118-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisi SHU JAJJI QIZALOQ – VATAN UMIDI Poytaxtimizning Yunusobod tumanidagi 246-umumta’lim maktabining 2-«G» sinf o‘quvchisi Ominaxon TURSUNOVAga Quyoshmas, asli nur sochgan olamga, Shu beg‘ubor kulgu, beg‘ubor chiroy. Jamalak sochlarin shamol har tongda, O‘rmoqni kunduzi orzu qilar Oy. Shu jajji qizaloq – Vatan umidi, Yo‘llarida kutsin g‘oyibona baxt. Uning qalbi bilan yuksalar, illo, Kelajak atalgan billur, tillo taxt. Farog‘at XUDOYQULOVA Luqmoni Hakim soyada dam olayotgan payt bolalar yashirincha borib, palaponlar chiqib ketmasligi uchun teshikni xas-xashak bilan to‘sib qo‘yibdilar. Luqmoni Hakim begona yurtda ko‘p kasallarni muolaja qilibdi. Qaytayotganlarida katta o‘g‘li musicha uyasiga qilgan ishlarini aytib beribdi. Voh, deya bir qalqibdi Luqmoni Hakim, yugurib borib, xas-xashakni olib tashlabdi. Afsus, palaponlar qurib qolgan, ona musicha esa nima qilarini bilmay, teshik atrofda sarson aylanardi. Uning qarg‘ish va nolasini eshitganday bo‘libdi Luqmoni Hakim. Ko‘z oldi qorong‘ilashib: «Nima qilib qo‘ydilaring?!» debdi jig‘ibiyron bo‘lib. U ho‘ngrab yig‘lab yuboribdi. Bolalar hayron: «O‘sha qushchalarni debmi, ota?» Luqmoni Hakim dedi: «Biz begunoh qushchalarga zulm qildik, endi jabrini ko‘ramiz». Ular o‘z uylariga yetib kelganda, qorong‘i tushgan edi. Bemahalda ikki navkar bostirib kiribdi: «Qayerlarda yuribsiz, Hakim? Shahar hukmdori betob, tabiblarning qo‘lidan hech nima kelmadi, tezda borishingiz kerak!» Hakim bod kasaliga chalingan hukmdorni tekshirib, boshini sarak-sarak qilibdi. – Achchiq bo‘lsa-da, haqiqatni aytsam: muolaja qilish vaqti o‘tibdi... – Muolajani sen qilishing kerak edi, qayerlarda yuribsan?! Hukmdor Luqmoni Hakimni bolalari bilan qo‘shib zindonga tashlashni buyuribdi. Uch kundan keyin hukmdor vafot etibdi. O‘rnini o‘g‘li egallabdi. Oradan ancha vaqt o‘tgach, ziyofat paytida qo‘qqisdan uning tomog‘iga suyak tiqilibdi. U o‘zini har yonga urib najot so‘rardi. Biroq, unga hech kim yordam berolmabdi. Nafas olishi ham mushkullashib qolgan. «Luqmoni Hakimgina bir nima qilishi mumkin», deyishibdi vazirlar. «Lekin otangiz u va bolalarini zindonga tashlagan, o‘lib qolmagan bo‘lsa, hoziroq olib kelamiz». Luqmoni Hakimning ikki bolasi qiyinchilikka dosh berolmay zindonda vafot etgan edi. O‘zi bir ahvolda. Uni olib kelishibdi. Hukmdor ovozi xirillab debdi: – Darddan qutulsam, tilagingni bajaraman. – Agarda aytganimni bajarsangiz, darddan xalos bo‘lasiz. Bu dardning davosi faqat... o‘g‘lingizning issiq qoni, – debdi to‘satdan Hakim. – Nima? – angrayib qolibdi hukmdor. – O‘lsam o‘lamanki, bitta-yu bitta o‘g‘limni... Yo‘q, bunga yo‘l qo‘ymayman. Kundan kun hukmdorning ahvoli og‘irlashibdi. Yana Luqmoni Hakimni olib kelishga majbur bo‘libdilar. Bemor tildan qolgan edi. – Nahotki, davo faqat – begunoh norasidaning qoni, xolos? – so‘radi vazir. – Muolajaning boshqa yo‘li yo‘qmi? Masalan, jarrohlik yo‘li. Tig‘... – Hojati yo‘q tig‘ning, – deya vazirning so‘zini bo‘libdi Luqmoni Hakim. – Yaxshi, bolani olib keling, jallodni ham. Shu payt kimdir pichirlabdi: – Hakim o‘ch olmoqchi. Sobiq hukmdorga bo‘lgan alamini o‘g‘lidan olib, bolasini ko‘z oldida o‘ldirmoqchi! – Unaqa emas, – dedi Hakim. – Meni va farzandlarimni Xudoning o‘zi jazoladi. Bizga qarg‘ish tegdi. Sobiq hukmdorning hukmi bir bahona... – Qarg‘ish? Kimning qarg‘ishi? – hamma hayron. – Qiziq, hamma duo qiladi-ku tabibni?! – Keyin aytib beraman. Bolani keltiring, vaqt g‘animat! Aytganini qildilar. – Bolaning ko‘zini bog‘lang, – buyurdi Hakim. Shamshir ko‘tarib jallod kirib keldi-yu, hukmdor bor ovozi bilan baqirib, shunday qattiq na’ra tortibdiki, tomog‘idagi suyak otilib ketganini sezmabdi». – Qoyil,– dedi Halimjon ibratli rivoyatdan zavqlanib. – Aqlingizga, topgan chorangizga balli, Luqmoni Hakim! – Musichangga qara, – dedi Hamro xola. – Bir nima deyapti senga qarab... Shu payt eshik taqilladi. Halimjon yugurib borib, darchani ochdi. – Uyingizni ta’mirlab beramiz. Mahallaga ajratilgan fond hisobidan. Halimjon xushxabarni buvisiga yetkazgan edi, uning ko‘zlari chaqnab ketdi. – Nahotki...

Muhammad SHODIY