Dolzarb mavzular va ularga sharhlar

Onam poytaxtda yashov­chi xolamdan tez-tez xabar olib turadilar. Bir safar, meni ham olib boring, deb turib oldim. Onam rozi bo‘ldilar. Urganch aeroportida samolyotga chipta olayotganimizda kutish zalida bir necha san’atkorlarni ko‘rib qoldim. «Oyi, bu yerda konsert bo‘ladimi?» desam, «Yo‘q, bu san’atkorlar ham sayohatga borishyapti», dedi. Ular orasida buvijonim va otam-onam qo‘shiqlarini sevib tinglaydigan Og‘abek Sobirov hamda Navro‘z Sobirov ham bor ekan. Ular bilan suratga tushdik. Chunki o‘sha paytlarda ularday katta bo‘lib qolishni xohladim. Samolyotga uzun zinalardan yurib chiqdik. Uning ichi juda keng ekan. Men oyna tarafga o‘tirdim.
– Samolyot oynasidan yerga qarasam, u juda katta ko‘rindi. Shunda onam­ga, yer ko‘p ekan-ku, nega odamlar yer talashib bir-birlari bilan urishishadi, axir u hammaga yetarkan-ku, – dedim.
Onam savolimga javob berolmay bir muddat o‘ylanib qoldilar...
 Poytaxtda Mustaqillik maydonini aylandik, Toshkent City va Ashxobod sayilgohlariga bordik. Judayam chiroyli joylar ekan. Metroga tushdik. Va nihoyat, uyga qaytish maqsadida yana chipta olish uchun aeroportga bordik.
Bizdan keyingi navbatda taniqli aktyor To‘xtamurod aka Azizov turgan ekanlar. Men u kishini tanidim va salom berdim. Ular tabassum bilan salomimga alik oldilar. – Oyi, bu sevimli aktyorimizga navbatimizni bera qolaylik, – dedim va onamning javobini ham kutmay To‘xtamurod akani oldinga o‘tkazib yubordim. Shundan so‘ng, aktyori­miz bizni kutib turdilar-da, meni duo qildilar.
Men samolyotdagi ilk parvozim shunchalik sarguzashtlarga boy bo‘ladi, deb o‘ylamagandim. Bunday sayohat uchun dadajonim va onajonimga rahmatlar aytdim. Safar taassurotlarimni do‘stla­rimga to‘lib-toshib gapirib berdim. 

Ibrohimjon HURMATOV, 
Xorazm viloyati, Hazorasp tumanidagi 32-umumta’lim maktabining 2-«V» sinf o‘quvchisi