Dolzarb mavzular va ularga sharhlar

Mana, yigirma yildan ham oshibdiki, maktabda ona tili va

adabiyot fanidan dars berib kelmoqdaman. O‘quvchilarimni

ona tilimizning jozibadorligidan bahramand etayotganim bilan

faxrlanaman. «Tong yulduzi» gazetasi o‘quvchilik yillarimizdan

buyon men uchun qadrli gazeta. Uning har bir sahifasini katta

qiziqish bilan o‘qiyman.

Men ham gazetaning «Bir kuni darsda» sahifasi uchun maqola yozishni dilimga tugdim. Bu borada ko‘pgina xotiralar yodimga tushadi. Pedagogik faoliyatim davomida qanchadan qancha ota-onalar bilan muloqotda bo‘laman. Ulardan iliq va minnatdorlik so‘zlarini eshitganimda, o‘qituvchi ekanligimdan g‘ururlanib ketaman. Darslarimda a’lo baholarga o‘qib, ona tili fanidan «Fan olimpiadasi»ning viloyat bosqichida ham faol qatnashgan Adiba ismli o‘quvchim bor edi. Uning 60 yoshlardan oshgan bobosi bir kuni maktabga kelib, darsda ekanligimda meni izlab topibdi. So‘ngra, u nabirasiga yaxshi bilim berganim uchun shunday minnatdorchilik so‘zlarini aytdiki, o‘sha paytdagi quvonchimni ta’riflashga tilim ojiz. Hozirda ana shu o‘quvchim oliy o‘quv yurtining talabasi.

Yana bir voqea. 5-sinf o‘quvchilariga dars o‘tayotgan edim. Eshik taqillab qoldi. Qarasam, shu sinfda o‘qiydigan Shohruh ismli o‘quvchining onasi turibdi. U ochiq chehra bilan:

– Mumkinmi darsingizga kirib o‘tirsam? – dedi.

– Mayli, – dedim-da, uni xonaga taklif etib, so‘ngra darsni davom ettirdim. Onaxon darsni diqqat bilan kuzatardi. Shohruhning ham boshqa sinfdoshlari kabi biyron-biyron javoblari, doskaga husnixat bilan yozishi uni hayajonga solayotganini sezib turdim. Dars yakunida Shohruhning onasiga so‘z berdim. U o‘quvchilarga qarab: «Bolalar, darsingizni kuzatib o‘tirib sizlarga juda havas qildim. To‘g‘risini aytsam, sizning o‘rningizda bo‘lib qolgim keldi. A’lo baholarga o‘qinglar, bolalarim. Yaxshi o‘qisangiz, ustozingiz kabi biror kasbning puxta bilimdoni bo‘lasizlar. Men o‘zim o‘qimaganim uchun ham o‘g‘limning katta o‘qishlarda o‘qib, katta ishlarda ishlashini orzu qilaman», dedi. Bu so‘zlar meni ham to‘lqinlantirib yubordi. Shohruh kabi o‘quvchilarga yaxshi bilim berishim bu kabi onalarni niyatlariga yetkazishga sabab bo‘lishini, ustozlik mas’uliyatini yana bir bor ich-ichimdan his qildim.

 
Malohat MIRZABOYEVA,
Namangan viloyati, Mingbuloq tumanidagi 9-umumta’lim
maktabining oliy toifali ona tili va adabiyot fani o‘qituvchisi