Dolzarb mavzular va ularga sharhlar

Sulton Ulug‘bek navbatdagi safaridan Samarqandga qaytayotib, ko‘cha o‘rtasida yotgan bir burda nonni ko‘rib qolibdi. Shoshib otdan tushib, nonni qo‘liga olibdi-da, uni o‘pib, peshonasiga suribdi. Buni ko‘rgan mulozimlardan biri:

– Hazrat, o‘zingiz otdan tushmasdan bizga aytsangiz bo‘lmasmidi? Sultonlik sha’niga... – debdi. Shunda Ulug‘bek: – Nonga mening nazarim tushdi, binobarin, nonni yerdan men olishim kerak. Boshqa kimsaga aytsam, nonga nisbatan hurmatsizlik qilgan bo‘lardim, – deb javob bergan ekan. Poytaxtimizning Shayxontohur tumanidagi 324-umumta’lim maktabining 2-«M» sinfida «Non – aziz» mavzusidagi ochiq dars ana shunday sahna ko‘rinishi bilan boshlandi. Darhaqiqat, nonning nomi ulug‘, nomidan ham o‘zi ulug‘. O‘zbek xalqining zamonlar sinovidan o‘tgan milliy odat va an’analaridan biri – yerga tushgan nonning ushog‘ini ko‘rsa, uni olib ko‘ziga surtadi. Chunki bu nonga bo‘lgan buyuk muhabbat va e’tiqodimiz ramzidir. Mashg‘ulotda non eng aziz ne’mat ekanligi, ota-bobolarimiz uni ko‘z nuri, dil sururi deya ardoqlagani, biz ulardan ibrat olishimiz kerakligi bolalarning o‘zi ishtirokidagi turli topshiriqlar yordamida qiziqarli tarzda tushuntirib berildi. Ustoz Dilfuza Rasulova o‘quvchilariga bir-biridan qiziqarli, jumboqli topshiriqlarni berib, ularni jamoaviy izlanishga yo‘naltirdi. «Non» mavzusiga doir krossvordni yechish, «Nuqtalar o‘rniga tushirib qoldirilgan so‘zlarni qo‘ying», «Topishmoqlar guldastasi», «Non – aziz» nomli sahna ko‘rinishlarida har bir o‘quvchi faol ishtirok etdi.

Nodira NAZAROVA