Dolzarb mavzular va ularga sharhlar

Dekabr – boshlang‘ich sinflar fani oyligi. Shu munosabat bilan Yunusobod tumanidagi 274-umumta’lim maktabida «Ochiq eshiklar kuni» o‘tkazildi. Unda Dilfuza Oripova, Aziza Jamolova, Dilobar Xo‘jayeva kabi ustozlarning ochiq darslari kuzatildi. Ayniqsa, Nozima Usmonovaning 2-«D» sinfda o‘qish fanidan o‘tkazgan darsi interfaol usullarga boyligi, noan’anaviyligi bilan barchada katta qiziqish uyg‘otdi. Darsni o‘qituvchi bilan hamkorlikda «Gulxan» jurnali Bosh muharriri Zahro Hasanova olib bordi. Yangi mavzu – «Tog‘ malikasi» hikoyasining muallif Zahro Hasanova o‘quvchilarni dars davomida baholab bordi, matn yuzasidan berilgan savollarga atroflicha javob berdi. Uch guruh – «Yaxmalak», «Sumalak», «Qorbobo» guruhi a’zolari shoiraning «Yostiqcham», «Qorbobo», «Mustaqillik archasi» kabi she’rlarini ifodali aytib berishdi. – Bugungi darsda o‘qituvchi bo‘lganimdan, o‘quvchilarning burro javoblaridan rosa yayradim, – deydi Zahro Hasanova. – She’riyatga oshno, bilimga tashna bolajonlarning mavzuni to‘la ochib berolganlaridan mamnun bo‘ldim. Dars so‘nggida muallif o‘zining «Ko‘zmunchog‘im» kitobini g‘olib guruh a’zolariga taqdim etdi.

Mahmuda VALIYEVA