Dolzarb mavzular va ularga sharhlar

Maktabda «Eng to‘polonchi sinf» deb nom chiqargan guruhimizga
rahbar bo‘lmagan o‘qituvchi deyarli qolmagandi. Matematika
o‘qituvchisi Tojivoy aka bizgacha ko‘p shogirdlar chiqargan, har yili
ularning o‘quvchilari eng a’lochi sinflar safda bo‘lardi. Bir kuni «Endi
matematika fanidan bizga Tojivoy ustoz kiradigan bo‘libdilar», degan
xabarni eshitdik. Hammamiz darsga puxta tayyorgarlik ko‘rdik. Chunki
ustozning jahlidan hamma qo‘rqardi. Xullas, qo‘ng‘iroq chalinib, eshik
oldida ustoz ko‘rindi. Biz bilan salomlashgach, «O‘zi 9-sinfga rahbarlik
qilaman, lekin direktorimiz sizlarni ham menga biriktirib qo‘ydi.
Endi gap bunday: hamma darsga yuz foiz qatnaydi, dars qoldirgan,
o‘zlashtirmagan, formada kelmagan o‘quvchi bo‘lmasligi kerak», dedi.

Tenglama-yu teoremalar... bu amallarni yechishda deyarli hammamiz «oqsardik». Ammo Tojivoy ustoz matematikadan dars bera boshlagach, bu amallarni tez va oson yechadigan bo‘ldik. Oradan bir necha hafta o‘tgach, sinfmiz yaxshi tomonga o‘zgara boshladi. Bir kuni ustoz darsdan so‘ng sinf majlisi bo‘lishini aytdi. Mashg‘ulot tugagach, barcha sinfga yig‘ildi. Birgina Baxtiyor ikkinchi soatdan ketib qolgandi. Sinf sardori Anvar Baxtiyorning sababsiz ketib qolganini aytganida, ustoz: «Mendan ruxsat olib ketdi, uning onasi og‘ir betob ekan, shu paytgacha bilmasmidingiz?» dedi. Shuncha yil bir sinfda o‘qisak-da, uning nega ko‘p dars qoldirishi bilan umuman qiziqmaganimiz uchun tanbeh eshitdik. – Anvar, bugundan boshlab senga Sherali yordamchi bo‘ladi, – dedi ustoz. Hammamiz alangjalang bo‘lib yon-atrofga qaradik. Axir bizning sinfda Sherali ismli o‘quvchi yo‘q-ku... – Sherali degan o‘quvchini qidiryapsizlarmi? Bu mana, birinchi partada o‘tiribdi. 7-sinfgacha hammamiz Sho‘rali deb chaqiradigan bolaning ismi asli Sherali ekanligini o‘shanda bilgandik. – Sizlar «jinni» deb laqab qo‘yib olgan bu bola, aslida kechagi nazorat ishidan «besh» baho oldi... Uning xotirasi juda kuchli. Bir sinfda shuncha yil o‘qib, bir-birlaringga bee’tibor bo‘lganingizdan juda xafaman. Loqayd, beparvo bo‘lmanglar, har biringiz o‘rtog‘ingiz uchun javobgar bo‘linglar, mas’uliyatni his qilinglar... Ahil bo‘linglar! Ana shunda maktabdagi eng yaxshi sinfga aylanasizlar. O‘sha paytlarda maktabdagi eng faol sinf uchun ko‘chma bayroq berilardi. Bu bayroqni qo‘lga kiritish uchun har bir o‘quvchi jon-jahdi bilan tirishar, «Eng yaxshi sinf» bo‘lish uchun harakat qilardi. Bu haqda esa biz o‘ylab ham ko‘rmagan ekanmiz. – Yana bir gap: ertaga maktabga matematikadan tekshiruvchi keladi. Shu bois, uyga vazifani yaxshilab o‘zlashtirib kelinglar... Tekshiruvchining oldida uyalib qolmaslik uchun hammamiz tenglamalarni oldindan bo‘lishib oldik. Ertasi kuni uchinchi soatda tekshiruvchi darsga kirdi. Hammamiz darsga tayyor edik. Birdan ustozimiz barchamizni hayron qoldirib, Sheralini doskaga chiqardi. – Qani, shu paytgacha o‘tgan mavzularimizni birma-bir sanab ber-chi... Damimiz ichimizga tushib ketdi. Chunki u bizni uyaltirib qo‘yishi mumkin edi. Shu payt hammamizni hayratga solib, u deyarli yarim chorakda o‘tgan mavzularimizni birma-bir sanay ketdi. Xullas, o‘sha yili o‘quv yilining oxirigacha ko‘chma bayroq bizniki bo‘ldi. Sinfmiz hamma havas qiladigan eng namunali, eng a’lochi sinfga aylandi. Maktabda o‘tkaziladigan sport musobaqasi-yu olimpiadalarda faxrli o‘rinlarni oldik. Bunda Tojivoy ustozning mehnatlari beqiyos edi. Maktabni bitirgach, hammamiz har yoqqa tarqab ketdik. O‘n yillik bitiruv kechasiga yig‘ilganimizda, Tojivoy ustozning og‘ir betobligini eshitib, darhol uylariga otlandik. Bizni ko‘rgan ustoz o‘rinlaridan biroz qo‘zg‘aldi: – Sizlardan juda xursandman. Nafaqaga chiqqan bo‘lsam ham, «sizning o‘quvchilaringiz»... deb ko‘p maqtashadi. Ayniqsa, televizorda ko‘rib, juda faxrlandim, – dedi ustoz meni ko‘rsatib. – Mana, ko‘rdinglarmi, ahillikda gap ko‘p... – Hammamiz sizdan minnatdormiz, – dedi Anvar ustozga. – Sizning saboqlaringiz mana shuncha yil o‘tib ham asqotyapti...

Ozoda TURSUNBOYEVA