Dolzarb mavzular va ularga sharhlar

Aziz bolajonlar! Yozgi ta’til nihoyalab borgani sari ustozlaringiz-u qadrdon bilim maskaningizni juda-juda sog‘inganingizni his etib turibmiz. Bilsangiz, men ham maktabdagi mehribon ustozlarimni hali-hamon sog‘inib eslayman. Ularning qimmatli pandnasihatlarini shirin xotiralar bilan yodga olaman.

Jumladan, birinchi ustozim Ziyoda opa menga harf tanitish, qo‘limga qalam tutqazib, «Ona», «Vatan» deya yozishni o‘rgatish bilan birga, katta hayotiy saboq berganlar. Ertaklarda aytilganiday, bu men uchun ming tilloga teng xazinadir. Bu xazinamdagi dur-u javohirlardan biri esa kitoblarda o‘qiganingiz halollikni anglatguvchi bir rivoyat. Uni o‘qituvchim shunchalik mehr bilan qalbimizga joylab qo‘ygan ekanlarki, katta bo‘lganimizdan keyin ham hech bir sinfdosh do‘stim hayotda noto‘g‘ri yo‘ldan bormadi.
O‘sha rivoyatdagi ustoz shogirdlariga tovuqni hech kim ko‘rmaydigan joyda so‘yib kelishni buyurganida, ulardan biri «Dunyoda bunday joyning o‘zi yo‘q, barcha ishlarimizni Yaratgan zot ko‘rib, vijdonimiz esa nazorat qilib turar ekan», degan edi. Men ana shu rivoyatni eshitganimdan buyon hayotda doimo to‘g‘ri yashashga, vijdonan mehnat qilishga intilib kelaman.
Yuqori sinfda esa ona tili va adabiyot fani o‘qituvchimiz Raisa opa Obidovna bizga qiz bolaning fe’l-atvori, yurish-turishi haqida ko‘pgina nasihatlar qilganlari yodimda. 9-sinfligimda o‘zimdan kattaroq qizlarga havas qilib, maktabga uzun zirak taqib borgandim. Shunda ustozim: «Iye, sinfning a’lochi, namunali qizlari shunday zirak taqadimi? Yo to‘y-bazmga keldingizmi, Jo‘rayeva?!» deb yumshoqqina tanbeh bergandilar. O‘shanda qilgan nomaqbul ishimdan qattiq uyalib, yuzimga husn emas, aksincha, nomimga ortiqcha so‘z qo‘shgan o‘sha zirakni maktabimizga boshqa taqib kelmadim. Maktabni bitirgach, tibbiyot kollejiga o‘qishga kirdim. O‘zimni qandaydir ulg‘aygandek sezdimmi yoki boshqa qizlardan o‘rnak olibmi, bir gal labimga bo‘yoq surib, ta’lim maskaniga kelganimda, ustozim Hosiyat opa menga tanbeh berdilar. Ularning nasihatlariga quloq tutib, bilim maskanini QIZIL LAB BO‘YOG‘I bilan emas, aksincha, QIZIL DIPLOM bilan yakunladim.
Oliygohdagi ustozlarim esa menga yanada intiluvchan, mehnatsevar bo‘lishni o‘rgatdi. Jumladan, «Demokratik jamiyat qurish nazariyasi» darsidan saboq bergan Dilfuza opa Hamidullayeva daftarimning bir chekkasiga «Buyuklikka intilib yashang», deb yozib qo‘ygandi. Ustozning bu so‘zlari hali-hamon qulog‘im ostida jaranglaydi. Chunki barcha ustozlarimning ishonchlarini oqlashim, ular orzulagan inson bo‘lishim kerak-da.
Bo‘lmasa, ular menga bergan xazinani shunchaki ko‘kka sovurib yuborgan bo‘laman! Men esa olgan barcha bilimlarimni sizlarga, farzandlarimga ulashishni istayman!


Sayyora QODIROVA