OYNA ARTGAN PROFeSSOR

Doktor Muhammad Xoniy aytadi: «Kunlarning birida mashinamda o‘tirgandim. O‘n olti yoshlardagi bola kelib, «Old oynani artib tozalab beraymi?» deb so‘radi. 

«Xo‘p», dedim. 

Ajoyib qilib tozaladi. Unga 20 dollar berdim. Bola hayron bo‘lib, «Ame­rikadan keldingizmi?» deb so‘radi. 

«Ha», dedim. 

«Tozalash haqini olmay, o‘shaning evaziga sizdan Amerika universitetlari haqida so‘rasam, maylimi?» dedi bola. 

U shu darajada odobli ediki, gaplashish uchun yonimga chaqirishga maj­bur bo‘ldim. 

«Yoshing nechada?» deb so‘rasam, «O‘n oltida», dedi. 

«O‘rta maktabning ikkinchi sinfida o‘qiysanmi?» desam, «Yo‘q, e’dodiyaning oltinchi sinfini tamomladim», deb javob berdi bola. 

«Qanday qilib?» deb so‘radim.

(Arab mamlakatlarida maktablar o‘quvchilar yoshiga, o‘qitiladigan fanlarning murakkabligiga qarab turlicha bo‘ladi. Mutavassita deb nomlangan o‘rta maktablarda kichik yoshdagi bolalarga yengil fanlar o‘qitilsa, e’dodiya maktabida yoshi kattaroq bolalar o‘qitiladi. Hikoyadagi bola mutavassita maktabida o‘qish yoshida ekan. Ammo e’dodiyada o‘qiyapti).

«Darslarni o‘zlashtirishda boshqa o‘quvchilardan ustunligim va barcha fanlardan baholarim besh bo‘lgani uchun ular meni bir necha yil oldinga o‘tkazishdi», dedi. 

«Nega bu yerda ishlayapsan?» 

«Otam ikki yoshligimda vafot etganlar. Onam bir uyda pazandalik qiladilar, men va singlim ko‘chada ishlaymiz. Eshitishimcha, Amerika universitetlarida darslarni puxta o‘zlashtirgan, a’lochi talabalarga stipendiya berilar ekan», dedi. 

«Bu yerda senga yordam beradigan kishi bormi?» deb so‘radim. 

«O‘zimdan boshqa hech kim!» dedi. 

«Kel, ovqatlangani boramiz...», dedim. 

«Orqa oynani artib berish sharti bilan», dedi.
Rozi bo‘ldim. 

Oshxonada taomni o‘zi yemadi, balki onasi va singlisiga olib borish uchun xaltaga solib kelishlarini so‘radi. 

Ingliz tilida ravon gaplashishini sezdim. Bola ko‘p ishlarni mahorat bilan bajarardi. 

O‘zining hujjatlarini uyi­dan menga yuborishga, men ularni Amerikaga jo‘natishga urinib ko‘rishga kelishdik. Olti oy o‘tgach, uni o‘qishga qabul qilishlariga erishdik. O‘qishga qabul qilinganidan ikki kun o‘tib menga qo‘ng‘iroq qildi va «Allohga qasamki, biz uyda quvonchdan yig‘layapmiz...», dedi. 

Ikki yildan so‘ng, ­uning ismi «Nyu-York Tayms» gazetasida zamonaviy texnologiyalar sohasidagi eng yosh olim sifatida nashr etildi. Men va oilam bundan xursand bo‘ldik. Ayolim menga bildirmay, bolaning onasi va singlisi uchun viza olibdi. 

Bola onasi va singlisini Amerikada ko‘rib, na gapira olardi, na yig‘lay olardi... 

Bir kuni uyda men va ayolim o‘tirgandik. Qarasak, u tashqarida mashinamni yuvyapti. Kutilmagan holdan hayratda qolib, uni quchoqlab oldim va «Nima qilyapsan?» dedim. Shunda u: «Meni qo‘yib yuboring. O‘zimning oldin qanday ahvolda bo‘lganimni va siz men uchun nimalar qilganingizni unutmaslik uchun», dedi. 

Falastinlik bu yigitning ismi Farid Abdul Oliy bo‘lib, bugun u AQSHdagi Garvard universitetining eng afzal va mashhur professor o‘qituvchilaridan biri. 

Insondagi yuksak xulq­lardan biri, qilgan yaxshiligini minnat qilmaslik va birovdan ko‘rgan yaxshiligini unutmaslikdir.

Nozimjon HOSHIMJON tayyorladi

«Peshonasiga televizor yopishgan bola»

Yozgi ta’til kunlarimni badiiy kitoblar mutolaasi bilan mazmunli o‘tkazyapman. Ayniqsa, O‘zbekiston xalq yozuvchisi Xudoyberdi To‘xtaboyevning bir necha jajji qissalardan iborat «Peshonasiga televizor yopishgan bola sarguzashtlari» nomli kitobi menga juda yoqdi.

Kitob qahramoni juda ko‘p televizor ko‘rgani sababli peshonasiga televizor yopishib qoladi va «Telebola» laqabini oladi. Kattalarning gapiga quloq solmagani, televizor qarshisidan jilmagani uchun shu tariqa jazolangan bolakay qishloq­da sharmanda bo‘ladi. Asardan shunday xulosa chiqardimki, biz bo‘sh vaqtimizni televizor ko‘rish bilan emas, balki kitob o‘qish, bilim olish bilan o‘tkazishimiz kerak ekan. Zero, «Vaqting ketdi – naqding ketdi» naqli bejizga aytilmagan. Tengdoshlarimga ham ta’til vaqtida ushbu kitobni, albatta, o‘qib chiqishlarini tavsiya qilaman. 

Humora Hamzayeva,
Jizzax viloyati, G‘allaorol tumanidagi 59-umumta’lim maktabi o‘quvchisi

Bola quvonchi – bebaho boylik

«Ona yosh edi. Ona navjuvon edi. Bola – g‘o‘r edi, bola go‘dak edi… Kunlarning birida ona-bola qishloq­qa – uzoq qarindoshlarinikiga boradigan bo‘lishdi. Ona qaddini g‘oz tutib, tez-tez yurib borar, bola esa alang-jalang qilib, atrofdagi manzaralarni tomosha qilar edi. Qishloq guzarida yarmini yashil uchirib ketgan bahaybat chinor bor ekan. Bola mo‘jiza ko‘rganday taqqa to‘xtab qoldi. – Anavi nima, oyi, – dedi o‘sha tomondan ko‘z uzmay.
– Laylak, o‘g‘lim, laylak! – ona o‘g‘lining boshini silab qo‘ydi. – Yura qol, jonim. 
Bola hech qachon bunaqa qushni ko‘rmagan edi. Qush negadir bir oyoqlab turardi. U yana to‘xtab qoldi. 
– Nima u, oyi? – dedi tag‘in chinor uchiga ko‘z tikib. 
–  Laylak, o‘g‘lim, laylak.
– Nimaga bir oyoqda turibdi?
Ona kuldi:
– Bir oyog‘i charchagandir-da. Yuraqol, jonim. 
Oyog‘i uzun qush negadir bo‘ynini cho‘zib, tumshug‘ini osmonga qaratib silkitar, shunda «tarak-tarak» degan ovoz eshitilardi.
Bola tag‘in to‘xtab qoldi. 
– Nima o‘zi u, oyi?
Uning ko‘zlarida quvonch bor edi. Hayrat bor edi. Ona shoshib turardi. Mingta yumushi bor. Hali shaharga qaytishi kerak.
– Laylak dedim-ku, jinnivoy,– deb ohista egilib, o‘g‘lining yuzidan o‘pdi. – Senga salom beryapti-da.
Oradan 30 yil o‘tdi. Guzardagi yarmini yashin uchirib ketgan chinor hali ham bor ekan. Buni qarangki, chinorning tarvaqaylab o‘sgan shoxida hamon supradek kattakon uya qorayib ko‘rinar, uyada esa oyog‘i, tumshug‘i uzun laylak turardi. Yigit laylakka bir qarab qo‘ydi-yu, qadamini tezlatdi. 
Orqada kelayotgan ona nursizlanib qolgan ko‘zlarini chinorga, chinor shoxida qorayib turgan uyaga tikdi. Shoxda osilib turgan narsa ko‘ziga g‘alati ko‘rindi. 
– Anavi nima, o‘g‘lim? – dedi to‘xtab. 
– Laylak, oyi, laylak!
Ona yaxshi eshitmadi. Uch-to‘rt qadam yurib, yana to‘xtab qoldi. Savatdek narsa ichida bir nima oqarib ko‘rinyapti. Tavba...
– Nima, o‘g‘lim? – dedi ko‘zlarini pirpiratib.
O‘g‘il taqqa to‘xtadi. G‘ashi keldi. O‘zi shoshib turibdi: mingta ishi bor! Odam qarigandan keyin ezma bo‘lib qolarkan-da!
– Laylak! – dedi jerkib. – Laylak deyapman-ku, karmisiz! 
Shunday dedi-yu, jahl bilan tez-tez yurib ketdi»...
Zukko o‘quvchim! Menimcha, bu satrlar kimning kitobidan olinganini darrov sezgan bo‘lsangiz kerak. Ha, bu elimizning sevimli yozuvchisi O‘tkir Hoshimovning «Daftar hoshiyasidagi bitiklar» kitobidan olingan. Yillar o‘tadi, zamon o‘zgaradi. Bu kitob esa o‘z dolzarbligini yo‘qotmaydi. 
Bundan salkam o‘n yillarcha oldin katta bir anjumanda bu kitob haqida gap ketib, uni yaqin yillar ichida o‘n martadan ko‘p qayta nashr qilingani aytilgandi. Haqiqatan ham undagi kichik-kichik voqealardan olam-olam taassurot oladi, kishi. Adib asarlarini o‘qir ekansiz, uning qahramonlari yaqin odamingizga aylanib qolganini sezmay qolasiz. 
Ijodkorlardan biri yozuvchimizning «Dunyoning ishlari» kitobi haqida to‘lqinlanib, «Onaga qo‘yilgan dunyodagi eng go‘zal va mukammal haykal», deya e’tirof etgandi. Yana biri esa, «O‘tkir akaning asarlari nonga o‘xshaydi, hech qachon ko‘ngilga tegmaydi», degandi. Bu fikrlarga aksariyat kitobxonlar qo‘shilishi, shubhasiz. 
Bugun ustoz adibimizning asarlari haqida gapirmoqchi emasmiz. Bu haqda adabiyotshunos­lar ko‘p va xo‘p aytishgan va yana aytishadi. Biz u kishining insoniylik fazilatlarini eslagimiz keldi. U kishi do‘stlikni nihoyatda qadrlardi. Do‘stlari uchun o‘z manfaatlaridan voz kechganini ko‘p bor guvohi bo‘l­ganman. Yozuvchimiz chin ma’noda vatanparvar edi. Yurtimizning har bir go‘shasini sevar va o‘zi yashab turgan joyi kabi qadrlardi. Makonimiz haqidagi har qanday nojo‘ya gaplarga shu zahoti javob berishga harakat qilardi. «Do‘stlik hurmatdan boshlanadi» nomli dolzarb mavzudagi publitsistik maqolasini o‘qigan o‘quvchi yuqorida aytilgan gaplarning haqiqatligiga o‘zi ham guvoh bo‘ladi. 
O‘tkir Hoshimov bilan ishlash baxtiga musharraf bo‘lgan kezlarim hayotimning eng munir lahzalari deb o‘ylayman. U kishining qalamiga mansub asarlarning ayrimlarining tarixini bilaman. Adib o‘zi ko‘rgan, chuqur o‘rgangan narsalari haqida yozishini ko‘p bor guvohi bo‘lganman. «O‘zbek ishi», «Tushda kechgan umr» asarlari dunyoga kelishi chog‘lari u kishining iztiroblari adoqsiz edi. Shu bois bo‘lsa kerak, har ikki kitob ham o‘quvchini larzaga soladi. 
Ustoz bilan adabiy uchrashuvlarda ko‘p bo‘l­ganman. O‘quv maskanlari, tashkilotlarda adabiy kechalar juda qizg‘in o‘tardi. Tadbirlardan olgan yaxshi kayfiyat u kishiga quvvat berardi, go‘yo. Ammo bolalar uylaridagi uchrashuvlarda adib nihoyatda ta’sirlanib ketar, uch-to‘rt kungacha o‘ziga kelolmasdi. Bir gal yurak yutib, shunday joylarga bormang, sizga yomon ta’sir qilyapti-ku, deganimda, ustoz o‘ylanib qoldi. Keyin chuqur uf tortdi: «Bolalarning bir martalik quvonchini men hech narsaga alishmayman», dedi ishonch bilan. 
Ustoz hayot bo‘lganlarida, shu kunlarda 80 yoshni qarshilagan bo‘lardilar. Bugun u kishini yodga olib, ajoyib fazilatlaridan bir qatimginasini esladik, xolos. Adib asarlarini chin ixlos bilan o‘qib chiqishni siz yosh do‘stlarimga ham maslahat bergan bo‘lardim. Zero, kitobxonlik davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan ayni chog‘da bunday adiblarimiz asarlari ma’naviy olamingiz boyishida asosiy poydevor bo‘lishi, shubhasiz. 
Yusuf ABDULLAYEV

O‘tkir HOSHIMOV,
O‘zbekiston xalq yozuvchisi

ChIROQ KO‘TARGAN ODAM
Haqgo‘y – qorong‘ida chiroq ko‘tarib borayotgan odamga o‘xshaydi. Uning chirog‘i olamni munavvar qilmasligi mumkin. Bi­roq dillarga dalda beradi, umid uyg‘otadi... Haqgo‘y olis-yaqindan ko‘rinib turishi – shundan.
Afsuski, chiroq ko‘targan odam ko‘p qoqiladi...

BARDOSh
Keksalarni uzoq umr ko‘rgani uchungina emas, hayot sinovlariga uzoq bardosh bergani uchun ham hurmat qilmoq kerak!

DO‘ST
Do‘st degani daraxt yaprog‘iga o‘xshaydi. Bahor chog‘i – behisob. Kuz kelganda – sanoqli. Yoshlik chog‘i – behisob. Keksayganda – sanoqli...

QARZ
Bolam bemehr chiqdi, deb ko‘p ham o‘kinmang. Balki sizga ado­latsizlik bo‘lib tuyulayotgan narsaning o‘zi ado­latdir... Siz ota-onangizdan olgan mehrni bolangizga berasiz. Bolangiz – o‘zining bolasiga...
Hayot zanjiri uzilmasligi kerak-ku...

XAZINA
Aql – shunday xazinaki, qancha ko‘p ishlatsangiz, shuncha to‘lishib bora­veradi.

XOTIRA
Yaxshilikni eslab, yomonliklarni unutadiganlardan ko‘ra, yaxshilikni unutib, yomonlikni eslab yuradiganlar, afsuski, ko‘proq.

«Daftar hoshiyasidagi bitiklar» kitobidan olindi

BIRINCHI YAXSHILIK (Hikoya)

(Davomi. Boshi o‘tgan sonda)

Bularning hammasi bola yuragidagi vahimani yanada kuchaytirdi. Hoynahoy, Dev Kenjabotirni sezib qolib, talvasa qilayapti, aks holda, bunday to‘s-to‘polon, shamol-u shovqin bo‘lmasdi... Shu payt birdan hovli darvozasini kimdir qattiq tepa boshladi. – Eshikni och, Xosiyat! Och deyapman, senga! – bo‘g‘iq, qo‘rqinchli tovush eshitildi. Bolaning onasi «Hozir», deya darvoza tomonga yugurib ketdi. Bolaning ko‘zlari katta-katta bo‘lib, derazadan darvoza tomonga qaray boshladi. Darvoza zulfini shaqirladi. So‘ng onasining «Voy, o‘lmasam!» degan tovushi eshitildi. Bola qo‘rquvdan qaltiray boshladi, haqiqatdan Dev ularning hovlisiga kelganga o‘xshaydi. Ammo supada yaralangandek gandiraklab yurayotgan otasi va uni sudrab kelayotgan onasi ko‘rindi. Bolaning yuragi qo‘rquvdan titrab ketdi, otasini Dev quvlab kelganga o‘xshaydi! Endi nima qilishadi?! Otasi bilan onasi uyga kiradigan eshik tomon o‘tib, derazadan pana bo‘lishdi. Bir necha daqiqa tashqaridan ikkalasining g‘idir-bidiri eshitilib turdi. Otasi negadir ingragandek, pishillab ovoz chiqarib qo‘yardi. Balki u Dev bilan olishib, yarador bo‘lgandir... Bola hozir nimadir bo‘lishini sabrsizlik bilan kutib, qotib turardi. Bir payt onasi yolg‘iz o‘zi uyga kirib keldi. Bola onasiga jovdirab tikildi,u esa buvisiga bobillay ketdi. – Mana, sizning o‘g‘lingiz, erkalatganingiz. Yana ichib kelibdilar, – u hiqillab yig‘lab yubordi. – Shu zormandani ichmasalar o‘lib qoladilarmi? Bolaning xo‘rligi kelib, yig‘lab yubordi. Buvisi eshitilar-eshitilmas nolinqirab qo‘ydi: – E, umring uzoq bo‘lgur, qayoqdanam chiqardi bu qiliqni?! Bola ertak eshitishdan umidini uzdi, ko‘zida yosh bilan buvisining yoniga emaklab borib, sandal ko‘rpasiga o‘ranib, yotib oldi. Onasi birov eshitmaydigan ovozda pichirlab, g‘udranib, erini urishardi, hayotidan nolirdi. Ishdan ham qo‘li sovidi chog‘i, hafsalasi pir bo‘lib, ko‘rpaning chetiga ignani qadadi-da, yig‘ishtirib sandiq yoniga qo‘ydi. Keyin har kecha o‘zi uxlaydigan xonaga – erining yoniga ketdi. Buvisi ham ta’bi xira bo‘lib, qo‘lidagi ermagini sandal ustiga tashlab, yonboshladi. Uyda qorachiroq xiragina yonib turardi. Bolaning esa uyqusi kelmasdi... Dev bo‘kirib har tomondan Kenjabotirni izlardi! Topib olsa, uni yeb qo‘yishi turgan gap edi. Qanday bo‘lmasin yordam berish kerak yigitga!.. Tashqarida esa shamol quturgandan-quturar, daraxtlarning shoxlarini bir-biriga qarsillatib urardi. Bo‘ynoq Qizil devning hovliga kirib kelganini sezib, zanjirini shaqirlatib sakrar, vovillardi... Bola bir necha muddat shu tarzda ko‘zlarini yummay tashqarida bo‘layotgan hodisalarga quloq solib yotdi. So‘ng kutilmaganda, birdan o‘rnidan turib «hujum»ga o‘tdi. U sandal ustidagi kitobni qo‘liga oldi. Kitob yuzidagi Qizil dev uzun tirnoqli panjalari bilan hamla qilib, katta ko‘zini olaytirib, irillab turardi. Bola butun kuchini bir yerga to‘plab, ko‘rsatkich barmog‘i uchini tupugi bilan ho‘lladi, pastki labini tishladi-da, Qizil devning ko‘zini tirnoqchasi bilan qitirlatib o‘ya boshladi. Tashqarida esa Dev o‘lim talvasasida o‘kira boshladi, u go‘yo azob bilan jon taslim qilardi. Ko‘p o‘tmay, bola Devning ko‘zini butunlay o‘yib tashladi va kulimsirab yostiqqa ohista boshini qo‘ydi. – Endi dev ko‘r bo‘ldi, – deya o‘yladi u sevinib, – qanday qilib Kenjabotirni topa oladi? Bola sevina-sevina, onasini otga mindirib, uyga olib qaytayotgan Kenjabotir haqida anchagacha xayol surib yotdi. Ertakning davomini o‘zi to‘qidi, so‘ng uxlab qoldi. Tashqarida esa shamol hamon quturar, kurrai-zaminga, tunga tinchlik bermasdi...

(Tamom)

KITOBGA BIR QARASAM....

O‘lim to‘shagida yotgan Abu Bakr al ­Xorazmiydan: – Ko‘ngling nimani xohlaydi, ishtahang nimani tusamoqda? – deb so‘raganlarida: – Kitobning yuziga bir qarasam! – deb javob bergan ekan.

Demak, kitobga bo‘lgan mehr inson hayotining so‘nggi lahzalarigacha uning qalbini tark etmas ekan. Bir umr qalblarimizni nurlantirib, atrofdagilarga ham ziyo ulashib turaverar ekan. Zero, «Bir do‘stki, hech kimga bermagay azob, Uzoq sinab ko‘rdim, bilsang u kitob», «Kitob yolg‘izlikdagi eng munis hamdamdir» kabi hikmatlar dono xalqimiz tomonidan bejizga aytilmagan. Yozgi ta’til davomida men fransuz adibi Jyul Gabriel Vernning «Sirli orol», «15 yoshli kapitan», «Kapitan Grant bolalari» asarlarini sevib o‘qib chiqdim. U 65 dan ziyod ilmiy­fantastik, sarguzasht roman, qissa va hikoyalar muallifi ekan. YUNESKO ma’lumotlariga qaraganda, Jyul Vern asarlari tarjima qilinishi jihatidan Agata Kristidan keyin ikkinchi o‘rinda turarkan. Oyning orqa tomonidagi bir krater Vern nomi bilan ham atalarkan. Yozuvchining «Kapitan Grant bolalari» asarida samimiyat, mardlik, oqko‘ngillik, vatanparvarlik, mehr­oqibat, yaxshilik, umid va ishonch kabi oliy insoniy fazilatlar ulug‘langan. Zero, bunday fazilatlar kamdan kam insonlarda uchraydi. Asarni o‘qib, inson o‘z oldiga ulkan maqsadlar qo‘yishi, uni amalga oshishi uchun qiyinchiliklardan cho‘chimasligi kerak ekan, degan xulosaga keldim. Shuningdek, umid va ishonch, ezgu istak, intilish ko‘zlagan maqsadimizga yetishishimizda qo‘l kelishiga ishondim. Menimcha, har bir asarni qo‘lga olishdan avval yozuvchining hayoti, bolalikdagi orzulari bilan tanishib chiqish ham foydali, ham qiziqarli deb o‘ylayman. Insonni ma’naviyat, ma’rifatga yetaklashda kitob mutolaasining ahamiyati katta. Shunday ekan, kitob o‘qish doimiy ehtiyojimizga aylanishini istardim.

Mo‘mina JALOLIDDINOVA,
poytaxtimizning Olmazor tumanidagi
249-umumta’lim maktabining
7-sinf o‘quvchisi

 

 

OLAMGA ULASHGAN NUR

Quyosh borliqni kuzatib, yerga tushish haqida o‘yladi. Har kuni osmonda yurish va botish unga yoqmay qolibdi. Kunlarning birida u tog‘ning ortiga borish o‘rniga, dumalab yerga tushibdi. Bir zumda osmonni zulmat qoplabdi. Yulduzlar ham, Oy ham ko‘rinmabdi. Odamlar uyquga ketibdi. Quyosh bo‘lsa tuni bilan daraxtlarni qo‘llari bilan erkalab, gullarning iforiga mast bo‘libdi. Maysalarning ustida dumalabdi. «Orzumga yetdim, endi bir umr yerda qolaman», debdi o‘ziga-o‘zi. Ertalab soat allamahal bo‘lsa-da, kun yorishmas emish, hamma yoq qorong‘i. Odamlar vahimaga tushibdi. Osmondagi qushlar ham qorong‘idan bir-birlarini ko‘rmay, to‘qnashib ketishibdi. Shu payt qushlarning biri yorug‘likni ko‘rib, u tomon shoshibdi. Qush Quyosh bilan salomlashgach: – Bu yerda nima qilib yuribsiz? – deb so‘rabdi. – Yer menga yoqib qoldi. O‘zim mehr bergan yashil olamni o‘z qo‘llarim bilan e’zozlash orzum edi. Men baxtiyorman, – debdi Quyosh. – Nimalar deyapsiz, sizsiz olam qay ahvolga tushganini ko‘rdingizmi? Quyosh hayron bo‘libdi. Yerdan biroz ko‘tarilib atrofga boqibdi. Atrof qorong‘iligidan hech narsa ko‘rinmabdi: – Nahotki, bu men bilgan Yer sayyorasi bo‘lsa? Insonlar nima qilishyapti? – Ular siz ketganingizdan buyon sarosimada. Sizning o‘rningiz ko‘kda. Tezroq u yerga chiqing. Yer yuziga nur soching, insonlar qalbini iliting. – L e k i n bir umrlik orzum-chi? Hozir ketsam, orzum armonga aylanadi-ku, – debdi Quyosh. – Yer yuzini zimistonga aylantirib baxtli bo‘lolmaysiz, – debdi qushcha chirillab. Quyosh qushning gaplarini eshitib, o‘z mas’uliyatini his qilibdi va yana osmonga ko‘tarilibdi. Go‘zal tabiat manzaralaridan bir o‘zim bahramand bo‘lgandan ko‘ra, bu rohatni barchaga ulashaman, degan to‘xtamga kelibdi.

Sevara MAHMUDOVA, Toshkent shahar, Sergeli tumanidagi 55-­umumta’lim maktabi o‘quvchisi

 

YAXSHI SO‘Z ILONNI INIDAN CHIQARIBDI...

Qadimda Farg‘ona viloyatining tog‘ etagida bir qishloq bo‘lgan ekan. Qishloqning chekkasida kattakon yong‘oq daraxti bor ekan. Bu daraxt shu qadar baquvvat ekanki, qattiq shamol, yomg‘irlarda ham gullari to‘kilmas e k a n . Yomg‘ir suvlarini bir zumda shimib olar, kuz faslida butun qishloq ahlini mo‘l hosili bilan siylarkan. Hatto yong‘oqlarni qo‘shni qishloq bozorlariga ham olib borib sotishar ekan. Kunlardan bir kun qishloq ahli ertalab barvaqt uyg‘onib qarashsa, tovuqlari, o‘rdaklari, g‘ozlari kamayib qolganmish. Bu hol har kuni takrorlanadigan bo‘libdi. Qishloqning bir ovchisi tun bo‘yi uxlamay o‘g‘rini poylabdi, yostig‘ining ostiga bolta qo‘yib yotibdi. Yarim tunda sudralib kelayotgan bahaybat ilonga ko‘zi tushibdi. Ilon tovuqxona tomon sudrala boshlabdi. Bir tovuqni og‘ziga solib, ini tomonga yo‘l olibdi. Shunda ovchi bir qo‘liga jinchiroq, bir qo‘liga bolta olib ilon tomon yuguribdi. Lekin unga yeta olmabdi. Ilon yong‘oq daraxtining kovagiga kirib ketibdi. Ertalab ovchi bor gapni qishloq ahliga aytib beribdi. Odamlar ilonni azoblab, dumini uzib olishibdi. Shu payt Jo‘raboy ismli qishloqning oqsoqoli kelib qolibdi. Bo‘lgan voqeani tinglab, boshini sarak-sarak qilgancha shunday debdi: – Ey qishloq ahli, xalqimizda shunday maqol bor: «Yaxshi gap bilan ilon inidan chiqadi», deb ilon ini tomon borib, – sen bizning qishloq ahlini kechir, ular sening joningga ozor yetkazishibdi, – deyishi bilan ilon sudralgancha inidan chiqib, daryo tomon yo‘l solibdi. Bahodirlar esa qilgan ishidan pushaymon bo‘lishibdi. Bir kuni Jo‘raboy oqsoqol daryo chetida yotgan o‘sha dumi uzilgan ilonga ko‘zi tushibdi. Ilonni ushlab qarasa, hali tanasi issiq ekan. Undan qishloq aholisi nomidan kechirim so‘rabdi. Ilonning shu topda joni uzilibdi... – Daryo toshib, ilonni oqizib ketgan. Agar uning dumi uzilmaganida, biron-bir toshga dumini o‘rab, o‘zini-o‘zi himoya qilgan bo‘lar edi, – debdi oqsoqol qishloqdoshlariga qarata. Qishloq ahli yong‘oq daraxti tagiga ilonni ko‘mishibdi. Keyin ular bundan buyon jonivorlarga ozor bermaslikka so‘z berishibdi.

Azizaxon YO‘LDOSHALIYEVA, Farg‘ona viloyati, Beshariq tumanidagi 2­umumta’lim maktabi o‘quvchisi

 

Ma'noli hikoya

Antropologiya fani olimi Afrikaning ibtidoiy qabilalaridan birida bolalar bilan quyidagicha o‘yin o‘ynadi. Lazzatli mevalar solingan savatchani bir daraxt tagiga qo‘yib, ularga: "Sizlardan kim birinchi bo‘lib, savatchaga yetib kelsa, uning ichidagi mevalarni qo‘lga kiritadi", dedi. 
"Boshladik" ishorasini berganda olim favqulodda qiziq bir holatning guvohi bo‘ldi. Bolakaylar shirin mevalarga yetishgunlaricha bir-birlarining qo‘llaridan mahkam ushlab, barobar daraxt ostiga yetib kelishgandi. 
Har birlari g‘olib bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘la turib, nega bunday qilganlari haqida olim so‘raganda, bolakaylar taajjub bilan: "Qanday qilib boshqalarimizning baxtsizligi evaziga birimiz saodatli bo‘lishimiz mumkin?!" deya javob qilishdi!
Ular o‘zlaridagi qoida: "Biz bo‘lganimiz tufayli men borman!" qoidasiga muvofiq ish tutishgandi. 
Bu ibtidoiy qabila, o‘zini ulardan afzal va mutaraqqiy biluvchi jamiyatlar yo‘qotib qo‘ygan saodat sirriga ega edi.

Ayman Yog‘iy

Sharh qoldirish
  1. Assalomu alaykum, nashr etilgan gazeta sonlarining elektron shakllari ham mavjudmi? Mavjud bo'lsa - qaysi ssilka bo'yicha o'tiladi? Javob uchun oldindan rahmat!